Soliev Baxtiyorjon Chinobudinovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Farg‘ona vodiysi sharoitidagi mahsuldor sigirlarda yod, rux etishmovchiligi va ularning oqibatidagi bepushtliklar”, 16.00.01 - Hayvonlar kasalliklari diagnostikasi, terapiyasi va xirurgiyasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/V66
Ilmiy rahbar: Eshburiev Baxtiyar Mamatkulovich, veterinariya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.06/30.12.2019.V.12.01.
Rasmiy opponentlar: Bakirov Baxtiyar, veterinariya fanlari doktori, professor; Kuldashev Otamurod Urazovich, veterinariya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sog‘in sigirlarda yod va rux etishmovchiligi oqibatida kuzatiladigan alimentar bepushtliklarning etiologiyasi, kasalliklarning kechish xususiyatlari va diagnostikasini asoslash hamda sigirlarda bepushtliklarni oldini olishning samarali usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona vodiysi qoramolchilik fermer xo‘jaliklari sharoitidagi sog‘in sigirlarda yod, rux mikroelementlari etishmovchiligi va ular oqibatida kuzatiladigan bepushtlikning tarqalishi, sabablari va iqtisodiy zarari, patogenezi va kechish xususiyatlari aniqlangan;
Mahsuldor sigirlarda yod va rux etishmovchiligi ishtahaning o‘zgarishi (lizuxa), shilliq pardalarning anemiyasi, teri qoplamasi yaltiroqligi va elastikligining pasayishi, pigmentsizlanishi peshona va elkada junlarning kuchli o‘sishi, bo‘yin va tizza sohalarida terining burmali holatga kelishi kabi diagnostik ahamiyatga ega simptomlar bilan kechishi ilmiy asoslangan;
Sigirlarda yod va rux etishmovchiligi oqibatidagi bepushtliklar noto‘liq jinsiy sikl va (areaktiv, anovulyator jinsiy sikl) kuyikishning yashirin kechishi, servis davrining o‘rtacha 90-110 kungacha uzayishi aniqlangan.
Sigirlarda asosan yod, rux etishmovchiligi bilan kechadigan mikroelementozlar va ular oqibatidagi bepushtliklar qondagi gemoglobin, umumiy oqsil, glyukoza, ishqoriy zahira va rux miqdorlarini kamayishi bilan xarakterlanishi tadqiqotlarda isbotlangan.
Sog‘in sigirlarda yod, rux mikroelementlari etishmovchiligi va ular oqibatida kuzatiladigan bepushtliklarni oldini olish uchun mikroelementlar bilan boyitilgan granula shaklidagi omuxta em berilishi ularning pushtdorligi hamda mahsuldorligiga ijobiy ta’sir etishi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi sharoitidagi mahsuldor sigirlarda yod, rux etishmovchiligi va ularning oqibatidagi bepushtliklar bo‘yicha ishlab chiqilgan natijalar asosida:
«Farg‘ona vodiysi sharoitida mahsuldor sigirlarda yod va rux etishmovchiligining etiopatogenezi, ertachi diagnostikasi» bo‘yicha tavsiyanoma ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 17-martdagi 02/23-116-son ma’lumotnomasi). Natijada sigirlarning yod, rux etishmovchiligi va ular oqibatidagi bepushtliklarining sabablari, rivojlanishi va kechish xususiyatlari, simptom va sindromlarini o‘rganish asosida ertachi diagnostika qilishga erishilgan;
«Farg‘ona vodiysi sharoitida mahsuldor sigirlarda yod, rux etishmovchiligi va ularning oqibatidagi bepushtliklarni oldini olish» bo‘yicha tavsiyanoma ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 17-martdagi 02/23-116-son ma’lumotnomasi). Natijada sog‘in sigirlarda yod, rux etishmovchiligini guruhli profilaktika qilinishi hamda sut mahsuldorligining o‘rtacha 5,4 litrga, ulardan olingan buzoqlarning tug‘ilgandagi tana vaznining nazoratga nisbatan o‘rtacha 7,4 kg ga yuqori bo‘lishini ta’minlagan.
Farg‘ona vodiysi qoramolchilik fermer xo‘jaliklarida sog‘in sigirlarda yod, rux etishmovchiligi va ularning oqibatidagi bepushtliklarni guruhli profilaktika qilishda mikroelementlar tuzlari bilan boyitilgan granulalangan emlarni qo‘llash usullari joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 17-martdagi 02/23-116-son ma’lumotnomasi). Natijada mahsuldor sigirlarda yod va rux etishmovchiligi oqibatidagi bepushtliklarning oldini olishga erishilgan hamda iqtisodiy samaradorlik bir bosh sigir hisobiga o‘rtacha 410450,6 ming so‘mni, bir so‘mga xarajatlar qoplami esa 5,07 so‘mni tashkil etgan.