Hamdamov Omonullo Ne’matullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Korxonalarda moliyaviy menejment tizimini takomillashtirish», 08.00.07– Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Iqt216.
Ilmiy rahbar: Tashmuradova Buvsara Egamovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.15.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Norboy G‘anievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Kudaybergenov Janpolat Shamuratovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: korxonalarda moliyaviy menejment tizimini takomillashtirishga doir ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy menejment tizimini xalqaro standartlar, xususan, CIPFA (The chartered institute of public finance and accountancy)ning MFM (The models of Financial management) modellari asosida takomillashtirish asoslangan;
ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini baholashda asosiy faoliyatdan olingan foyda (EBIT), aksiyadorlar kiritgan sarmoyasining rentabelligi (TSR)ni, aktivlar rentabelligi (ROA)ni hisoblash, xususiy kapital rentabelligi (ROE)ning normativ-chegaraviy miqdorlarini belgilash usullari takomillashtirilgan;
xalqaro MDA (Multiple discriminant analysis) modellariga asoslangan holda aksiyadorlik jamiyatlarida bankrotlik ehtimolligini aniqlash va prognozlash amaliyoti takomillashtirilgan;
yangidan tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitali miqdorini kamaytirish va ularning sonini oshirish orqali aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirishning tashkiliy mexanizmi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Korxonalarda moliyaviy menejment tizimini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy menejment tizimini xalqaro modellarga muvofiq takomillashtirish maqsadida moliyaviy menejerlar assotsiatsiyasi va moliyaviy menejment bo‘limlarini tashkil etish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi tomonidan aksiyadorlik jamiyatlari boshqaruvining namunaviy tashkiliy tuzilmasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Davlat aktivlarini boshqarish markazining 2018 yil 24 apreldagi 03/06-914-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy menejment bo‘limlarini tashkil etish asosida moliyaviy menejment mexanizmini rivojlantirish imkoniyati yaratilgan;
ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligining muhim ko‘rsatkichlarini aniqlash tartibi va me’yorlarini takomillashtirish bo‘yicha bildirilgan takliflari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 28 iyuldagi 207-sonli Qaroriga ilova «Davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlari to‘g‘risida»gi nizomni ishlab chiqishda foydalanilgan (Davlat aktivlarini boshqarish markazining 2018 yil 24 apreldagi 03/06-914-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlarini aniqlash tartibi takomillashtirilgan va me’yorlardagi mavjud kamchiliklar bartaraf etilgan;
aksiyadorlik jamiyatlarida bankrotlik ehtimolligini aniqlash va prognozlash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha bildirilgan takliflari O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 24 apreldagi PF-4720-sonli Farmoni 2-ilovasida belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlashga oid chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (Davlat aktivlarini boshqarish markazining 2018 yil 24 apreldagi 03/06-914-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotga tatbiq etilishi natijasida aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatida bankrotlik ehtimolligini aniqlash va oldindan prognoz qilish imkoniyati yaratilgan;
aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitali miqdorini 1,6 mlrd. so‘mdan 400 mln. so‘mgacha kamaytirish bo‘yicha taklifi O‘zbekistonda moliya bozorini o‘rta va uzoq muddatda rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 6 martdagi KA/07-01-35-18/49-267-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotga joriy etilishi 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan kapitalni jalb qilish hamda korxonalar, moliya institutlari va aholining erkin resurslarini joylashtirishning muqobil manbai sifatida fond bozorini rivojlantirishda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida aksiyadorlik jamiyatlari sonini ko‘paytirish orqali moliya bozorini yanada takomillashuviga xizmat qilgan.