Safarov Djaxongir Ismoilovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ekologiya sohasida qonun hujjatlari tizimi va ularni kodifikatsiyalash», 12.00.06–Tabiiy resurslar huquqi. Agrar huquq. Ekologik huquq (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Yu38.

Ilmiy maslahatchi: Fayziev Shuhrat Hasanovich, yuridik fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.25.01.

Rasmiy opponentlar: Usmonov Muxammadi Baxritdinovich, yuridik fanlar doktori, professor; Nasriev Ilxom Ismoilovich, yuridik fanlar doktori, professor; Kamalov Oybek Axmatovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: ekologiya sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ularni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga jamoatchilik ekologik ekspertizasini o‘tkazish huquqini berish, ushbu tuzilmada ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif etilgan;

ekologik nazorat vazifalarini qonunda belgilash, ekologik nazorat jamoat inspektorlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish tartibini joriy etish taklif etilgan;

hayvonot dunyosi monitoringi, hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanishni cheklash va taqiqlash, ulardan maxsus foydalanish huquqini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish asoslarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan;

g‘ayriqonuniy ravishda tutilgan yovvoyi hayvonlarni, ularning yashash faoliyati mahsulotlarini, ularni g‘ayriqonuniy ravishda tutish quroli va vositalarini olib qo‘yish tartibini joriy etish asoslangan;

o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan foydalanuvchilarning majburiyatlari sirasiga «o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish bo‘yicha biotexnik tadbirlarni amalga oshirish», «boshqa o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan foydalanuvchilarning huquqlarini buzmaslik», «qonun hujjatlari talablarini buzgan holda etkazilgan zararning o‘rnini to‘liq hajmda qoplash» kabi majburiyatlarni kiritish asoslab berilgan;

ekologik axborot, ekologik sug‘urta, ekologik audit, ekologik zarar, ekologik ta’lim-tarbiya, ekologik halokat zonalari kabi institutlarni huquqiy jihatdan tartibga solish orqali ekologiya sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish asoslab berilgan;

O‘zbekiston Respublikasi hududiga chiqindilarni, shu jumladan chet elga mansub radioaktiv chiqindilarning har qanday turlarini saqlash va ko‘mib tashlash maqsadida olib kirish, utilizatsiya qilish uchun tegishli texnologiyalar mavjud bo‘lgan chiqindilarning ko‘mib tashlash kabi taqiqlangan xatti-harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik choralarini belgilash lozimligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Ekologiya sohasidagi qonun hujjatlari tizimini takomillashtirish va kodifikatsiyalash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

jamoatchilik ekologik ekspertizasini o‘tkazish, ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari faoliyatiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi Qonunida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016 yil 5 apreldagi D-07/166-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar jamoatchilik ekologik nazorati institutini amalga oshirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;

ekologik nazorat vazifalarini qonunda belgilashga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 29-moddasida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining 2016 yil 4 apreldagi 11-03/128-son ma’lumotnomasi), ekologik nazorat jamoat inspektorlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazishga oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 1 apreldagi SQ-85-III-sonli qarorida (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 18 apreldagi 10-15/284-son ma’lumotnomasi) o‘z ifodasini topgan. Ushbu takliflar ekologik nazorat institutining samaradorligini oshirishga hissa qo‘shgan;

hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanishni huquqiy tartibga solishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi, «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunlarining normalarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016 yil 12 oktyabrdagi 04/4-178-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar hayvonot  va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qilgan;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining er sohasida jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish, er uchastkasidan oqilona foydalanishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Er kodeksining normalarini takomillashtirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining 2016 yil 4 apreldagi 11-03/128-son, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 18 apreldagi 10-15/284-son ma’lumotnomalari). Ushbu takliflar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq vakolatlarini kuchaytirishga, er uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirishga hissa qo‘shgan;

«insonning yashash muhiti» tushunchasining yuridik ta’rifini qonun hujjatlarida aks ettirish to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi Qonunining normalarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 18 apreldagi 10-15/284-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif fuqarolar yashash muhitining normativ ta’rifini berish va shu orqali ushbu muhitni muhofaza qilish asoslarini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;

biologik chiqindilarning muomalada bo‘lishi va yo‘q qilib tashlanishi chog‘idagi talablarni belgilash to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining «Veterinariya to‘g‘risida»gi Qonunining normalarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 18 apreldagi 10-15/284-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif biologik chiqindilar bilan muomalada bo‘lishda va ularni yo‘q qilib tashlashda ekologik xavfsizlikni ta’minlashga hissa qo‘shgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish