Sarmanov Sherzod Shermaxmatovichning

dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonning janubiy mintaqalari sharoitida arpa seleksiyasi uchun mahsuldor va tezpishar boshlang‘ich manbalar yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx132.

Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Don dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti Qashqadaryo filiali

Ilmiy rahbar: Xodjaqulov Turaqul, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: kuzgi arpaning «Voha» navi (NAR 00195).

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 06 apreldagi 02-11/827-son xulosasi.

II. Tadqiqotning maqsadi: jahon kolleksiyalari namunalari asosida Qashqadaryo viloyati tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan arpaning ertapisharlik va tashqi muhitning noqulay omillariga chidamli hosildor, don sifati, donining to‘kilmasligi va yotib qolmaslik belgilarini o‘zida mujassamlashtirgan boshlang‘ich manbalarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor Qashqadaryo viloyati tuproq-iqlim sharoitida arpaning jahon kolleksiya nav va namunalari ilmiy tahlil qilingan va yangi navlarni yaratish uchun boshlang‘ich manbalar ajratib olingan;

arpaning ertapisharlik, yuqori hosildorlik va yuqori sifatlilik, tashqi muhitning noqulay sharoitlariga, keng tarqalgan kasalliklarga chidamlilik belgilarni mujassamlashtirgan duragaylar yaratish uchun ota-onalik juftliklarini tanlangan;

chatishtirishlar natijasida duragaylar va ularning ota-onalik shakllari o‘rtasidagi qimmatli xo‘jalik belgilar o‘zaro o‘zviy bog‘liqliklari aniqlangan;

tur ichida chatishtirish orqali noyob duragaylar yaratilgan va genetik belgilari o‘zida mujassamlashgan oilalar hamda tizmalar ajratib olingan;

xo‘jalik uchun qimmatli belgilarga ega bo‘lgan arpaning «Voha» navi yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbekistonning janubiy mintaqalari sharoitida arpa seleksiyasi uchun mahsuldor va tezpishar boshlang‘ich manbalar yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijasi asosida:

respublikaning sug‘oriladigan maydonlari uchun don sifati yuqori, tezpishar, qurg‘oqchilikka chidamli, yotib qolishga bardoshli, qimmatli belgi va xususiyatlarga ega bo‘lgan arpaning yangi yaratilgan «Voha» naviga Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘i patenti olingan (NAP 00195). Natijada ushbu arpa navi janubiy mintaqalar tomorqa va fermer xo‘jaliklari g‘alla maydonlarida keng maydonlarga ekilgan;

duragaylash yo‘li bilan sug‘oriladigan maydonlar uchun yaratilgan arpaning «Voha» navi 2018 yildan Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlari sug‘oriladigan maydonlarida kuzgi muddatlarda ekish uchun qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining.2018 yil 11 yanvardagi 02/21-49-son ma’lumotnomasi). Natijada arpaning ushbu navidan respublikaning janubiy mintaqalari g‘allachilik fermer xo‘jaliklarida yuqori va sifatli don hosili olishga erishilgan;

yangi yaratilgan «Voha» navi 2017 yil hosili uchun Qashqadaryo viloyati fermer xo‘jaliklarining sug‘oriladigan erlarida jami 22 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 11 yanvardagi 02/21-49-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu navdan fermer xo‘jaliklarida gektaridan 5,0-5,5 sentnergacha yuqori hosil olingan va 600-650 ming so‘m sof foyda keltirgan, rentabellik darajasi 33,4 foizni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish