Eshnazarov Kamolxo‘ja Eshnazarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Tizza bo‘g‘imi osteoartrozlarini xirurgik davolashni takomillashtirish», 14.00.22–travmatologiya va ortopediya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.3.PhD/Tib367.
Ilmiy rahbar: Asilova Saodat Ubayevna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi DSc 28.02.2018.Tib.62.01.
Rasmiy opponentlar: Hamraev Alisher Shaxobovich, tibbiyot fanlari doktori;
Alimov Aziz Pulatovich, tibbiyot fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Yonsey Universitetining Yongin klinikasi (Koreya Respublikasi)
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tizza bo‘g‘imi osteoartrozining erta bosqichlarida davolash taktikasini differensial tanlash xamda bo‘g‘im atrofi yumshoq to‘qimalaridagi xirurgik aralashuv uslublarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tizza bo‘g‘imi osteoartrozining erta bosqichlarida medial sohadagi patologik o‘choqqa yaqin joylashgan tizzani bukuvchi va rotatsion medial guruh mushaklari tinch turgan holatda tonusi ortishi hamda funksional faol davrda mushaklar qisqaruvchanligining kamayishi isbotlangan;
tizza bo‘g‘imi osteoartrozining erta bosqichlarida bo‘g‘im medial sohasi bukuvchi mushaklaridagi patologik o‘zgarishlarga asoslangan tizza medial sohasi yumshoq to‘qimalarini reliz qilish orqali bajariladigan jarroxlik amaliyoti uslubi takomillashtirilgan;
tizza bo‘g‘imi osteartrozining erta bosqichlarida son va tizza bo‘g‘imi medial sohasi mushaklari paylarini tenoliz va tenotomiya qilish orqali tizza bo‘g‘imi komponentlari harakat maydoni ortishi isbotlangan;
tizza bo‘g‘imi osteoartrozining erta bosqichlarida son suyagi bo‘g‘im yuzasidagi kichik hajmdagi nuqsonlarni «piramida» shaklida mikrofrakturizatsiya qilish ularning qayta tiklanishiga olib kelishi isbotlangan;
tizza bo‘g‘imi osteoartrozining erta bosqichlarida medial kollateral boylam yuza tolalarini katta boldir suyagidan qisman ajratish, katta boldir suyagi proksimal epimetafizda bo‘g‘im yuzasiga parallel yo‘naltirilgan «elpig‘ichsimon» tunnelizatsiya o‘tkazish, medial soha mushaklari paylarida shaxmatsimon tartibda kichik o‘lchamdagi kesimlar qilish va davolash amaliyotidan keyingi davrda bemorlar holatini baholash orqali o‘tkaziladigan kompleks xirurgik davolash uslubining davolash natijalarini yaxshilanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:Tizza bo‘g‘imi osteoartrozlarini xirurgik davolashni takomillashtirish orqali davolash natijalarini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Tizza bo‘g‘imi osteoartrozlarini xirurgik davolashdan keyin baholash» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 30 maydagi №8n-r/81-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalarni amaliyotga qo‘llash bemorlarni davolashdan keyingi davrlarda o‘rganishda, ularning klinik-funksional holatini kundalik hayot faoliyatiga bog‘liq holda baholash, boshqa qo‘shimcha tekshirish va davolash uslublariga ehtiyoj bor yoki yo‘qligini tahlil qilishni masofadan tashkil qilishga, bemorlar holatini baholashni tashkillashtirishga hamda davolash natijalarini o‘rganishni osonlashtirishga imkon bergan;
«Tizza bo‘g‘imi osteoartrozlarini kompleks xirurgik davolash» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 29 yanvardagi №8n-r/12-son ma’lumotnomasi). Bemorlarni xirurgik davolash sifatini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqotdan olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga tatbiq kilingan;
tizza bo‘g‘imi osteoartrozlarini xirurgik davolashda «Yumshoq to‘qimalarni suyakdan ajratish uchun moslama» (FAP 01296 11.04.2018) qo‘llanilib, medial kollateral boylam tolalarini katta boldir suyagidan ajratishda yumshoq to‘qimalarning kamroq jarohatlanishini ta’minlash va xirurgik amaliyotni o‘tkazishni osonlashtirish imkonini bergan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 30 maydagi №8n-r/81-son ma’lumotnomasi);
tizza bo‘g‘imi osteoartrozi bo‘lgan bemorlarda xirurgik davolash natijalarini yaxshilash bo‘yicha bajarilgan dissertatsiya ishidan olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 1-son Respublika klinik shifoxonasida hamda Samarqand viloyati ortopediya va shikastlanishlar oqibatlari shifoxonasida tatbiq kilingan. Tadqiqotdan olingan natijalar tizza bo‘g‘imi osteoartrozi bo‘lgan bemorlarni davolash sifatini yaxshilash, artroskop yordamida kompleks xirurgik davolash uslubini takomillashtirish va amaliyotdan keyingi asoratlarni 5,88% dan 1,92% gacha kamaytirish imkonini bergan.