Tursunxojaeva Shoira Utkurovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Narkotik moddalar bilan o‘tkir zaharlanishda jigardagi morfologik o‘zgarishlarini ekspert baholash», 14.00.24–Sud tibbiyoti (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tib251.

Ilmiy rahbar: Iskandarov Alisher Iskandarovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06. 2017.Tib.30.03.

Rasmiy opponentlar: Mavlyan-Xodjaev Ravshan Shuxratovich, tibbiyot fanlari doktori; Baxriev Ibroxim Isomiddinovich, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II.Tadqiqotning maqsadi: o‘tkir va surunkali narkotik intoksikatsiyasida jigardagi morfologik o‘zgarishlarni sud-tibbiy jihatidan ekspert baholashdan iborat.

III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

surunkali gepatit va alkogolizm fonida narkotikdan zaharlanishda gepatotsitlar regeneratsiyasini pasaytiruvchi jigar stromasidagi yallig‘lanish va skleroz hamda parenximasidagi distrofik va nekrotik o‘zgarishlarning rivojlanish darajasini ko‘rsatuvchi balli tizim yaratilgan;

surunkali gepatit va alkogolizm fonida narkotikdan zaharlanishda jigarning morfofunksional maydonlarida rivojlanadigan patomorfologik o‘zgarishlar, ya’ni 3-maydonda distrofik va nekroz, 2-maydonda Disse bo‘shlig‘i kengayishi, Kupfer hujayralari faollashuvi va 1-maydonda yallig‘lanishi, sklerotik o‘zgarishlar aniqlangan;

jigarning o‘ziga xos morfofunksional indekslari: PFI me’yorga nisbatan 2 barobar kamayishi, SFI me’yorga nisbatan ko‘tarilishi, JShI o‘tkir narkotikli zaharlanishda 0,21, surunkali zaharlanishda 0,1 ga tengligi isbotlangan;

surunkali gepatit va alkogolizm fonida narkotikdan zaharlanishda jigarning portal yo‘llarida limfotsit, makrofag va yosh biriktiruvchi to‘qima hujayralarining ustun turishi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Narkotik moddalar bilan o‘tkir zaharlanishda jigarning morfologik o‘zgarishlarni ekspert baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

«Jigarni narkotik moddalar bilan zaharlanishida miqdoriy ko‘rsatkichlarni aniqlash usulini morfometrik tadqiq qilish» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2011 yil 14 noyabrdagi 8n/176-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma organizmni narkotiklar bilan zaharlanishida jigar hujayralaridagi o‘zgarishlarni sud-tibbiy ekspert baholash imkonini bergan;

narkotiklar bilan o‘tkir zaharlanishlarda jigarning morfologik o‘zgarishlarni ekspert baholashni takomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika sud-tibbiy ekspertiza byurosi, Toshkent shahar sud-tibbiy ekspertiza byurosi amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 29 martdagi 8n-d/27-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalari sud-tibbiy ekspertiza byurosining ekspert amaliyotiga joriy qilinishi jigarni morfometrik ekspert baholash mezonlari nafaqat narkotiklar bilan zaharlanishda yuz bergan o‘limning asosiy sabablarini aniqlash, balki virusli gepatit turini aniqlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish