Boxodirov Ixtiyor Boxodir o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turkiston harbiy okrugining o‘lkada mustamlakachilik tizimini mustahkamlashdagi faoliyati (1867-1917 yy.)”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Tar851.
Ilmiy maslahatchi: Ermetov Avaz Abdullaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Urakov Dilshodbek Jamoliddinovich, tarix fanlari doktori, dotsent;
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1867-1917-yillarda Turkiston harbiy okrugining o‘lkada Rossiya imperiyasining mustamlakachilik tizimini mustahkamlash va uning mintaqadagi geosiyosiy maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan faoliyati tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonni egallashni jadallashtirish va mustamlaka boshqaruvini yanada mustahkamlash zarurati tufayli Rossiya imperiyasi tomonidan o‘lkada markazlashgan harbiy okrug boshqaruvi hamda muntazam qurolli kuchlarning tashkil etilganligi aniqlanib, harbiy okrug tarkibi va qurollanish tizimi, turli davrlarda okrug qo‘shinlari shaxsiy tarkibidagi miqdoriy o‘zgarishlar va ularning sabablari, okrug qurolli kuchlarining harbiy qudratini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilgan chora va tadbirlar ochib berilgan;
Turkistonni istilo qilish vazifasi Turkiston harbiy okrugiga yuklatilishi natijasida harbiy-strategik maqsadlarni amalga oshirishning davriy tezligi Orenburg, Sibir hamda Kavkaz okruglarining harakatlariga nisbatan deyarli 2 barobar tezlashgani va jangovar harakatlardagi talofatlar kamayib, umumiy yo‘qotishlarining 1/4 qismini tashkil etgani aniqlanib, istilochilik yurishlariga okrug tarkibidan jalb etilgan harbiy qismlar, ularning tarkibiy miqdori, qurolli tuzilmalar va qo‘mondonlik doirasidagi ijrochi rahbar kadrlar masalasiga aniqlik kiritilgan;  
Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlaring xalq qo‘zg‘olonlari hamda milliy ozodlik harakatlari davrida o‘lkadagi mustamlaka ma’muriyatining asosiy tayanchi ekanligi, okrug qurolli kuchlarining Buxoro amirligi va Xiva xonligidagi muxolifat va xalq harakatlariga qarshi kurashlardagi faol ishtiroki natijasida xonliklardagi mavjud hokimiyat tobora zaiflashib, ularning ustidan Rossiya imperiyasi hukmronligining yanada ortishiga sabab bo‘lganligi, imperiyadagi inqilobiy jarayonlar tasirida okrug tarkibida harbiy isyonlar yuz bergani aniqlangan;
Turkiston harbiy okrugining Rossiya imperiyasi manfaatlari doirasida Turkistondan tashqaridagi xalqaro geosiyosiy jarayonlarda ham ishtirok etganligi uning Sharqiy Turkiston, Ili o‘lkasi, Afg‘oniston va Erondagi ichki jarayonlarga harbiy jihatdan aralashuvi, Osiyodagi ingliz-rus raqobatidagi roli va okrug qurolli kuchlarining Birinchi jahon urushi frontlaridagi ishtiroki orqali isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1867-1917-yillarda Turkiston harbiy okrugining o‘lkada mustamlakachilik tizimini mustahkamlashdagi faoliyati borasidagi dissertatsiyaning ilmiy natijalaridan:
Turkiston harbiy okrugi tashkil etilishining tarixiy-huquqiy jihatlari, uning harbiy-idoraviy tuzilishi, rahbar kadrlar tizimi, harbiy qismlarning shaxsiy tarkibi, qurollanish tizimi, vazifalari, harbiy okrugdagi qo‘shin turlari va ularning tarkibiy tuzilishiga doir birlamchi arxiv hujjatlari hamda tarixiy manbalardan olingan dissertatsiya natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi Qurolli Kuchlar davlat muzeyi ekspozisiyalarining tegishli bo‘limlarini to‘ldirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligining 2022-yil 6-apreldagi 10/619-son ma’lumotnomasi). Muzey ekspozisiyalarini boyitishda foydalanilgan tadqiqot natijalari Rossiya imperiyasi hukmronligi yillaridagi siyosiy, harbiy va ijtimoiy jarayonlar, mustamlaka siyosatining salbiy oqibatlari xususida yangicha tarixiy tafakkurning shakllantirishga xizmat qiladi;
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida harbiy sohadagi vaziyat va Turkiston harbiy okrugi tarixiga oid ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanali “Taqdimot” ko‘rsatuvining efirga uzatilgan soni ssenariysini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2021-yil 21-dekabrdagi 01-40-1924-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvda o‘z aksini topgan ilmiy materiallar tomoshabinlarning O‘zbekistonda harbiy soha tarixiga oid bilimlarini oshirishga yordam bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish