Rahmatullaev Ilhom Raxmatullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kriptobardoshli oqimli shifrlash algoritmlari va ularning samaradorligini baholash», 05.01.05 – Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro’yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/T3641.
Ilmiy rahbar: Xudoykulov Zarif Turakulovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori,PhD. dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko’rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.02.
Rasmiy opponentlar: Juraev Gayrat Umarovich, fizika matematika fanlari doktori, professor; Kadirov Mirhusan Mirpulatovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: «UNICON.UZ» - fan – texnika va marketing tadqiqotlar markazi.
Dissertatsiya yo’nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kriptobardoshli, apparat va kriptografik talablarga javob beruvchi statik chiziqsiz almashtirishdan foydalanuvchi dasturiy ko‘rinishda amalga oshirishga qulay oqimli shifrlash algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dasturiy amalga oshiriladigan oqimli shifrlash algoritmi uchun trigonometrik transformatsiyaga asoslangan, umumiy kriptografik talablarga javob beruvchi dinamik chiziqsiz akslantirishlarni hosil qilish algoritmi ishlab chiqilgan;
statik almashtirish jadvali yordamida ichki holat bufer massivlarini yangilash va aralashtirish funksiyalari ega, chiziqsiz aralashtirishga asoslangan hamda dasturiy amalga oshirishga mo‘ljallangan sinxron oqimli shifrlash algoritmi ishlab chiqilgan;
LFSR (Linear Feedback Shift Register) registrlariga asoslangan, uchta siljitish registrlaridan, 6 ta AND va 14 ta XOR elementlaridan tashkil topgan apparat ko‘rinishda amalga oshirishga mo‘ljallangan sinxron oqimli shifrlash algoritmi ishlab chiqilgan;
o‘zining tuzilishi va foydalanilgan akslantirishlariga ko‘ra ishlab chiqilgan oqimli shifrlash algoritmlari algebraik, chiziqli, differensial, integral kriptotahlil usullariga baholangan va baholash natijalari algoritmlarning yuqori xavfsizlik darajasiga egaligini ko‘rsatgan;
ishlab chiqilgan oqimli shifrlash algoritmlari tezlik, dasturiy va apparat ko‘rinishda amalga oshirish xususiyatlari, statistik testlar to‘plamiga asoslangan tasodifiylik darajasi bo‘yicha baholangan va baholash natijalari algoritmlardan hisoblash imkoniyati cheklangan muhitda ham foydalanish mumkinligini ko‘rsatgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Taklif etilgan algoritmlar va ular asosida ishlab chiqilgan dasturiy vositalardan olingan natijalar bo‘yicha:
dissertatsiya ishining ilmiy va nazariy ma’lumotlaridan, shuningdek, dasturiy amalga oshirishga qulay bo‘lgan NSA algoritmi asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita «O‘zbektelekom» AK Samarqand filialida amaliy faoliyatida foydalanuvchi ma’lumotlarini himoyalash maqsadida tatbiq etildi (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli Texnologiyalar vazirligining 2023-yil 26-iyuldagi 33-8/5069-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi natijasida shifrlash va rasshifrovkalash vaqti bo‘yicha 2.7% samaradorlikka erishilgan;
dissertatsiya ishida olingan natijalar asosida ishlab chiqilgan dasturiy ko‘rinishda amalga oshirishga qulay oqimli shifrlash algoritmining dasturiy vositasi “O‘zkomnazorat” Samarqand viloyati hududiy sho‘basi tarmog‘ida axborotni uzatish jarayonida konfidensiallikni ta’minlash maqsadida tatbiq etildi (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli Texnologiyalar vazirligining 2023-yil 26-iyuldagi 33-8/5069-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi korxonaning axborot uzatish va qabul qilish jarayonida aloqaning sifati va xavfsizligini ta’minlash, shu bilan bir qatorda, tashkilotning axborot tizimidagi yuklanishlarni kamaytirish va tizimning samaradorligini oshirish imkonini bergan;
dissertatsiyada olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita “UNICON.UZ”- Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi DUK amaliy faoliyatida tatbiq etildi (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli Texnologiyalar vazirligining 2023-yil 26-iyuldagi 33-8/5069-son ma’lumotnomasi). Erishilgan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita yordamida axborotni uzatishda uning konfidensialligini ta’minlashga va uzatishdagi bo‘lgan xatoliklarni kamaytirishga erishilgan.