Jumanazarov Xurshid Sirojiddinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbeklarning xalq tabobati bilan bog‘liq an’analari (tarixiy-etnologik tadqiqot)”, 07.00.07–Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: V.2017.2.PhD/Tar152.
Ilmiy rahbar: Ashirov Adhamjon Azimbaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: Tarix instituti, DSc.06.01.2018.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Doniyorov Alisher Xudoyberdievich, tarix fanlari doktori, professor; Qurbonova Manzila Boqievna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: xalq tabobatining zamonaviy jamiyat hayotida tutgan o‘rni va o‘zbeklarning tabobat bilan bog‘liq qarashlarini tarixiy-etnologik materiallar asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xalq tabobati jismoniy va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq empirik bilimlarga asoslangan ijtimoiy institut ekanligi etnografik materiallar yordamida isbotlangan;
tabiblar kasbiy faoliyatiga ko‘ra siniqchi, jarroh, dorigar (attor), ilgir, kahhol tarzida tasniflangan va davolash jarayonida taxtakach, qortiq, nashtar, hovoncha, tibbiy tandir, alembika kabi atributlardan foydalanishi dalillangan;
xalq tabobatidagi mahalliy maktablar (Farg‘ona vodiysi, Zarafshon vohasi va Janubiy O‘zbekiston) geografik o‘rni, xo‘jalik mashg‘uloti (dehqonchilik va chorvachilik), etnoslararo aloqalar kontekstida rivojlangan va tabiblarning ijtimoiy maqomi davolash jarayonida an’anaviy usullar bilan birga zamonaviy tibbiy-texnika jihozlaridan foydalanishga ko‘ra farqlanishi aniqlangan;
xalq tabobati huquqiy asosining yaratilishi kundalik hayotda tibbiy an’analarni qayta tiklanishi, soxta tabiblarning faoliyatiga chek qo‘yilishi va jamiyatda xalq tabobatiga nisbatan ishonchning ortishiga asos bo‘lishi ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbeklarning xalq tabobati an’analari yuzasidan ishlab chiqilgan xulosa va takliflar asosida:
o‘zbek xalqining tabobat an’analari tarixi va ularning mintaqaviy xususiyatlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan etnik omillar, tabiblar tomonidan o‘tkazilgan marosimlarning ko‘rinishlari va hakimlarning kasbiy madaniyatiga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutida 2012–2014 yillarda bajarilgan F1-XT-01-17138 raqamli “O‘zbeklarning zamonaviy qishlog‘i: ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va transformatsiyalarning etnosotsiologik tahlili” nomli amaliy tadqiqot loyihasining “Mindon xalq tabobati” nomli paragrafini tayyorlashda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 18 apreldagi 3/1255-992-son ma’lumotnomasi). Ushbu nashr xalq tabobatining zamonaviy o‘zbeklar hayotida tutgan o‘rni, tabobat an’analarining mahalliy ko‘rinishlarini ilmiy asosda o‘rganish va tabiblarning jamiyatdagi vazifasini tahlil etishda metodologik asos bo‘lib xizmat qilgan;
xalq tabobati an’analarining mistik va empirik turlari, tabiblar faoliyatini huquqiy tartibga solish hamda zamonaviy o‘zbeklarning tabiblarga bo‘lgan munosabati bilan bog‘liq xulosalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutida 2015–2017 yillarda bajarilgan FA-A1-GO25PV-2014-0911000555 raqamli “O‘zbeklar: etnik tarix, madaniyat va an’analar” nomli loyihaning “O‘zbeklarning tabobat an’analari” bo‘limini tayyorlashda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 18 apreldagi 3/1255-992-son ma’lumotnomasi). Tatbiq etilgan natijalar o‘zbek xalqining tabiblar va tabobat an’analariga bo‘lgan munosabati, tabobatning huquqiy maqomi, xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot bilan o‘zaro integratsiyasini etnografik aspektda o‘rganishga yordam bergan;
o‘zbek xalq tabobati tarixi, taraqqiyotiga doir ilmiy xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Dunyo bo`ylab” telekanali bilan hamkorlikda “Bir ashyo tarixi” nomli ko‘rsatuvni tayyorlashda foydalanilgan (“Dunyo bo‘ylab” telekanali DUKning 2018 yil 12 martdagi 08-14-134-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan g‘oyalar xalq tabobati an’analarining tarixini ilmiy asosda o‘rganish va uni keng jamoatchilikka etkazishda manbaviy asos bo‘lib xizmat qilgan.