Ergashev Abdusattor Tulanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Samig‘ Abdullaevning hayoti va ijodiy faoliyati”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi, 07.00.02 – ¬ Fan va texnologiyalar tarixi (tarix fanlari).
Ilmiy rahbar: Xoliqulov Axmadjon Boymaxamatovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ermetov Avaz Abdullaevich, tarix fanlari doktori, professor; Hasanov Jasur Mamatqodirovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot nomi: Muhammad-al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot-texnologiyalari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samig‘ Abdullaevning hayoti va ijodiy faoliyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
urush yillarida Samig‘ Abdullaev Sovet armiyasi tank qo‘shinlarining betalofat o‘tishi uchun maxsus harbiy operatsiyalarda ishtirok etib, Shimoliy Kavkaz frontining motorlashtirilgan muhandis sapyorlik bataloni tarkibidagi bo‘linmada yagona o‘zbek komandiri sifatida belgilangan vazifalarni aniq qo‘ya bilib, Sevastopoldagi aholi punktlari bo‘lgan “Krasniy”, “Proxladniy’, “Djiginskoe” hududlaridagi daryo ko‘priklarini tiklashda ishtirok etganligi aniqlangan;
Samig‘ Abdullaev Simferopolning Krostin shahridagi kichik komandirlar muhandislik maktabini muhandis-sapyor (portlatuvchi) mutaxassisligida bitirganligi, ko‘plab minalarni zararsizlantirganligi, komandir sifatida o‘z guruhida boshqaruv tizimini mustahkamlab, razvedka orqali dushman pistramalari va ularning sonini aniqlaganligi, Sevastopolning Kerch yarim oroli, Sapun gora (Sovunli tog‘) vodiysini ozod qilishda ishtirok etganligi aniqlangan;
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Samig‘ Abdullaev rassom sifatida yaratgan asarlarining katta qismi turli millat vakillaridan bo‘lgan quroldosh do‘stlari, o‘zbek generallari, oddiy askarlarning qahramonliklariga bag‘ishlanganligi dalillangan;
mustaqillik yillari Samig‘ Abdullaevning asarlarida davrga hamohang ravishda, asosan, vatanparvarlik, mardlik, jasoratga yo‘naltiruvchi g‘oyalar ustunlik qilganligi, asarlari ishtirok etgan harbiy qism, muassasalardagi ko‘rgazmalarda qatnashib, ijod na’munalarining mazmun-mohiyatini etkazishda faol bo‘lganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Samig‘ Abdullaevning hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Ikkinchi jahon urushi qahramoni Samig‘ Abdullaevning urush boshlangangunga qadar kichik komandirlar tayyorlash maktabida puxta bilimga ega bo‘lganligi, harbiy mutaxassis, kichik komandir lavozimi vazifalari va majburiyatlarini o‘rganganligidagi natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafquraviy ishlar bosh boshqarmasida ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik ishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2023-yil 24-martdagi 14/761-son dalolatnomasi). Qo‘llanilgan natijalar mazkur davrni faktik materiallar va ma’lumotlar bilan to‘ldirishga ko‘mak berib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;
Samig‘ Abdullaev o‘zining bo‘linmasi bilan berilgan vazifalarni bajarishda davom etganligi, “Verxniy” va “Nijniy krup” nomli aholi punktlari hududida yuz bergan to‘qnashuvlarda bajarilgan jangovar vazifalarni boshqarganligi haqidagi natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tarkibidagi “Shon-Sharaf” davlat muzeyining bo‘limlarini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2023-yil 24-martdagi 14/761-son dalolatnomasi). Samig‘ Abdullaevning frontdagi ishtiroki to‘g‘risida keltirilgan ma’lumotlarning muzey ekspozisiyasida namoyish qilinishi yoshlarda Ikkinchi jahon urushi tafsilotlari, janglardagi qiyinchiliklar, o‘zbekistonliklarning qahramonligi haqida yangicha tarixiy tafakkurni shakllantirishga xizmat qilgan;
O‘zbekistonda tasviriy san’atning rivojlanishi, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini portretlarini yaratgani, ularda chuqur vatanparvarlik hissi aks etganligidagi natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirda uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasiining 2023 yil 30 martdagi 06-30-453-son ma’lumotnomasi). Teletomoshabinlarning tarixiy bilimlarini oshirishga hamda O‘zbekiston yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutgan.