Radjibaev Davran Oktambaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i):
“Transport mashinasozligi uchun lokomotivlarning murakkab konfiguratsiyali rama konstruksiyalarini dinamik mustahkamlikka hisoblash usullarini ishlab chiqish”, 05.08.05 – “Temir yo‘llarning harakatlanuvchi tarkibi, poezdlarni tortish.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №B2023.3.DSc/T683
Ilmiy maslahatchilar F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Xromova Galina Alekseevna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti, DSc.15/31.08.2022.T.73.07
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Tretyakov Aleksandr Vladimirovich – texnika fanlari doktori, professor; Pecherskiy Vladimir Nikolaevich – texnika fanlari doktori, professor; Adilova Ziyoda Gafurdjanovna – texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi transport mashinasozligi uchun lokomotivlarning murakkab konfiguratsiyali rama konstruksiyalarini dinamik mustahkamlikka hisoblash usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
yuklanishning turli rejimlarida harakatlanish jarayonida elektrovozlar ramalarini tabiiy dinamik sinovdan o‘tkazishda ularning ishdan chiqishiga oid ekspluatatsion ma’lumotlarni ehtimoliy-statistik qayta ishlash metodikasi Puasson normal taqsimot qonuniyatini qoʻllash asosida takomillashtirilgan;
transport mashinasozligi uchun bo‘ylama, ko‘ndalang va aylantiruvchi kuchlarning ta’sirini hisobga olgan holda fazoviy tizim sifatidagi murakkab konfiguratsiyaga ega lokomotivlar aravachasi ramasining dinamik mustahkamlikka raqamli hisoblash usuli uning kuchlangan-deformatsiyalangan holatini baholash asosida ishlab chiqilgan;
oshirilgan harakat tezliklarida murakkab konfiguratsiyaga ega lokomotivlar kuzovi bosh ramasi tebranishlarining matematik modeli ishlab chiqilib, uning asosida modernizatsiya qilingan VL80 seriyali elektrovoz bosh ramasining hisob rejimlardagi maksimal kuchlanish chegaralari bo‘lak-chiziqli approksimatsiyalash usuli yordamida asoslangan;
modernizatsiya qilingan lokomotiv kuzovi bosh ramasining yon devoriga payvandlangan silindrsimon detal ko‘rinishidagi kuchaytiruvchi po‘lat qoplagich o‘rnatilgan joyda kontakt harorat maydonlarining o‘zgarish jarayonini uch o‘lchamli modellashtirish uchun umumlashtirilgan chekli elementlar nazariyasiga asoslangan matematik modeli va raqamli usuli ishlab chiqilgan;
hisob rejimlarida VL80 elektrovozi bosh ramasining siqilish va cho‘zilishida avtotirkama o‘qi bo‘ylab ta’sir etuvchi ko‘ndalang kuchlar ta’sirini hisobga olgan holda elektrovoz kuzovi bosh ramasini hisoblashga mo‘ljallangan chekli element modeli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi quyidagilardan iborat:
Transport mashinasozligi uchun murakkab konfiguratsiyaga ega lokomotivlarning rama konstruksiyalarini dinamik mustahkamlikka hisoblash usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yangi “VL80 seriyali elektrovozlar aravachalari ramalarini kapital tiklovchi ta’mir jarayonida kuchaytirish va “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” UK sharoitida ularning xizmat muddatini uzaytirish bo‘yicha yo‘riqnoma” hamda “VL80 seriyali elektrovozlar kuzovlarining bosh ramasini kuchaytirish bo‘yicha yo‘riqnoma” kapital tiklovchi ta’mir jarayonida ularning xizmat muddatini uzaytirish uchun “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” UKga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2023-yil 16-iyundagi 4/4113-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu Yo‘riqnomalarni joriy qilish natijasida aravachalar ramalari va VL80 seriyali elektrovozlar kuzovlari bosh ramalari detallarining avariyali buzilishi ehtimolini kamaytirish hamda ularning xizmat muddatini 8-10 yilga uzaytirish imkoniyati yaratilgan;
takomillashtirilgan “VL80s elektrovozlaridan foydalanish muddatini uzaytirish maqsadida ularni ekspert texnik diagnostikalash metodikasi” “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2023-yil 16-iyundagi 4/4113-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu metodikani joriy qilish natijasida elektrovozlarning dinamik tavsiflarini yaxshilash, kapital tiklovchi ta’mir jarayonida lokomotivlarni modernizatsiya qilishda elektrovozlar ramalarining tayanch konstruksiyalari chidamliligi va ishonchliligini oshirish imkoni paydo bo‘lgan;
kapital tiklovchi ta’mir jarayonida elektrovozlarning xizmat muddatini uzaytirish maqsadida ularni modernizatsiya qilishning yangi usuli “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” UKga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2023-yil 16-iyundagi 4/4113-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu usul asosida 3VL80s elektrovozlarining 9 ta seksiyasini modernizatsiya qilish natijasida rama konstruksiyalari xizmat muddatining uzaytirilganligi hisobiga 2022-yilda 678 mln. so‘mlik iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.