Ashurov Xikmatillo Ibaydullaevichning
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kuzgi bug‘doyning istiqbolli xorijiy va mahalliy navlarini nonboplik xususiyatlariga ekish muddatlarini ta’siri”, 06.01.08- O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Qx846
Ilmiy rahbar: Egamov Ilxomjon Urayimjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/31.03.2023.Qx.159.01.
Rasmiy opponentlar: Bobomirzaev Pirnazar Xursanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent; Bozorov Xolmurod Maxmudovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktor, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnoligiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Andijon viloyati sharoitida kuzgi bug‘doy navlaridan nonboplik va ozuqaviylik qiymati yuqori bo‘lgan don hosili etishtirishga urug‘larni ekish muddatlarining ta’sirini o‘rganish hamda donning nonboplik va texnologik sifat ko‘rsatkichlari bilan o‘sib rivojlanish orasidagi korrelyasion bog‘lanishlarni zamonaviy SPSS-17 dasturi yordamida aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Andijon viloyati sharoitida kuzgi bug‘doyning maxalliy va xorijiy navlarini o‘sishi, rivojlanishi, don hosildorligi va donning texnologik hamda nonboplik xususiyatlariga ta’siri bilan urug‘larni ekish muddatlari o‘rtasida korrelyasion bog‘liqliklar darajasi SPSS-17 zamonaviy dasturi yordamida hisoblab chiqilgan;
kuzgi bug‘doy navlarning turli ekish muddatlarida un chiqimining gaz xosil qilish darajasi, unning suv singdirish qobiliyati hamda xosil bo‘lgan nonning ozuqaviylik qiymati ko‘rsatkichlari o‘rtasida kuchli korrelyasion bog‘lanish borligi aniqlangan bo‘lib, tayyorlangan xamirning xamirturushli ko‘pish jarayonida gaz xosil qilish darajasi “Gurt” (1472,5 sm3), “Vexa” (1488,4 sm3), “O‘zbekiston-25” (1478,3 sm3) navlarida 1-oktyabr muddatida, “Alekseich” (1450,5 sm3), “Navbahor” (1498,1 sm3) va “Aziz” (1471,3 sm3) navlarida 15-oktyabr muddatida yuqori natijalar ko‘rsatganligi aniqlangan;
kuzgi bug‘doy navlari urug‘larini ekish muddatlariga bog‘liq holda don tarkibidagi qand moddalar miqdori va tayyor nonning tarkibidagi oqsillar, uglevodlar va mineral moddalar miqdori o‘rtasida korrelyasion bog‘liqlik o‘rtacha kuchli (r=0,3-0,5) ekanligi aniqlanib, non tarkibidagi oqsil va uglevodlarning eng yuqori ko‘rsatkichi barcha navlarda 15-oktyabrda ekilgan variantlarda aniqlangan;
kuzgi bug‘doy navlari urug‘larini ekish muddatlariga bog‘liq holda un chiqimi (Vexa navining 15-oktyabrda ekilgan variantida 76,0%), unning suv singdirish qobiliyati (Alekseich navining 15-oktyabrda ekilgan variantida 52,4 ml), 100 gr undan xosil bo‘ladigan nonning xajmi (Alekseich, Gurt, Navbaxor navlarining 15-oktyabrda ekilgan variantida 612 sm3), nonning ozuqaviylik qiymati (Gurt navining 15-oktyabrda ekilgan variantida) ko‘rsatkichlari bilan to‘g‘ri (r=0,3-0,5) korrelyasion bog‘lanish borligi qayd etilgan. Un chiqimining ortishi sifatli va xajmi yirik non olish imkoniyatini berishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kuzgi bug‘doyning istiqbolli xorijiy va mahalliy navlari donining nonboplik va texnologik sifat ko‘rsatkichlariga ekish muddatlarini ta’sirini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun “Kuzgi bug‘doyning istiqbolli xorijiy va mahalliy navlarini maqbul ekish muddatlari” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 30-dekabrdagi 07/21-21-9947 ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma bugungi kunda fermer xo‘jaliklarida kuzgi bug‘doyni maxalliy va xorijiy navlaridan texnologik sifat ko‘rsatkichlari yuqori don hosili etishtirishda muhim ko‘rsatma bo‘lib xizmat qilmoqda;
Kuzgi bug‘doyning xorijiy navlaridan Qo‘rg‘ontepa tumanida “Alekseich” navi 100,4 gektar, Izboskan tumanida “Vexa” navi 12 gektar, “Gurt” navi 13 gektar, Beshariq tumanida “Alekseich” navi 5 gektar, Quva tumanida “Vexa” navi 14 gektar, Oltiariq tumanida “Vexa” navi 43 gektar, Nukus tumanida “Alekseich” navi 10 gektar, “Gurt” navi 5 gektar, Beruniy tumanida “Alekseich” navi 10 gektar, Amudaryo tumanida “Gurt” navi 20 gektar, mahalliy navlardan Izboskan tumanida “Navbahor” navi 10 gektar, “Aziz” navi 5 gektar, Beshariq tumanida “O‘zbekiston-25” navi 14 gektar, “Navbahor” navi 5 gektar, Nukus tumanida “O‘zbekiston-25” navi 5 gektar, jami 271,4 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 30-dekabrdagi 07/21-21-9947-son ma’lumotnomasi). Natijada urug‘larni ekishning eng maqbul muddati xorijiy Alekseich, Vexa, mahalliy O‘zbekiston-25, Aziz navlarida 15-oktabr muddatida, mahalliy Navbaxor navida 1-oktabr muddatida, xorijiy Gurt navida 1-noyabr muddatida ekilib yuqori samaradorlikka erishilgan;
Kuzgi bug‘doyning mahalliy navlaridan “Navbahor” navi 1-oktyabr, “O‘zbekiston-25” va “Aziz” navlari 15-oktyabr, xorijiy navlardan “Alekseich” va “Vexa” navlari 15-oktyabr, “Gurt” navi 1-noyabr muddatlarida ekish Respublikamizning Qo‘rg‘ontepa, Izboskan, Beshariq, Quva, Oltiariq, Nukus, Beruniy, Amudaryo tumanlariga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 30-dekabrdagi 07/21-21-9947-son ma’lumotnomasi). Natijada xorijiy “Alekseich” navidan 74,2 s/ga, “Vexa” navidan 76,5 s/ga, “Gurt” navidan 72,8 s/ga, mahalliy “O‘zbekiston-25” navidan 70,8 s/ga, “Navbahor” navidan 75,2 s/ga, “Aziz” navidan 68,4 s/ga don hosili etishtirilib, “Alekseich” navidan 31,7%, “Vexa” navidan 35,8%, “Gurt” navidan 29,4%, “O‘zbekiston-25” navidan 25,8% ni, “Navbahor” navidan 33,5%, “Aziz” navidan 21,5% rentabellikka erishilgan.
 

Yangiliklarga obuna bo‘lish