Tashpulatov Uygun Bekmurzaevichning
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sabzavot ekinlari zararkunandalariga qarshi biologik kurash usulining samaradorligini oshirish”, 06.01.09 – O‘simliklarni himoya qilish (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Qx1036
Ilmiy rahbar: Shukurov Xushvaqt Mamasolievich, qishloq xo’jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01
Rasmiy opponentlar: Xaytmuratov Arslonbek Fayzullaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, kata ilmiy xodim; Boyg‘igitov Fozil Muhammadievich, qishloq xo‘jaligilari fan nomzodi, kata ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sabzavot ekinlari zararkunandalarini tur tarkibi, biologik xususiyatlari, tarqalishi, zararini o’rganish asosida ularni sonini boshqarishda biologik himoya qilish usulini samaradorligini oshirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyati sharoitida sabzavot ekinlari (karam, pomidor, piyoz) zararkunandalarining 54 turi aniqlangan, ulardan mevasi bilan oziqlanadiganlari 14,7%, ildizi bilan oziqlanadiganlari 29,3% hamda bargi bilan oziqlanadigan turlari 54% ekanligi aniqlangan;
zararkunandalarning tabiiy kushandalarini 36 turi aniqlanib, zararkunandalarni nobud qilish aniqlangan va ularning tarqalish areali aniqlangan;
sabzavot ekinlari (karam, pomidor, sabzi, piyoz, va boshqalar) agrobiotsenozida entomofaglarning tabiiy populyatsiyalarini boyitishda nektarli o’simliklarni samaradorligi aniqlangan;
tabiiy entomofaglar faolligiga kimyoviy preparatlarning ta’siri aniqlangan;
sabzavot ekinlari (karam, pomidor, sabzi) agrobiotsenozida zararkunandalarga qarshi biologik kurash usulining samaradorligini oshirishning ilmiy asoslangan muddatlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sabzavot ekinlari zararkunandalariga qarshi biologik kurash usullarining samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
karam shiralariga qarshi oddiy oltinko‘zni 2-yoshdagi lichinkalarini 1:50, 1:10 va 3-yoshdagi lichinkalarini 1:10 nisbatlarda, etti nuqtali oltinko‘zning 1-2-yoshdagi lichinkalarini 1:100, 1:50 nisbatlarda, pomidorda g‘o‘za tunlami tuxumlariga qarshi trixogrammaning 2 turi Trichogramma pintoi va Trichogramma chilonis turlarini 1:10, 1:15, 1:20 nisbatlarda hamda g‘o‘za tunlami qurtlariga qarshi brakon kushandasini 1:10, 1:15 nisbatlarda qo‘llash texnologiyasi Toshkent viloyatining Qibray, Yangiyo‘l va Oqqo‘rg‘on tumanlaridagi sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida jami 79,0 gektar maydonga joriy qilingan («O‘ZAGROKIMYoHIMOYa» aksiyadorlik jamiyatining 2021 yil 3 fevraldagi №02-13/61-son ma’lumotnomasi). Natijada, karam o‘simligida oddiy va etti nuqtali oltinko‘z lichinkalarini shiralarga qarshi qo‘llanilishi 81,3-91,1 %, pomidorda g‘o‘za tunlami tuxumlariga qarshi trixogrammaning Trichogramma pintoi va Trichogramma chilonis turlarini qo‘llanilishi 65,8-86,1 % gacha samara bergan.
sabzavot ekinlarining asosiy zararkunandalaridan hisoblangan o‘rgimchakkana va shiralarga qarshi oltinko‘z kushandasini qo‘llash texnologiyasi Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi “Nurmuhammad ishonch”, “Hakimjon fayzli bog‘i” fermer xo‘jaliklarining 39,0 gektar, Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Xusanjon Sanjar” fermer xo‘jaligining 20,0 gektar va O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutining 20,0 gektar maydonlariga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 17-martdagi №03/35-1326-son ma’lumotnomasi). Natijada, sabzavot ekinlarining asosiy zararkunandalaridan o‘rgimchakkana va shiralarga qarshi oltinko‘z kushandasi qo‘llanilganda nazoratga nisbatan 81,3-91,1 % ga, g‘o‘za tunlami tuxumlariga qarshi trixogramma qo‘llanilganda esa 65,8-86,1 % gacha biologik samaradorlikka erishilgan.