Mansurov Ulug‘bek Umarovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar:

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “1917–1924 yillarda Farg‘ona vodiysi shaharlari tarixi”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: V.2017.1.PhD/Tar23.

Ilmiy rahbar: Ziyaeva Dono Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.06.01.2018.Tar.56.01.

Rasmiy opponentlar: Mahkamova Nodira Raxmanovna, tarix fanlari doktori; Sharafiddinov Abdug‘affor, tarix fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi shaharlari tarixida 1917–1924 yillarda sodir bo‘lgan keskin siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy o‘zgarishlar ta’siri va oqibatlarini ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 

1917 yil Fevral` inqilobi natijasida Farg‘ona vodiysining barcha yirik shaharlarida tashkil qilingan Dumalar orqali mahalliy aholi vakillari shahar xo‘jaligi va hayotini boshqarishda faol ishtirok etganligi, Oktyabr` to‘ntarishi natijasida esa Dumalar tarqatilib, shahar daromadi hamda xo‘jaligi butkul partiya izmiga bo‘ysundirilganligi, mahalliy aholi vakillari shahar boshqaruvidan chetlashtirilganligi aniqlangan;

sovet hokimiyatining iqtisodiy sohada davlat monopoliyasini o‘rnatishi va oziq-ovqat zahiralarini tortib olishi natijasida zavod-fabrikalar to‘xtab qolganligi, bog‘lar qarovsiz qolib, hosil bo‘lmaganligi, transport, bank, soliq tizimi izdan chiqqanligi bois taqchillik, etishmovchilik yuzaga kelib, shahar aholisining moddiy ahvoli og‘irlashganligi va uning soni keskin kamayib ketganligi, deurbanizatsiya holati yuzaga kelganligi yoritib berilgan;

shaharlarda sovet hokimiyatining dastlabki yillarida madaniy-ma’rifiy muassasalar faoliyati yagona tizimga ega bo‘lmaganligi, 1921 yildan boshlab faollashib borgan sovet madaniy muassasalari shaklan yangicha bo‘lsa-da, mohiyatan ular bol`sheviklar g‘oyalari, mafkuraviy targ‘ibot, sinfiy kurash vositalariga aylanganligi asoslangan;

harbiy va siyosiy kurashlar jarayonida Farg‘ona vodiysi shaharlarida ichimlik suvining tanqisligi, malakali shifokorlar etishmasligi, tibbiyot xizmatining past darajada bo‘lganligi hamda moddiy etishmovchilik sharoitida aholi orasida vabo, chechak, traxoma, o‘lat, bezgak kabi kasalliklar kuchayib ketganligi, shahar aholisi hayoti yanada og‘irlashganligi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

1917–1924 yillarda Farg‘ona vodiysi shaharlari tarixi tadqiqoti davomida olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:

1917 yilda o‘lkada sovet hokimiyatining zo‘rlik bilan o‘rnatilishi natijasida shaharlarning boshqaruv tizimi inqilobiy qo‘mitalar va diktatura qo‘liga o‘tishi bilan hukmron kuchlar va ularning g‘oyalari izmiga tushib qolganligi, shaharlardagi ijtimoiy-madaniy infratuzilmalar, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining yangi tizimi shakllanishidagi ziddiyatli holatlarni tarixiy faktlar asosida ochib berish masalalari F1-FA-0-11986 raqamli «O‘zbekiston shaharlari tarixi: an’analar, urbanizatsiya va transformatsiya jarayonlari (eng qadimdan hozirgacha)» nomli fundamental loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 29 noyabrdagi FTA-02-11/1211-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi Farg‘ona vodiysi shaharlarining 1917–1924 yillardagi o‘ziga xos, murakkab va ziddiyatli holatini aniqlash, ularning sabab va oqibatlarini xolisona baholashga xizmat qilgan;

statistik ma’lumotlar tahlili asosida o‘lka hududida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz va siyosiy kurash, bol`sheviklar hokimiyatining ekstensiv siyosatining vodiy shaharlari hayotiga salbiy ta’sir etganligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan Namangan viloyati o‘lkashunoslik muzeyi eksponatlarining «1917 yildagi Oktyabr` to‘ntarishi», «Sovet hokimiyatining Farg‘ona vodiysi shaharlarida o‘rnatilishi» mavzusidagi bo‘limlarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2017 yil 13 dekabdagi 01-11-08-6372-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi muzeyda sovet davrida Farg‘ona vodiysi shaharlaridagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot masalalari yoritilgan fotosuratlar va arxiv manbalari asosida yangi ekspozisiyalarning yaratilishi va ularni keng ommaga taqdim etish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish