Abdullaev Suyun Artiqovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Milliy mahsulot hajmi, tarkibi va harakat shakllari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikning nazariy-uslubiy asoslarini takomillashtirish”, 08.00.01–Iqtisodiyot nazariyasi (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Iqt83.

Ilmiy maslaxatchi: Shodmonov Sherqul Shodmonovich, iqtisod fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.

Rasmiy opponentlar: Abulqosimov Xasan Pirnazarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; To‘xliev Nurislom, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Muftaydinov Qiyomiddin, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: milliy mahsulotning mazmuni, yaratilish jarayonlari va ko‘paytirish omillarini yoritish, uning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi bog‘liqlik va ularning harakat shakllarini takomillashtirish orqali YaIM hajmi hamda o‘sish sur’atlarini ta’minlashga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

YaIMni tadqiq qilish va ta’rif  berishda nafaqat qiymat, shu bilan birgalikda naflilik jihatdan ham yondashishga alohida e’tibor qaratish zarurligi asoslangan;

mamlakatda ishlab chiqarish samaradorligi va mehnat unumdorligi darajasi hamda YaIMning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi mutanosiblikni aniqlashda yalpi ishlab chiqarish umumiy hajmi, qo‘shilgan qiymat miqdori va me’yori ko‘rsatkichlaridan foydalanish ilmiy asoslangan;

YaIMning taqsimlanishida jadallashgan amortizatsiya usulini  kichik biznes va hususiy tad­birkorlik sohalarida, ko‘p smenalikda band bo‘lgan hamda lizing asosida foydalanilayotgan asosiy vositalarga nisbatan joriy qilinishini rag‘batlantirish va undan takror ishlab chiqarish jarayonida samarali foydalanish yo‘llari ko‘rsatilgan;

YaIM hajmi va o‘sish sur’atlarini ta’minlashda kichik biznes va hususiy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishning istiqboldagi strategiyasini ishlab chiqish, korxonada band bo‘lganlarning asosiy qismi bitiruvchi talaba va o‘quvchi bo‘lgan taqdirda barcha soliq turlaridan ozod etish hamda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish amaliyotini jadallashtirishga qaratilgan davlat mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan;

yalpi ishlab chiqarish hajmida real sektor korxonalarining eskirgan asosiy fond­larini yangilash va samarasiz ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish orqali oraliq mahsulot hamda qo‘shilgan qiymat o‘rtasidagi nisbatni optimallashtirish bo‘yicha ilmiy takliflar ishlab chiqilgan;

YaIM tarkibida innovatsion tovar va xizmatlar ulushini oshirishda innovatsion hamkorlik bo‘yicha maxsus zonalar yaratish, iqtisodiyotning hususiy sektorida novatorlik faoliyatni rag‘batlantirish, innovatsiyalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy takliflar ishlab chiqilgan.

IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Milliy mahsulotning hajmi, tarkibiy qismlari va harakat shakllari o‘rtasidagi bog‘liqlikni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:

iqtisodiy amaliyotga yalpi ishlab chiqarish umumiy hajmi, qo‘shilgan qiymat miqdori va me’yori tushunchalarini kiritish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida ishlab chiqarish samaradorligi ko‘rsatkichlarini hisoblash bo‘yicha amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 2 fevraldagi MM-1-3/7-10-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi mamlakatda ishlab chiqarish samaradorligi va mehnat unumdorligi darajasi hamda YaIMning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi mutanosiblikni aniqlashga yordam bergan;

YaIMni yaratish jarayonida jadallashtirilgan amortizatsiya ajratmalaridan samarali foydalanish bo‘yicha berilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasida asosiy kapital iste’moli, balansi, kapital bilan operatsiyalar hisobi ko‘rsatkichlarini hisoblash jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi 2018 yil 24 yanvardagi 01/1-03-17/2-4-son ma’lumotnomasi). Ilmiy taklif va amaliy tavsiyalarning amaliyotga joriy qilinishi natijasida iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha ishlab chiqarish jarayonida asosiy kapital iste’moli ko‘rsatkichlarini shakllantirish, asosiy fondlar balansi, kapital bilan operatsiyalar hisobi ko‘rsatkichlarini hisoblash metodologiyasini takomillashtirish va ularning tahliliy ahamiyatini oshirishga erishilgan;

YaIM hajmi va o‘sish sur’atlarini ta’minlashda kichik biznes va hususiy tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida kichik biznes va hususiy tadbirkorlik sub’etlarining innovatsion faolligini oshirish yo‘llari bo‘yicha dastur ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 2 fevraldagi MM-1-3/7-10-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi mamlakatda YaIM hajmida kichik biznes va hususiy tadbirkorlik hamda ular tomonidan yaratiladigan innovatsion mahsulotlar ulushining oshishiga olib kelgan;

yalpi ishlab chiqarish hajmida oraliq mahsulot va qo‘shilgan qiymat nisbatini optimallashtirish bo‘yicha berilgan takliflari O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2018 yil 24 yanvardagi 01/1-03-17/2-4-son ma’lumotnomasi) va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida mamlakatda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha dastur loyihalarini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 2 fevraldagi MM-1-3/7-10-son ma’lumotnomasi). Ilmiy takliflarning amaliyotga joriy qilinishi natijasida O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasida statistik-tahliliy ma’lumotlar, jumladan, tarmoqlar yalpi ishlab chiqarish hajmi, oraliq iste’mol va yalpi qo‘shilgan qiymat o‘rtasidagi nisbatlarni ifodalovchi ko‘rsatkichlar sifatini oshirish hamda ularni hisoblash uslubiyatini takomillashtirishga erishilgan;

milliy mahsulot hajmi va o‘sish sur’atlarining oshishiga bevosita ta’sir qiladigan omillardan biri bo‘lgan fan-texnika taraqqiyoti va innovatsiyalarni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Respublikada YaIM tarkibida innovatsion tovar va xizmatlar ulushini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 2 fevraldagi MM-1-3/7-10-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy qilinishi mamlakatda  innovatsion hamkorlik bo‘yicha mahsus zonalar yaratish va innovatsion faoliyatni rag‘batlantirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish