Baxramov Ruziboy Mirzamaxsudovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yirik gulli magnoliya (Magnolia grandiflora L.) ni bioekologiyasi va ko‘chatlarini etishtirish texnologiyasi”, 06.03.01-O‘rmon ekinlari. Seleksiya, urug‘chilik va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish. O‘rmonlar agromelioratsiyasi va himoya o‘rmonlarini barpo etish (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Qx594
Ilmiy rahbar: Kojaxmetov Sovetbek Kojaxmetovich, qishloq xo’jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04
Rasmiy opponentlar: Qayimov Abduhalil, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor; Temirov Eldor Ergashboevich, qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi och tusli bo‘z tuproq - iqlim sharoitida o‘suvchi yirik gulli magnoliya (M.grandiflora. L) ning morfo-biologiyasini o‘rganish, urug‘i va qalamchalaridan ko‘paytirish, ko‘chatlarni o‘sishiga sug‘orish, o‘g‘itlash me’yori hamda maqbul muddatlarining ta’sirini aniqlash, hamda ko‘chatlarini etishtirishning iqtisodiy samaradorligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekiston sharoitida o‘sayotgan yirik gulli magnoliyaning gullash davomiyligi 100-110 kun, yiliga g‘unchalar soni 23 ta, barglar soni 40 ta, shoxlanish soni 5-7 taga ortishi, hamda yillik o‘sishi esa 23-29 sm ekanligi, ushbu ko‘rsatkichlar uning vatanidagiga nisbatan gullash davomiyligi 30 kun, g‘unchalar soni 17 ta, barglar soni 50 ta, shoxlanish soni 10 ta, yillik o‘sishi 20 sm ga kam ekanligi aniqlangan;
yirik gulli magnoliya urug‘larini sentyabr oyining oxirgi dekadasida terib olingan va 90 kun stratifikatsiya qilingan urug‘larni kakosli torfga ekish orqali 72,6% unuvchanlikka erishilganligi, hamda stratifikatsiya qilinmagan urug‘larga nisbatan 60% yuqori natija olish mumkinligi aniqlangan;
yirik gulli magnoliyaning bir yillik novdalariga 5 mg/g me’yordagi kornevin bilan ishlov berish orqali 5% ildiz olishga erishilgan bo‘lib, boshqa stimulyatorlarda ildiz olmaganligi aniqlangan;
yirik gulli magnoliya ko‘chatlarini N90P60K30 me’yorda o‘g‘itlash orqali urug‘ko‘chat balandligi 110 sm, ildiz bo‘g‘zining diametri 1,8 sm, shoxlanishlar soni 7 taga etkazish, hamda ushbu ko‘rsatkichlar o‘g‘itlanmagan ko‘chatlarlarga nisbatan balandligi 3,7, ildiz bo‘g‘zining diametri 1,38, shoxlanishlar soni 3,5 martaga yuqori ekanligi aniqlangan;
yirik gulli magnoliya ko‘chatlarini etishtiriladigan ko‘chatxonalarda chegara dala namlik sig‘imi 60-70% ni tashkil etganda 4 yoshli ko‘chatlarning balandligi 105 sm ga teng bo‘lib, ChDNS 40-50% (nazorat) bo‘lganga nisbatan 60 sm yuqori o‘sish ko‘rsatkichga erishish mumkinligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yirik gulli magnoliya o‘simligini  bioekologiyasi va urug‘i hamda vegetativ organlaridan ko‘paytirish, ko‘chatlariga qo‘llanilgan o‘g‘it va suv me’yorlarining ta’sirini aniqlash bo‘yicha natijalari asosida:
“Yirik gulli magnoliya (M.grandiflora L.) ni bioekologiyasi va ko‘chatlarini etishirish texnologiyasi” mavzusida tavsiyanoma tasdiqlangan. (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2022 yil 29 iyuldagi 04/21–3458–sonli ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma ko‘kalamzorlashtirish va o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari, fermerlar va ko‘chat etishtirishga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklar hamda manzarali o‘simliklarni etishtiruvchi korxonlar uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda.
Yirik gulli magnoliya urug‘larini ekishga tayyorlash va ko‘chatlarini etishtirish ishlanmasi Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligining Niyozbotir o‘rmon uchastkasiga. 2.3 ga er maydoniga hamda Izboskan o‘rmon uchastkasiga 2,2 ga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2022 yil 29 iyuldagi 04/21–3458–sonli ma’lumotnomasi). Natijada urug‘ unuvchanligini 74% ga oshirish va ko‘chat etishtirish orqali 160000,0 ming so‘m/ga iqtisodiy samara olishga erishilgan.  
Jadallashgan usulda yirik gulli magnoliya ko‘chatlarini etishtirish ishlanmasi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot instituti Andijon filialining 0.4 ga maydoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2022 yil 29 iyuldagi 04/21–3458–sonli ma’lumotnomasi). Natijada yirik gulli magnoliya ko‘chatlarini etishtirish muddatini 2 yilga qisqartirish orqali qo‘shimcha 8000,0 ming so‘m/ga iqtisodiy samara olish mumkinligi aniqlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish