Mashrapova Gulsanam Axadovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
“O‘zbek folklorida safar motivi (ertak janri misolida), 10.00.08 – Folklorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil 2662.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona  davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Mirzaeva Salimaxon Raimjonovna, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Rajabov Dilshod, filologiya fanlari doktori, professor; Rasulova Zebuniso, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi safar motivining yetakchi xususiyatlari, ertak strukturasidagi o‘rni, epik syujetni tashkillashtirishdagi vazifasi, qahramon idealizatsiyasini ko‘rsatishdagi ahamiyatini asoslash hamda xalqaro syujet tiplari kataloglari bilan qiyosiy-tipologik solishtirish asnosida safar motivining o‘zbek xalq ertaklariga xos xarakterli jihatlarini ochib berish, moslik va xoslik tabiatini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
safar motivining mif va marosimlarga aloqador arxetipik shaklining ertak stukturasiga transformatsiyasi hamda janr tarkibida barqaror motivga aylanishi asoslangan;
ertakning ichki tasnifiy turlarida safar motivining syujet asosini hosil qiluvchi, voqealarni rivojlantiruvchi, asar kulminatsiyasini belgilovchi, qismlarni bog‘lovchi hamda ertak g‘oyasini ochishga xizmat qiluvchi muhim poetik funksiyalari ochib berilgan;
xalqaro syujet va motivlar ko‘rsatkichlari (ATU, SUS, Beryozkin) hamda o‘zbek xalq ertaklari tarkibidagi safar motivi turlari orqali “xudoning oldiga borish” (ATU 460, SUS 471), “yo‘l ko‘rsatuvchi kalava” (SUS 481), “osmon jismlari (K27n3a), hayvonlar va baliqlar (K27n3b) topshirig‘ini bajarish” kabi safar turlari milliy ertaklarimizga xos emasligi, shuningdek, o‘zbek xalq ertaklarida mavjud bo‘lgan “otasining sevgilisini qidirayotgan o‘g‘il”, “yo‘qolgan otni qidirish” kabi motivlar xalqaro kataloglarda aks etmagani aniqlangan;
safarga yo‘llovchi, safarga boruvchi, epik homiy, epik ko‘makchi, safardagi hamroh hamda safardagi raqib kabi obrazlarning ushbu motivni shakllantirishdagi vazifalari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek xalq ertaklarida safar motivi tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
safar motivining mif va marosimlarga aloqador arxetipik shaklining ertak stukturasiga transformatsiyasi hamda janr tarkibida barqaror motivga aylanishi haqidagi xulosa va natijalardan F3-2016-0908165532 raqamli “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi 2017–2020-yillarda bajarilgan fundamental loyihada  foydalanilgan (O‘zbekiston pedagogika ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpoq filialining 2023-yil 27-iyundagi 401-son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq folklorining o‘zbek folklori bilan bogʻliq jihatlari, safar motivi aks etgan adabiy  janrlarni umumta’lim maktablari darsliklaridan o‘rin olishi va  xalq ogʻzaki poetik ijodiyotini o‘rgatish metodlarini ishlab chiqishda ertak janrining o‘rni beqiyos ekanligi aniqlangan;
safar motivining semantik tasnifi, yetakchi xususiyatlari, ertak g‘oyasini ochishdagi o‘rni haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Bolalar adabiyoti ijodiy kengashi hisobot yig‘ilishlarida, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida o‘tgan adabiy kechalar, “mahorat darslari”da foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2023-yil 10-apreldagi 01-03/518-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yosh ijodkorlarning o‘zbek xalq ertaklaridagi motivlar tizimi, ularning poetik talqinlari, jahon xalqlari ertaklari syujet tiplari bilan tipologik o‘xshashlik va o‘ziga xos xususiyatlarni tadqiq etishga doir faoliyatlarida yangi ma’lumotlar topishga va xalq og‘zaki ijodi bo‘yicha tasavvurlarini kengaytirishga erishilgan;
o‘zbek xalq ertaklarida safar motivi poetikasiga oid ilmiy qarashlari va xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi Farg‘ona viloyati teleradiokanalining “Olovjon va uning do‘stlari”, “Adabiy muhit” ko‘rsatuvlari ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2023-yil 11-apreldagi 02-12/88-sonli ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ko‘rsatuvlar ilmiy-ijodiy jihatdan boyitildi hamda ertaklarning yosh avlod ta’lim-tarbiyasida tutgan yuksak ahamiyati keng tomoshabinlar ommasiga etkazilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish