Narbaev Sharafatdin Kengeshovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi):  “Yaylovlardan foydalanish tizimini shakllantirishning tashkiliy-iqtisodiy asoslarini takomillashtirish (Qoraqalpog‘iston Respublikasi materiallari misolida)” 08.00.04–Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Iqt434.

Ilmiy rahbar: Chertoviskiy Aleksandr Stepanovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.I.10.03.

Rasmiy opponentlar: Choriev Qurbon Amirovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Tangirov Abduxoliq Egamovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi:  yaylovlardan foydalanish tizimining iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy talablarini ta’minlash va tashkiliy-iqtisodiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

yaylovlardan foydalanish samaradorligini aniqlash va unumdorligini tiklash uchun  yaylovlar degradatsiyasidan ko‘rilgan zararni baholash uslubiyati ishlab chiqilgan;

yaylovlardan foydalanuvchilar uyushmasini tuzish kriteriyalari va uni boshqarishning iqtisodiy mexanizmi va tamoyillari ishlab chiqilgan;

yaylovlardan foydalanuvchilar uyushmasi byudjetini shakllantirish va aholining chorva mollarini boqish to‘lovlarini hisoblash uchun yaylov biletining qiymati asoslangan;

uyushma yaylovlari hududini tashkil etishning uslubiy asoslari (Nukus tumani “Kerder” uyushmasi misolida) ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Yaylovlardan foydalanish tizimini shakllantirishning tashkiliy-iqtisodiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan olingan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:

yaylovlar degradatsiyasidan ekologiyaga keltirilgan zararni baholash uslubiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 7 martdagi 011/09-436-son ma’lumotnomasi) amaliyotga joriy etilgan. Degradatsiyaga uchragan yaylovlardan foydalanishdagi o‘rtacha ekologik zarar miqdorini hisoblash natijalariga ko‘ra, degradatsiya darajasi 1% bo‘lganda gektariga 2,38 ming so‘mni, degradatsiya darajasi 20% bo‘lganda esa 47,6 ming so‘m/ga ni tashkil etgan. Barcha yaylov maydonlari uchun respublika bo‘yicha ko‘rilgan ekologik zarar mos ravishda degradatsiya darajasi 1% bo‘lganda 3,69 mlrd. so‘mni, degradatsiya darajasi 20% bo‘lganda esa 73,83 mlrd. so‘mni tashkil etgan;

yaylovlardan foydalanuvchilar uyushmasini tashkil etish kriteriyalari, uni boshqarishning iqtisodiy mexanizmlari va tamoyillari bo‘yicha berilgan takliflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 7 martdagi 011/09-436-son ma’lumotnomasi) amaliyotga joriy etilgan. “Kerder” uyushmasini tuzish asosida yaylovlar degradatsiyasini bartaraf qilish yaylovlardan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini 1ga maydonda (degradatsiya 20% bo‘lganda) 23,0 ming so‘mga, jami uyushma erlarida esa 23,575 mln. so‘mga oshirishni ta’minlaydi. Uyushma uchun tavsiya etilgan jami (155,1 ming ga) maydonda samaradorlikning oshishi 3,567 mlrd.so‘mni, yangi ish o‘rinlari esa 650 tani tashkil qilgan;

Nukus tumani “Kerder” yaylovlardan foydalanuvchilar uyushmasi misolida aholiga chorva mollarini boqish uchun yaylov bileti qiymati asoslab berilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 7 martdagi 011/09-436-son ma’lumotnomasi). Yaylov bileti bir bosh chorva moli uchun o‘rtacha 7 ming so‘mni tashkil etgan;

uyushma yaylovlari hududini tashkil etishning uslubiy asoslari ishlab chiqilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 7 martdagi 011/09-436-son ma’lumotnomasi). Takliflar O‘zbekiston Respublikasi “Davergeodezkadastr” qo‘mitasining “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash institutida qishloq xo‘jalik korxonalarining yaylovlarida er tuzish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqishda foydalanish uchun qabul qilingan. Uni ishlab chiqarishga joriy qilish natijasida 14,5 mln. so‘m iqtisodiy samaradorlkka erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish