Salimov Umid Ravshanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Portal gipertenziya bilan bemorlarda azigoportal kollektorning total ajratish usulini takomillashtirish», 14.00.27–Xirurgiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tib582.
Ilmiy rahbar: Nazirov Feruz Gafurovich, tibbiyot fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.
Rasmiy opponentlar: Aliev Maxmud Muslimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Djumabaev Erkin Satkulovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: «Akademik B.V. Petrovskiy nomidagi Rossiya xirurgiya ilmiy markazi» federal davlat byudjet ilmiy muassasasi (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: shoshilinch va rejali ravishda kasalxonaga yotqizilgan bemorlarda azigoportal ajratish natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jigar sirrozi va portal gipertenziya bo‘lgan bemorlarni xirurgik davolash natijalari va hayot sifatini yaxshilash imkonini beruvchi azigoportal kollektorni ajratish usuli ishlab chiqilgan;
jigar sirrozi va portal gipertenziya bo‘lgan bemorlarda xirurgik amaliyotlarning taktik-texnik jihatlarini optimallashtirish imkonini beruvchi ajratuvchi amaliyotlardan so‘ng o‘ziga xos asoratlar rivojlanishining sabab-oqibat munosabatlari asoslangan;
jigar sirrozi va portal gipertenziya bo‘lgan bemorlarni olib borishning davolash-tashxislash taktikasini asoslangan ravishda optimallashtirish imkonini beruvchi azigoportal ajratish o‘tkazilgan bemorlarning yashab qolish ko‘rsatkichlari va hayot sifati baholangan;
o‘tkazilayotgan tadqiqotlarning ilmiy-uslubiy saviyasini sezilarli darajada oshirish imkonini beruvchi tibbiyot sohasidagi tadqiqot ishlarining xalqaro ro‘yxatida qayd etishni qo‘llash zarurati asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jigar sirrozi va portal gipertenziya bo‘lgan bemorlarni xirurgik davolash natijalarini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Portal genez qon ketishini oldini olish va davolashda gastroezofageal kollektorni to‘liq ajratishning modifikatsiyalangan usuli (tashxislash taktikasi va jarrohlik aralashuvi bilan davolash usuli)” uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 22 fevraldagi 8N-r/37-son ma’lumotnomasi). Portal gipertenziya bo‘lgan bemorlarni tavsiyalarga muvofiq davolash taktikasini optimallashtirish, operatsiyadan keyingi asoratlar sonini pasaytirish hamda qizilo‘ngachdan qon ketishi qaytalanishi xavfini kamaytirishga imkon bergan;
dissertatsiya ishidan portal gipertenziya bo‘lgan bemorlarni davolash sifatini yaxshilash bo‘yicha olingan natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, xususan, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning Nukus va Namangan filiallari klinik amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 29 martdagi 8-n-d/59-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotdan olingan natijalar portal gipertenziya sindromli bemorlarni jarrohlik yo‘li bilan davolash sifatini qizilo‘ngachdan qon ketishining qaytalanish sonini 14,4%dan 4,4%gacha, jigar etishmovchiligini 23,8%dan 7,7%gacha kamaytirish bilan yaxshilashga, operatsiyadan keyingi erta davrni 11%gacha qiyinlashtiradigan gastrogastral anastomoz etishmovchiligi kabi asosiy metodologiyaning asoratini yo‘qotishga imkon bergan.