Tashmanov Raxmatullo Kurakboevichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Saqlashga mos olma navlarini agrobiologik xususiyatlari va saqlash texnologiyasini takomillashtirish”, 06.01.11 – Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Qx1156
Ilmiy rahbar: Umidov Shavkat Ergashevich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04
Rasmiy opponentlar: Dodaev Qo‘chqor Odilovich, texnika fanlari doktori, professor; Yusupov Nurali Sheralievich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonning markaziy xududlarida etishtirilgan olmaning mahalliy va introduksiya qilingan navlaridan saqlashga chidamli navlarni tanlash, agrobiologik va texnologik xususiyatlarini o‘rganish, olmani saqlash texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonda olma mevasini omborda boshqariladigan gazli muhitda metilsiklopropen birikmasining 0,08% konsentratsiyali eritmasi bilan ishlov berib, 180 va 220 kun muddatga saqlangan olmalarning tabiiy kamayish darajasi 7,3-9,5% dan 1,5-1,8% gacha pasayishi aniqlangan;
olma navlarini etilish davri kuzgi navlar ichida Red Delishes navida eng uzoq davom etib, o‘rtacha 147 kunni tashkil qilishi shuningdek, Golden Delishes navida eng yuqori hosildorlik ko‘rsatkichi namoyon bo‘lib, o‘rtacha 1 ga maydondan 49,6 tonnagacha hosil olinishi aniqlangan;
tanlab olingan olma navlarining texnologik xususiyati va biokimyoviy tarkibi, mahsulot sifatiga ta’sir qilishi, ya’ni qattiqlik darajasi Pink Ledi navida 7,7 kg/sm2 ni tashkil etgan holda, saqlashdan keyin boshqa navlarga nisbatan eng yuqori tovarboplik ko‘rsatkichlari saqlanib qolishi isbotlangan;
olma mevasini 180 va 220 kun davomida boshqariladigan gazli muhit omborida saqlaganda Golden Delishes, Grinni smit va Pink ledi navlarining tovarboplik xususiyatlari 86 balldan yuqori baholanib, 1-MSP preparati qo‘llanilganda barcha navlar bo‘yicha iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichi 20-25%ga oshganligi aniqlangan;
qishki olma navlari saqlashga joylangandan keyin 1-metilsiklopropen birikmasi bilan ishlov berishda 10 l hajmda suyuq eritma tayyorlanib, sovutish kamerasining 4 joyiga (800 m2 maydonga) joylashtirilganda eng yuqori natija olinishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Saqlashga mos olma navlarini uzoq muddat saqlanishini tashkil etish orqali mevalarning tabiiy kamayishini qisqartirish va saqlangan mevalarning sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
olma mevalarini boshqariladigan gazli muhit omborida saqlashda metilsiklopropen birikmasini qo‘llash ishlanmasi Samarqand viloyati Jomboy tumani “Maroqand meva sabzavot” MChJda 5 gektar, “Isroil bobo dalasi” fermer xo‘jaligida 2 gektar olma bog‘ida etishtirilgan 70 tonna olma mevalarini saqlashda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 21 sentyabrdagi 07/34-06/1079-sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida iqtisodiy samaradorlik 110-205% ni tashkil etgan.
olma mevalarini uzoq muddat saqlash va sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha tajribalar asosida tayyorlangan ishlanma Samarqand viloyati Oqdaryo tumani “Abdurasul Allamurod hosili” fermer xo‘jaligida 10 gektar, “Xayrullo Abdusamat bog‘i” fermer xo‘jaligida 10 gektar maydonda etishtirilgan 60 tonna olma mevasini saqlashda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 21 sentyabrdagi 07/34-06/1079-sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida, iqtisodiy samaradorlik 138-171% ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish