Holiqova Nargiza Abduvalievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Motor moylarini oksidlanish mahsulotlaridan tozalash qurilmasining parametrlari va ish rejimlarini asoslash», 05.07.02–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini ishlatish, tiklash va ta’mirlash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/T533.
Ilmiy rahbar: Sharipov Ko‘ng‘irot Avezimbetovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institututi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institututi, DSs.27.06.2017.T.10.01.
Rasmiy opponentlar: Shoobidov Shoraxmat Asqqarovich, texnika fanlari doktori, professor; Alimova Zebo Xamidullaevna, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: moylovchi materiallardan foydalanish samarasini oshirish uchun oksidlanish mahsulotlaridan moyni tozalash qurilmasining parametrlari va ish rejimini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
motor moylarini oksidlanish mahsulotlaridan tozalaydigan qurilmaning parametrlari asoslangan va ish rejimlari ishlab chiqilgan;
atseton va ishlatilgan motor moyi aralashmasining qovushqoqlik holatidagi harakatini va qayta ishlashda erituvchini moydan bug‘latish jarayonini ifodalovchi analitik bog‘lanishlar olingan;
motor moyini konussimon sirt bo‘yicha harakati tezligi uni qayta tozalashga ta’siri orqali asoslangan;
qayta tozalangan moyni sifati aralashma harorati qiymati va bug‘lanish jarayonlarining ta’minlanganligiga bog‘liqligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Motor moylarini oksidlanish mahsulotlaridan tozalash qurilmasining parametrlari va ish rejimini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ishlatilgan moylarni oksidlanish mahsulotlaridan tozalash qurilma konstruksiyasi “Toshkent Agroservis MTP” MChJ Yuqori Chirchiq filialida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 23 dekabrdagi 07/23-1220-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida iste’mol qilish joylarida ishlatilgan moylarning tozalash jarayonini amalga oshiruvchi qurilmani joriy etish hisobiga 461 litr (72 ta traktorga nisbatan) motor moyini iqtisod qilish imkonini bergan;
ishlatilgan moylarni qayta tozalovchi qurilma “O‘ZAVTOTEXXIZMAT” MChJ da joriy etilgan (“O‘zAvtosanoat” AJning 2017 yil 5 dekabrdagi 45/03-25-4050-son ma’lumotnomasi). Natijada qayta tozalangan moylardan foydalanish hisobiga 15-20%gacha samaradorlikka erishish imkoni yaratilgan;
ishlatilgan motor moylarini tozalash usuli va uni amalga oshiradigan qurilma “O‘zAvtosanoat” AJ tasarrufidagi korxonalarda joriy etilgan (“O‘zAvtosanoat” AJning 2017 yil 5 dekabrdagi 45/03-25-4050-son ma’lumotnomasi). Natijada qurilmada tozalangan moyning sifati va samaradorligini 15-20%ga oshirish, ta’mirlash ishlariga ketadigan xarajatlarni 6-8%ga kamaytirish imkonini bergan.