Toirova Nargiza Isakovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Badiiy adabiyotda ko‘zgu va surat ramzlarining g‘oyaviy-estetik vazifalari (Omon Muxtor va Oskar Uayl`d asarlari asosida)», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil212.
Ilmiy rahbar: Kasimov Abdugapir Abdikarimovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Lixodzievskiy Anatoliy Stepanovich, filologiya fanlari doktori, professor; Kasimova Zamira Abdullaevna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ko‘zgu va surat ramzlarining badiiy adabiyotdagi g‘oyaviy-estetik funksiyasini O.Muxtor va O.Uayl`d asarlari asosida qiyosiy planda yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘zgu bilan bog‘liq mistik qarashlar asosida shakllangan barqaror epik motivlarning adabiyotga kirib kelish tadriji asoslab berilgan;
surat yoki portret detali badiiy nasrga oyna singari inson tashqi ko‘rinishini aks ettirish emas, balki suratdagi shaxsning ichki dunyosi, o‘tmishi yoki kelajagini ochib berish vositasi sifatida olib kirilganligi dalillangan;
O.Uayl`d «Dorian Greyning portreti» romanini yaratishda romantizm va realizm an’analariga, xalqning oyna bilan bog‘liq shakllangan qarashlariga tayangan bo‘lsa, O.Muxtorning «Ko‘zgu oldidagi odam» romani xalq afsona va ertaklari motivlari, Sharq falsafasi va adabiyoti bilan birga G‘arb modern adabiyotiga xos tasvir sintezi sifatida paydo bo‘lganligi asoslangan;
«Ko‘zgu oldidagi odam», «Dorian Greyning portreti» asarlaridagi ko‘zgu, portret timsollari qahramonlar ichki olami, ma’naviy-axloqiy qiyofasini ochib berishda asosiy badiiy vosita sifatida qo‘llanilganligi dalillangan;
o‘zbek va G‘arb adabiyotida, xususan, O.Muxtor va O.Uayl`d ijodida ko‘zgu, portret ramzlaridan foydalanishdagi mushtarak va o‘ziga xos jihatlar asarlar yaratilgan davr, muhit va milliy mentalitetdagi tafovutga bog‘liqligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O.Muxtor va O.Uayl`d asarlari asosida o‘zbek hamda ingliz nasridagi ko‘zgu va portret ramzlarining genezisi, g‘oyaviy-estetik vazifalarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tadqiqotning o‘zbek va jahon adabiyotidagi ko‘zgu hamda surat ramzlari poetikasi, yozuvchilarning individual badiiy mahorati, adabiy ta’sirning o‘rniga doir ilmiy natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot institutida FA–F1–G 040 raqamli «O‘zbek adabiyoti qiyosiy adabiyotshunoslik aspektida: tipologiya va adabiy ta’sir» (2012–2016) mavzusidagi fundamental loyihani bajarish doirasida keng foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 8 fevraldagi FTK-0313/133-son ma’lumotnomasi). O.Muxtor va O.Uayl`d romanlarining qiyosiy tadqiqi asosidagi ilmiy xulosalar o‘zbek adabiyotining jahon adabiyotidagi o‘rni va poetika muammolarini tahlil etishga asos bo‘lgan;
ko‘zgu detalining xalq urf-odatlaridagi o‘rni, ko‘zgu ramzining fol`klorga kirib kelishi va badiiy asarlardagi g‘oyaviy-estetik vazifasiga doir nazariy umumlashmalardan Farg‘ona viloyati O‘lkashunoslik muzeyida ko‘zgu, surat, portret singari eksponatlarning badiiy adabiyotdagi o‘rni va ahamiyatini tushuntirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 10 yanvardagi 01-11-08-133-son ma’lumotnomasi). Ilmiy xulosalar ko‘zgu va surat bilan bog‘liq xalq badiiy tafakkurining o‘ziga xosligini tashrif buyuruvchilarga etkazishda muhim manba bo‘lgan;
badiiy nasrda ko‘zgu detalidan qahramon qalbi ramzi sifatida foydalanish an’anasi, ko‘zgu ramzi orqali inson ichki va tashqi go‘zalligi o‘rtasidagi muvozanatni ifodalashga doir ilmiy-nazariy qarashlardan Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining muntazam efirga uzatiladigan «Interv`yu» ko‘rsatuvi va «Adabiy muhit» turkum radioeshittirishini tayyorlashda foydalanildgan (Farg‘ona viloyati teleradiokompa-niyasining 2018 yil 6 yanvardagi 12-01/1-son ma’lumotnomasi). Ilmiy ish natijalari ko‘rsatuv va radioeshittirishlarning ilmiy dalillarga boy bo‘lishini ta’minlagan hamda Omon Muxtor ijodining keng targ‘ib qilinishiga xizmat qilgan.