Yakubov Qahramon Karimdjanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshida Xiva xonligida vaqf instituti (tarixiy-manbashunoslik tahlili)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi, 07.00.08–Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqotusullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: V.2017.1.PhD/Tar79.
Ilmiy rahbar: Ziyaeva Dono Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.06.01.2018.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Yusupova Dilorom Yunusovna, tarix fanlari doktori, professor, akademik; Ziyodov Shovosil Yunusovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xiva xonligida vaqf instituti tarixi hamda uning o‘ziga xos xususiyatlarini tarixiy manbashunoslik tahlili asosida o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlariga mansub vaqfnomalarning ichki va tashqi belgilari, xususan, matn tili, hujjat tuzilishi va kodikologik xususiyatlari hamda ulardagi ayrim o‘zgarishlar aniqlangan;
Xiva xonligida vaqf ma’muriyatining funksiyalari, faoliyat mexanizmi, vaqf ob’ekti va sub’ekti, vaqf mulklarining turlari, vaqf mulklari daromadlarining taqsimoti yoritib berilgan;
mutavallining vaqf ma’muriyati vakillari va ijarachilar bilan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarining huquqiy asoslari hamda amaliyoti ochib berilgan;
Xiva xonligi hududida vaqf mulklaridan foydalanishda ijara tartibi ustuvor o‘rin egallaganligi, shuningdek, vaqf erlarining uzoq muddatli ijara (ijara-yi tavila) amaliyoti ham mavjud bo‘lganligi aniqlangan hamda ularning faoliyat mexanizmi yoritib berilgan;
XIX asrning so‘nggi choragiga kelib xonlikda tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi natijasida pul vaqf etiluvchi asosiy ob’ektga aylandi hamda undan bay’-i joyiz yo‘li bilan daromad olish tartibi amalda bo‘lganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Xiva xonligida vaqf instituti mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
Xiva xonligidagi vaqf mulklarining turlari, xronologiyasi, voqiflar shaxsi, vaqf daromadlaridan foydalangan muassasalar ro‘yxatini aks ettiruvchi ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, uning asosida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivining «Vaqf yorliqlari kolleksiyasi» nomli I–323-fondining ro‘yxatini tuzishda foydalanilgan («O‘zarxiv» agentligining 2018 yil 23 martdagi 01-26/216-son ma’lumotnomasi). Ushbu ro‘yxat mazkur fondda saqlanayotgan tarixiy hujjatlarni xronologiya, mazmun hamda hujjat turlari bo‘yicha tizimlashtirish asosida ilmiy izlanishlar samaradorligini ta’minlashga xizmat qilgan hamda metrologiya, numizmatika va sfragistikaga oid tarixiy ma’lumotlarni aniqlashtirish imkonini yaratgan;
vaqfga oid tarixiy hujjatlar tabdili hamda ingliz tilidagi tarjimalardan o‘rin olgan ma’lumotlardan Germaniyaning Martin Lyuter universiteti huzuridagi Sharqshunoslik instituti va o‘zbekistonlik olimlarning hamkorlikdagi “The Archives Talk. Social History of Central Asia” mavzusidagi xalqaro loyiha doirasida faydalanilgan (Martin Lyuter universiteti huzuridagi Sharqshunoslik institutining 2018 yil 23 martdagi ma’lumotnomasi). Ushbu noyob tarixiy hujjatlarning ingliz tiliga tarjima qilinishi va ularning elektron (digital) nusxalarining yaratilishi xorijiy tadqiqotchilar uchun Xiva xonligining ijtimoiy tarixini o‘rganish uchun katta imkoniyat yaratgan;
Xiva xonligidagi masjid, madrasalarning vaqf mulklari, ularning daromadlari, vaqf muassasasi xodimlari haqida shuningdek, saroy mansablari va amaldorlari, bekliklar soni va ular ixtiyoridagi erlar haqidagi ma’lumotlar va tegishli sharhlar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan IFA-2012-1-13 raqamli innovatsion loyihasi doirasida tayyorlanib, chop etilgan «O‘zbekiston tarixi xrestomatiyasi (4-jild)»nitayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 5 apreldagi 3/1255-853-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari ma’rifiy-madaniy, jamoat muassasalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ajdodlar tajribasi hamda tarixiy an’analarini o‘rganish, amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilgan.