Xajieva Feruza Melsovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Biografik roman janri xususiyatlari (I.Stoun, M.Qoriev va N.Normatov asarlari qiyosida)», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil405.
Ilmiy rahbar: Baqoeva Muhabbat Qayumovna, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Lixodzievskiy Anatoliy Stepanovich, filologiya fanlari doktori, professor; Pardaeva Zulfiya Juraevna, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: biografik romanning jahon hamda o‘zbek adabiyotidagi taraqqiyotini o‘rganish, janr xususiyalarini aniqlash, amerika va o‘zbek adabiyotida yaratilgan biografik romanlardagi mushtarak va farqli jihatlarini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz va o‘zbek tilidagi biografik romanlarda tarixiy haqiqatni badiiy ifoda etish, asarlarda inson ruhiyatini aks ettiradigan poetik vositalarni qiyoslash orqali janrning hujjatlilik va badiiylikni biriktira olishi, dualistik hamda sintetik xususiyati asoslangan;
biografik romanlarda xronotop, epistolyar texnika, konsentrik va xronikal syujet, arxitektonika, badiiy g‘oya va mavzuni yoritish orqali janrning badiiylik tamoyillari konsepsiyasi isbotlangan;
sinxron aspektda o‘zbek va jahon adabiyotshunosligida biografik roman janri namunalari kontekstual tarzda qiyoslanilishi natijasida adabiy jarayondagi biografik asarlarda mushtarak tarixiy shaxslar obrazlari va romanlar kompozisiyasidagi dinamik hamda tematik farqli jihatlari dalillangan;
biografik romanlardagi insonparvarlik va fidoiylik g‘oyalari, syujetlaridagi epizodlar, inson tabiati tasvirining mushtarak tomonlari, shuningdek, muallif obrazi va bayonidagi farqli uslubiy jihatlar aniqlangan;
biografik asarlarning genetik ildizlarini – jahon adabiyotida agiografiya, hayotnoma, biografik lug‘at, biografik portret va o‘zbek adabiyotida holot, qissa, manoqib, doston singari janrlar tashkil etishi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Biografik roman janri xususiyatlarini amerika va o‘zbek romanchiligi qiyosida o‘rganish va biografik roman tabiatini yoritish yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
biografik romanning dualistik va sintetik tabiati, poetikasi, g‘oyaviy-kompozision qurilishi, obrazlar tarkibi va genezisiga oid nazariy xulosalardan F-1-06 raqamli «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi» mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 22 noyabrdagi FTA-02-11/1163-son ma’lumotnomasi). Natijada biografik romanlarning badiiy taraqqiyot tamoyillari, badiiyati, ijodkor mahorati, o‘zida tarixiy-biografik haqiqatni, hujjatlilikni va psixologizmlarni qay darajada aks ettirishi kabi bir qator muhim masalalarni yoritilishiga asos bo‘lgan;
Abu Ali ibn Sino ilmiy biografiyasining badiiy talqini, asar qahramonining obrazli tasviri, ichki olami, ilmiy merosining biografik romanda qayta yaratilish tamoyillariga oid xulosalardan Buxoro davlat badiiy-me’morchilik muzey-qo‘riqxonasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 26 fevraldagi 01-11-08-1290-son ma’lumotnomasi). Natijada «Afshona. Abu Ali ibn Sino muzeyiga sayohat» nomli risolasi nashrga tayyorlangan, memorial muzeyi ekspozisiyasi orqali Abu Ali ibn Sino biografiyasi va adabiyotdagi siymosi haqida omma orasida tashviqot ishlarini samarali tashkil etishga xizmat qilgan;
biografik romanlardagi badiiy xronotopning rassomlar kartinasi asosida asarlarda verbal` voqelanishi bilan bog‘liq xulosalardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining «Ijod ustaxonasi» nomli turkum teleko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2018 yil 29 yanvardagi 05-04/741-son ma’lumotnomasi). N.Normatovning «Ro‘zi Chorievning so‘nggi vasiyati» va I.Stounning «Hayot ishtiyoqi» romanlarining o‘ziga xos jihatlari, asarlarda qo‘llanilgan kartinani so‘z orqali ifodalash, romanda zamon va makon kategoriyalarini yaratish badiiy texnikasi kabi masalalar bo‘yicha teletomoshabinlarning ma’lumoti va dunyoqarashi kengayishiga asos bo‘lgan.