Xudoyqulov Xurshid Xurramovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Fond bozori aktivlarini baholash mexanizmini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Iqt291.

Ilmiy rahbar: Mustafaqulov Sherzod Igamberdievich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Bank-moliya akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.15.01.

Rasmiy opponentlar: Toshmurodova Buvsara Egamovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Po‘latov Dilshod Xakberdievich, iqtisodiyot fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston fond bozoridagi aktivlarni baholash mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy asoslangan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

fond bozorida ishtirok etadigan aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalaridan kutilayotgan daromadni aniqlash maqsadida bozorning tizimli riskini hisoblash usuli ishlab chiqilgan;

fond bozoridagi aksiyalarning bozor bahosini yanada aniqroq belgilashga imkon yaratuvchi har bir aksiyani birja savdosida bitta lot shaklida sotishning samarali usul ekanligi asoslangan;

o‘rta muddatli g‘azna majburiyatlarini birjadagi savdosining amaldagi tartibiga ular to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlar hamda emissiya qilish parametrlarini birja orqali e’lon qilish tartibini kiritish orqali mazkur mexanizmni takomillashtirish taklifi ishlab chiqilgan;

fond bozorida ishtirok etadigan aksiyadorlik jamiyatlari emission xarajatlarining sezilarli darajada qisqartirilishiga ta’sir ko‘rsatuvchi korporativ obligatsiyalar emissiyasining soddalashtirilgan tartibi ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Fond bozori aktivlarini baholash mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

fond bozori aktivlarini baholash uslubiyotini takomillashtirish maqsadida xazina majburiyatlarini emissiya qilish tartibini takomillashtirish va kapitalni jalb qilishning muqobil manbai sifatida e’tiborga olish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1327-sonli «O‘zbekiston Respublikasining davlat o‘rta muddatli pul majburiyatlarini joylashtirish, muomalada bo‘lishi va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2017 yil 14 dekabrdagi YoT/20-03-31-12-82/2241-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy qilinishi, o‘z navbatida, fond bozoridagi aktivlardan kutilayotgan daromadni aniqlash imkoniyatini yanada oshirishga xizmat qilgan;

fond bozoridagi nisbatan risksiz aktivlar hisoblangan korporativ obligatsiyalarni muomalaga chiqarish talablarini soddalashtirish bo‘yicha takliflar «O‘rta va uzoq muddatli moliya bozorini rivojlantirish konsepsiyasi»da foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2017 yil 17 martdagi 654/02-29-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga tatbiq etilishi fond bozoridagi risksiz aktivlarning rivojlanishini ta’minlashga hamda fond bozoridagi aktivlarni baholash mexanizmining takomillashishiga olib kelgan; 

fond bozori aktivlarini baholash maqsadida har bir aksiyaning oldi-sotdisini bitta lot shaklida amalga oshirish bo‘yicha taqdim etgan taklifi «Toshkent» Respublika fond birjasining amaliyotida joriy etilgan («Toshkent» Respublika fond birjasining 2018 yil 12 apreldagi 01/08-07-482-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi natijasida fond bozoridagi aktivlarning bozor bahosini aniqlashga yordam berishi natijasida fond bozoridagi qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisi bo‘yicha birja bitimlarining 10 foizga oshishi ta’minlangan;

fond bozorida ishtirok etadigan aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalaridan kutilayotgan daromadni aniqlash maqsadida bozorning tizimli riskini hisoblash usuli bo‘yicha ishlab chiqqan taklifi «Toshkent» Respublika fond birjasining amaliyotida joriy etilgan («Toshkent» Respublika fond birjasining 2018 yil 12 apreldagi 01/08-07-482-son ma’lumotnomasi).  Mazkur ilmiy-amaliy yangilikning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida fond bozoridagi aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarini baholash usuli takomillashtirilgan va fond bozoridagi likvidli aktivlarni aniqlash imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish