Zokirova Umida Tolibovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi):  “Vitis vinifera L. tok o‘simligi poliprenollari va ularning kimyoviy o‘zgarishlari”, 02.00.10 - Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/K82.
Ilmiy rahbar: Xidirova Nazira Kudratovna, kimyo fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc.02/30.01.2020.K/T.104.01.
Rasmiy opponentlar: Xabibulla Sayfullaevich Tadjimuxamedov, kimyo fanlari nomzodi, professor; Nishanbaev Sabir Zaripbaevich, kimyo fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Vitaceae oilasiga mansub Vitis vinifera L.  o‘simligi barglari poliprenollari  va ularning modifikatsiyalangan hosilalarini tadqiq  qilish, hamda biologik xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ilk  bora O‘zbekiston respublikasi turli xududlarida o‘suvchi  Vitis vinifera subsp. sativa (madaniylashtirilgan) va Vitis vinifera subsp. silvestris (yovvoyi) tok o‘simligi poliprenollar (PP)i  tadqiq qilingan va ularning modifikatsiyasi natijasida  21 ta modda olingan, shulardan 18 tasi yangi;
PPni karbon kislotalar, kislota angidridlari bilan atsillash reaktsiyalari oddiy va mikrito‘lqinli nurlatish (MTN) sharoitida amalga oshirilgan, bu sharoitda reaktsiya tezligi 25-90 marotaba tezlashishi, mahsulotning unumi oshishi kuzatilgan;
PPning oddiy va mikrito‘lqinli nurlatish (MTN) sharoitida oksidlash reaktsiyalari o‘tkazilgan, MTN sharoitida reaktsiyalarning borishi tezlashishi aniqlangan;
krezolyatlarni PP bilan alkillash reaktsiyalari dastlabki reagentlarning nisbatiga bog‘liq bo‘lmagan xolda regioselektiv ravishda o-alkilmahsulot hosil bo‘lishi bilan ketishi aniqlangan. PP  miqdorini ortiqcha olinishi p-alyuminiy krezolyat holatida  2,6-dipoliprenil-4-metilfenol hosil bo‘lishiga olib kelgan;
olingan PP, poliprenilatsetat (PPA), poliprenilftalat (PPF) va poliprenil-bromidlarning (PPBr) “biologik faollik – tuzilish ” qonuniyatlari tadqiq qilingan, natijada PPA> PPF>PPBr >PP qatori aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Vitis vinifera L. tok o‘simligi poliprenollari va ularning kimyoviy o‘zgarishlarini  tadqiq qilish asosida:
Vitis vinifera L. o‘simligi barglari asosidagi  «Vitaprenol» biologik faol qo‘shimchasi uchun Tashkilot standarti (Ts 03535440-037:2020, 10.06.2020) va  Texnologik yoʻriqnoma (TI 03535440-037:2020 10.09.2020) ishlab chiqilgan va tegishli tashkilotlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Natijalar mahalliy ozuqaviy biologik faol qo‘shimchalar assortimentini kengaytirish imkonini bergan;
Vitis vinifera L. barglari PPi va PPA, PPBr, PPFlardan Guliston davlat universitetining  № SA-2018-005 “Sho‘rga chidamli o‘simliklar genofondini boyitish, saqlash, reproduktsiya olish va undan ishlab chiqarishda foydalanishni yoʻlga qo‘yish” (20018-2020) amaliy loyihasida urug‘ni unib chiqishini tezlashtiruvchi stimulyator sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi  Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar Vazirligining 21.11.2023 yildagi № 4/17-4/1-8078  -son ma’lumotnomasi). Natijalar sho‘rlangan tuproqlarda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini unib chiqishini tezlashtiruvchi vositalar yaratish imkonini bergan;
Vitis vinifera L. o‘simligi barglaridan ajratib olingan PPning spektr ma’lumotlari, modifikatsiyasi natijalari va biologik faolliklari yuqori reytingli Scobus bazasiga kiritilgan xorijiy ilmiy nashrlarda foydalanilgan (Fitoterapia, 2015. V.106. P.184. IF 3.204; Scientific Report 2021. V.11. IF 4.996; ChemChemTech 2022, V.65(3). P.100. IF 1.016). Tadqiqot natijalari tabiiy birikmalarning modifikatsiyasidan olingan yangi birikmalar tuzilishini, biologik faolliklarini aniqlash imkonini beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish