Bo‘taev Usmonjon Xayrullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda demokratik jamiyat rivojida tinchlik va barqarorlikning o‘rni», 09.00.04-Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fal40.
Ilmiy rahbar: Paxrutdinov Shukritdin Ilyasovich, siyosiy fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.G‘.01.05.
Rasmiy opponentlar: Qodirov Anvar Kaxxarovich, falsafa fanlari doktori, professor; Muxtarov Azamat Muxtarovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda demokratik jamiyat rivojida tinchlik va barqarorlikning o‘rnini falsafiy jihatdan ochib berish hamda ijtimoiy-siyosiy xavfsizlikni mustahkamlash yuzasidan taklif-tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda demokratik jamiyat rivojida tinchlik va barqarorlik kategoriyalarining sotsiokreativ xususiyatlari va uni rivojlantiruvchi omillar (ijtimoiy-siyosiy muvozanat, millatlararo totuvlik, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash) aniqlangan;
tinchlik va barqarorlik fenomenlarining ijtimoiy-falsafiy mohiyati hamda ularning jamiyat rivojiga permanent ta’siri asoslangan;
O‘zbekistonda demokratik jamiyat rivojida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning gumanistik missiyasi hamda rivojlanish tendensiyalari dialektik va sinergetik nuqtai nazardan takomillashtirilgan;
tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, «mutlaq yangi global madaniy-gumanitar borliq» konsepsiyasida ijtimoiy mas’uliyatning immanent belgilari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonning demokratik jamiyati rivojida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan ijtimoiy-falsafiy takliflar asosida:
O‘zbekistonda demokratik jamiyat rivojida tinchlik va barqarorlik kategoriyalarining sotsiokreativ xususiyatlari va uni rivojlantiruvchi omillarga doir takliflardan «Milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari» o‘quv qo‘llanmasining «Jamiyat taraqqiyoti, barqarorligi va tahdidbardoshligini ta’minlashda ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaning o‘rni» va «Yuksak ma’naviyat va mafkuraviy immunitetni baholashning o‘lchov mezonlari («Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch» asari asosida)» mavzularini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2018 yil 7 apreldagi 03-02/2-2-997-son ma’lumotnomasi). Bu O‘zbekistonda demokratik jamiyatni rivojlantirishda aholi, ayniqsa, yoshlarda tinchlikni asrab-avaylash, mustahkamlash tuyg‘usini shakllantirishning milliy-etnik va diniy-konfessional jihatlari va milliy urf-odatlari yanda kengroq tushini imkoniyatini yaratgan;
tinchlik va barqarorlik fenomenlarining ijtimoiy-falsafiy mohiyati hamda ularning jamiyat rivojiga permanent ta’siriga oid taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan o‘tkazilgan «Armiya – askar – Vatan mas’uliyati», «Harbiy vatanparvarlik – yuksak ishonch va sadoqatdir» mavzularidagi ilmiy-ma’rifiy tadbirlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat Markazining 2017 yil 2 noyabrdagi 14/3/620-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amaliyotga joriy etilishi harbiy xizmatchilarda Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini, yuksak axloqiy fazilatlarni hamda harbiy vatanparvarlikni shakllantirishga xizmat qilgan;
tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, «mutlaq yangi global madaniy-gumanitar borliq» konsepsiyasida ijtimoiy mas’uliyatning immanent belgilariga oid takliflardan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti faoliyatida jamoatchilik fikrini o‘rganish va tahlil qilishda, «Sud-huquq tizimini takomillashtirishda advokatura xodimlarining o‘rni va roli» mavzusidagi fokus-guruh tadqiqotida hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi faoliyatida foydalanilgan (Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining 2017 yil 30 noyabrdagi 11/348-son, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2018 yil 4 apreldagi 01-08-458-son ma’lumotnomalari). Mazkur takliflarni amaliyotga joriy etilishi mamlakatimizda sud-huquq tizimi faoliyatini baholash, mazkur sohada faoliyat yurituvchi xodimlarni ijtimoiy mas’ulligini oshirish hamda fuqarolarda javobgarlik va ishonch tamoyilini yaratishga imkon bergan;
O‘zbekistonda demokratik jamiyat rivojida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning gumanistik missiyasi hamda rivojlanish tendensiyalariga oid taklif-tavsiyalardan Taraqqiyot strategiyasi markazi tomonidan o‘tkazilgan «Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi – oliy ne’mat», «Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – barqarorlik kafolati» mavzularidagi ilmiy-ma’rifiy tadbirlarda foydalanilgan (Taraqqiyot strategiyasi markazining 2017 yil 10 oktyabrdagi 929/17-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning amaliyotga joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ijrosini ta’minlash hamda yoshlarda mamlakatimizdagi keng ko‘lamli demokratik islohotlarning mohiyati borasidagi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilgan.