Rasulova Xurshidaxon Abduborievnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ishemik insul`tda angio-serebro-renal disfunksiya: prognozlash, tashxislash, davolash», 14.00.13–Nevrologiya va 14.00.05–Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tib82.
Ilmiy maslahatchilar: Madjidova Yakutxon Nabievna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Daminov Botir Turgunpulatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, DSc.27.06.2017.Tib.31.01.
Rasmiy opponentlar: Mirdjuraev El`bek Mirshavkatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Djurabekova Aziza Taxirovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Sabirov Maksud Atabaevich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Gyoteborg universiteti qoshidagi Salgrenska akademiyasi Neyrofanlar va fiziologiya instituti (Shvesiya).
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ishemik insul`tda angio-serebro-renal disfunksiyani klinik-nevrologik, nefrologik va eksperimental tadqiq qilish bilan tashxislash va prognozlash mezonlarini ishlab chiqish hamda terapevtik taktikani optimallashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor jins, yosh, qon tomirlar basseyni, kasallikning og‘irlik darajasi va renal disfunksiya (RD) mavjudligiga bog‘liq holda ishemik insul`t (II) patogenetik turlarining klinik-diagnostik mezonlari ishlab chiqilgan;
ilk bor II patogenetik turlari, tomirlar basseyni va davrlariga bog‘liq holda renal buzilishlarning uchrashi va strukturasi aniqlangan;
ilk bor II turlari, og‘irlik darajasi va gemodinamik ko‘rsatkichlarga bog‘liq holda nisbiy (RR) va atributiv xavf (AtR), imkoniyatlar munosabati (OR) va etiologik ulushni (EF) hisoblash orqali RDning xavf omillari va klinik-laborator manifestatsiyalari aniqlangan;
ilk bor II turlari va davriga bog‘liq holda angio-serebro-renal disfunksiyaning ishonchli markerlari asoslangan, KFT ko‘rsatkichlari va kategoriyalari (SBK bosqichlari) ochib berilgan;
ilk bor IIning davrlariga muvofiq buyraklar funksiyasining erta (o‘tkir) va kech (surunkali) yomonlashishiga ajratish orqali RDning klassifikatsiyasi ishlab chiqilib, ularning belgilari va sabablari aniqlangan;
ilk bor II bor bemorlarda patogenetik turlari, og‘irlik darajasi, jinsi va yoshi hamda RD mavjudligiga bog‘liq holda tomirlar endoteliysining nitroksid- va endotelin ishlab chiqaruvchi funksiyalari, xolinergik tizim markerlari va tomirlar o‘sishining endotelial omili misolida ED va angiogenez jarayonining patogenetik roli isbotlangan;
ilk bor IIda angio-serebro-renal kontinuumning o‘zaro bog‘liqligi va rivojlanish mexanizmi ko‘rsatilgan, angio-serebro-renal disfunksiyaning tashxislash va prognozlash mezonlari ishlab chiqilgan;
ilk bor EII dinamikasida va farmakoterapiya fonida kalamushlarning bosh miyasi va buyraklarida patomorfostruktur o‘zgarishlar bilan bog‘liq holda neoangiogenez va ED yaqqol belgilari aniqlangan;
ilk bor EII modelida suksinasol, tivortin va xolin al`fosserati preparatlari bilan IIda sito- va neyroproteksiyaning angio-serebro-renal disfunksiyaga ta’sir mexanizmining sxemasi asoslangan va bemorlarda ularning samaradorligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ishemik insul`tda angio-serebro-renal disfunksiya: prognozlash, tashxislash, davolash bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar asosida:
«Ishemik insul`tning patogenetik turlarini differensial tashxislash usuli» uchun Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№ IAP 04956, 22.09.2014 y.). Natijada ishemik insul`tning turlarini tashxislash va ularni differensial davolash taktikasini yaxshilashga imkon yaratgan;
«Miya insul`tining oqibatini prognozlash usuli» uchun ixtiroga patenti olingan (№ IAP 05589, 25.04.2018 y.). Natijada insul`tning kechishi va oqibatlarini prognozlash, erta o‘lim sonini kamaytirish va hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilgan;
«Ishemik insul`tning patogenetik turlarini differensial tashxislash usulini optimallashtirish», «Ishemik insul`tda angio-serebro-renal disfunksiyani tashxislash va prognozlash» uslubiy tavsiyanomalari tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 10 oktyabrdagi 8n-d/32-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotning joriy etilishi natijasida insul`t o‘tkazgan bemorlarda erta o‘lim, nogironlik va vaqtinchalik ishga layoqatsizlik darajalari qisqartirilgan, tashxislash narxi va xodimlarning ish vaqtiga ketadigan xarajatlar kamaygan.
IIni angio-serebro-renal disfunksiyani hisobga olgan holda prognozlash, tashxislash va davolash bo‘yicha olingan natijalar Xorazm viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Urganch tuman tibbiy uyushmasi, Buxoro viloyati Kogon tibbiy uyushmasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon filiali, Toshkent shahri 2-sonli Respublika klinik shifoxonasi amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 6 apreldagi 8n-z/47-son ma’lumotnomasi).