Ziyadullaev Maxmudjon Djurakulovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasida pensiya tizimining huquqiy asoslarini takomillashtirish”, “12.00.05 – Mehnat huquqi. Ijtimoiy ta’minot huquqi” ixtisosligida (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.DSc/Yu157.
Ilmiy rahbar: Usmanova Muborak Akmaldjanovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, DSc.32/30.12.2020.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Ismailov Shuxratjon Abdusaminovich, yuridik fanlar doktori, professor; Samarxodjaev Botir Bilolovich, yuridik fanlar doktori, professor; Gaziev Shoxruh Murodalievich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida pensiya tizimining huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
pensiyalarni tayinlashda, qayta hisoblashda, to‘xtatilgan pensiyalarni tiklashda, boshqa davlatlardan ko‘chib kelgan pensionerlarning pensiyasini hisoblab chiqarishda, shuningdek pensiyalarning miqdorini oshirishda «eng kam ish haqi» o‘rniga «pensiyani hisoblash bazaviy miqdori» kategoriyasini tatbiq etish lozimligi asoslantirilgan;
qonunchilik bo‘yicha I va II guruh nogironlik pensiyalarini oluvchi fuqarolarning pensiya ta’minoti qatoriga qo‘shimcha ravishda Chernobil AES halokati oqibatida III guruh nogironi bo‘lib qolgan shaxslarni qo‘shish, boquvchisini yo‘qotgan shaxslarning pensiya kafolatlarini 18 yoshdan 23 yoshga uzaytirish, bolani parvarishlash ta’tilining pensiya tayinlashda hisobga olinadigan davrini 3 yildan 6 yilga uzgartirish orqali fuqarolarning pensiya imtiyozlarini bosqichma-bosqich kengaytirib borish asoslantirilgan;
sudyalar va prokuratura organlarining darajali unvonlarga (harbiy unvonlarga) ega bo‘lgan xodimlariga pensiya tayinlashda hisobga olinadigan maxsus ish stajlarini hisob-kitob qilishda ularning Oliy Majlis qonunchilik palatasi yoki Senat qarorlariga asosan muayyan lavozimlarga tayinlanib ishlagan davrlarini ham yuridik jihatdan tenglashtirish zarurligi dalillantirilgan;
ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiyalar to‘lash ushbu manzil koloniya joylashgan erdagi Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan pensiyalarni mahkumlarning shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkazish orqali amalga oshirish tartibini joriy qilish asoslab berilgan;
fuqaro pensiya tayinlash to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga bevosita tashrif buyurishi yoki elektron pochta orqali murojaat qilish huquqiga ega ekanligi hamda vafot etgan boquvchining 18-23 yoshdagi oila a’zosi, agarda O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida o‘qisa, ushbu muassasaning o‘quvchi yoki talaba ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi pensiya tayinlash uchun asos ekanligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
pensiyalarni tayinlashda, qayta hisoblashda, to‘xtatilgan pensiyalarni tiklashda, boshqa davlatlardan ko‘chib kelgan pensionerlarning pensiyasini hisoblab chiqarishda, shuningdek pensiyalarning miqdorini oshirishda «eng kam ish haqi» o‘rniga «pensiyani hisoblash bazaviy miqdori» kategoriyasini tatbiq etish lozimligi bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunining 27, 28, 29, 31, 49-moddalarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2021 yil 6 avgustdagi 05/1-02-143-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif pensiyalarni tayinlash, hisoblash, ular miqdorlarini oshirish bo‘yicha aniq hisob-kitob mexanizmlarini joriy qilishga xizmat qilgan;
qonunchilik bo‘yicha I va II guruh nogironlik pensiyasini oluvchi fuqarolar pensiya ta’minoti qatoriga qo‘shimcha ravishda Chernobil AES halokati oqibatida III guruh nogironi bo‘lib qolgan shaxslarni qo‘shish, boquvchisini yo‘qotgan shaxslarning pensiya kafolatlarini 18 yoshdan 23 yoshga uzaytirish, bolani parvarishlash ta’tilining pensiya tayinlashda hisobga olinadigan davrini 3 yildan 6 yilga o‘zgartirish bo‘yicha takliflardan O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonunining 15, 19, 37-moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktor o‘rinbosarining 2022 yil 2 fevraldagi 03/30-01-01-32/198-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar aholi uchun pensiya imtiyozlarini yanada kengroq joriy qilishga xizmat qilgan,
sudyalar va prokuratura organlarining darajali unvonlarga (harbiy unvonlarga) ega bo‘lgan xodimlariga pensiya tayinlashda hisobga olinadigan maxsus ish stajlarini hisob-kitob qilishda ularning Oliy Majlis qonunchilik palatasi yoki Senat qarorlariga asosan muayyan lavozimlarga tayinlanib ishlagan davrlarini ham yuridik jihatdan tenglashtirish zarurligiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 30-bandiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021 yil 4 martdagi ma’lumotnomasi). Sud xodimlarining pensiya olish uchun zarur bo‘lgan ish davrlarini yuridik kafolatlashga xizmat qilgan;
ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiyalar to‘lash ushbu manzil koloniya joylashgan erdagi Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan pensiyalarni mahkumlarning shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkazish orqali amalga oshirish tartibini joriy qilishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunning 53¹-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash qo‘mitasining 2019 yil 24 oktyabrdagi 05/3-06-115-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif mahkumlarning pensiya ta’minoti olish huquqini kafolatlashga xizmat qilgan;
fuqaroning pensiya tayinlash to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga bevosita tashrif buyurishi yoki elektron pochta orqali murojaat qilishi, shuningdek vafot etgan boquvchining 18-23 yoshdagi mehnatga layoqatsiz oila a’zosi O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida o‘qishi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma pensiya tayinlash uchun asos ekanligi to‘g‘risidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 oktyabrdagi 592-son «Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomda o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyatining 2022 yil 11 noyabrdagi ma’lumotnomasi). Ushbu taklif pensiya tayinlashda fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklarini oldini olishga va pensiya tayinlashda fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish