Xoldorov Abdug‘ofurjon Abdivaxabovichning

dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonning lalmikor maydonlari uchun arpaning serhosil ozuqa va pivobop navlarini yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx26.

Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi.

Ilmiy rahbar: Xalilov Nasriddin, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: arpaning «Abu-G‘ofur» navi (NAR 00173), arpaning «Xotira-59» navi (NAR 00178).

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 17 apreldagi 02-11/910-son va 2018 yil 4 maydagi 02-11/1089-son xulosalari.

II. Tadqiqotning maqsadi: respublikaning lalmikor maydonlarida ekish uchun tashqi muhitning noqulay omillariga chidamli, serhosil ozuqa va pivobop yangi arpa navlarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor respublikaning lalmikor erlari sharoitida arpaning jahon kolleksiyasi namunalari va mahalliy arpa nav namunalarining asosiy biologik xususiyatlari, qimmatli xo‘jalik belgilari aniqlangan;

mazkur namunalar ichidan ozuqaboplik va pivoboplik sifat ko‘rsatkichlari hamda qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan boshlang‘ich ashyolar tanlab olingan;

tanlab olingan nav va namunalar ishtirokida duragaylash ishlari o‘tkazilib, lalmikor sharoitlarga mos, tashqi muhit omillariga chidamli, yuqori mahsuldor tizmalar xo‘jalik va biologik belgilar bo‘yicha baholangan;

arpaning tashqi muhit noqulay omillariga chidamli, yuqori hosilli, sifat ko‘rsatkichlari yaxshi bo‘lgan boshlang‘ich manbalar tanlab olingan, ular asosida arpaning serhosil, ozuqa va pivo sanoati talablariga mos «Abu G‘ofur» va  «Xotira 59» navlari yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbekistonning lalmikor maydonlari uchun arpaning serhosil ozuqa va pivobop navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:

respublikaning lalmikor maydonlarida ekish uchun serhosil, ozuqa va pivoboplik talablariga javob beradigan, kasalliklarga chidamli bo‘lgan arpaning «Abu G‘ofur» va  «Xotira 59» navlari yaratilgan hamda ushbu navlar uchun Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga patentlariolingan (NAR 00173, NAR 00178). Natijada respublikaning lalmikor hududlarida ushbu arpa navlari asosiy maydonlarga ekilishiga erishilgan;

arpaning «Abu G‘ofur» navi 2015 yildan boshlab Jizzax, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari lalmikor erlari uchun kuzgi muddatlarda ekish uchun qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining 2018 yil 4 maydagi 53/4-272-son ma’lumotnomasi). Natijada «Abu G‘ofur» arpa navidan lalmikor maydonlarda gektaridan 200-250 ming so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishilgan va rentabellik darajasi 23 foizni tashkil etgan;

2017–2018 yillari hosili uchun arpaning yangi «Abu G‘ofur» navi Jizzax va Samarqand viloyatlarining lalmikor hududlari fermer xo‘jaliklarida jami 206,0 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 7 maydagi 02/021-5-son ma’lumotnomasi). Arpaning yangi «Abu G‘ofur» navi ekilishi natijasida lalmikor maydonlarda boshqa arpa navlariga nisbatan gektaridan 3,0-5,3 sentner qo‘shimcha don hosili olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish