Ungboeva Barno O‘rozovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar:

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda 1920–1956 yillarda kino va teatr san’ati tarixi», 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2017.3.PhD/Tar179.

Ilmiy rahbar: Ishanxodjaeva Zamira Rayimovna, tarix fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.

Rasmiy opponentlar: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor; Alixanov Muxammadjon Maxammadsolievich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Davlat madaniyat va san’at instituti.

II. Tadqiqotning maqsadi: XX asrning 20–50 yillarida O‘zbekiston madaniy hayotida sovet davlatining kino va teatr sohasidagi siyosati va uning oqibatlarini tarixiy aspektda o‘rganishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 

Sovet hokimiyati kinofil`mlar orqali targ‘ib qilgan «konfliktsizlik nazariyasi» – hukmron tizimni oqlashga, jahon proletariatini butun dunyo inqilobiy harakatiga munosib ravishda «tayyorlashda» qo‘llanilganligi isbotlangan;

milliy manfaatlarni inkor qiluvchi «ijtimoiy buyurtma» amaliyotining teatr, badiiy kinematografiyadagina emas, balki kinopublisistika sohasiga ham ta’sir etgani aniqlangan;

kino va teatr sohalarining kommunistik mafkura doirasidagi siyosiylashuv jarayoni natijasida o‘zbek xalqining urf-odat, qadriyatlarini spektakl` va kinofil`mlar orqali namoyish etishdan begonalashuvi aniqlanib, ma’muriy-buyruqbozlik tizimining shakllanishida sohaga yangi iste’dod egalarining kirib kelishi masalasi ochib berilgan;

madaniyat sohasini unifikatsiya qilish hamda «ko‘pmillatli san’at» siyosatini kino va teatr san’atida siyosiy-mafkuraviy yo‘nalishlarning ustun bo‘lishiga ko‘rsatgan ta’siri isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

1920–1956 yillarda sovet davlatining madaniy siyosati, uning kino va teatr sohasidagi oqibatlarini o‘rganish davomida ishlab chiqilgan xulosa va takliflar asosida:

Sovet hukumati ssenariy va fil`mlar orqali targ‘ib qilgan «konfliktsizlik nazariyasi» – hukmron tizimni oqlashga qaratilgan mafkura amaliyotda qo‘llanilganligi, ziddiyatli muhitning kino san’ati misolidagi tahlili borasidagi ilmiy xulosalardan «O‘zbekkino» milliy agentligining chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishda foydalanilgan («O‘zbekkino» milliy agentligining 2016 yil 17 iyundagi 01-05/01-508-son ma’lumotnomasi). Mazkur tadbirlarning amalga oshirilishi kino san’ati tarixini o‘rganish va targ‘ib qilish asosida yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini yuksaltirish imkonini bergan;

milliy manfaatlarni inkor qiluvchi «ijtimoiy buyurtma» amaliyotining teatr, badiiy kinematografiyadagina emas, balki kinopublisistika sohasiga ham ta’sir etgani, davr ma’naviy hayoti, taraqqiyot va barkamol avlodni shakllantirishga oid takliflardan Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining «Falsafa tarixini o‘rganish asosida yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash mexanizmini tadqiq etish» loyihasining maqsadi va vazifalarini amalga oshirishda, shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining 2015 yil 12 maydagi 50-son majlisi bayoni ijrosi yuzasidan Markazning chora-tadbirlar dasturida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining 2016 yil 16 iyundagi 01/06-413-son ma’lumotnomasi). Bu Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining ilmiy loyihasi amaliyotida joriy etilish jarayonida boy ma’naviyatimizning tarixiy ildizlarini o‘rganishga va shu orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilgan;

1920–1956 yillarda teatr san’ati tarixi tadqiqi asosida ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy takliflar «O‘zbekteatr» ijodiy ishlab chiqarish birlashmasining faoliyatida qo‘llanilgan («O‘zbekteatr» ijodiy ishlab chiqarish birlashmasining 2016 yil 22 iyundagi 408-son ma’lumotnomasi). Bu mamlakatimizda teatr sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning huquqiy-me’yoriy asoslarini yaratishga ko‘maklashash imkonini bergan;

kino va teatr sohalarining kommunistik mafkura manfaatlariga moslashtirilishi, qadriyatlardan begonalashuvi jarayoni, teatr san’atining hozirgi kundagi ahamiyatining yangi nuqtai nazardan tahlil etilgani «O‘zbekiston» teleradiokanali» davlat unitar korxonasining «O‘zbekiston» telekanalida efirga uzatilgan «Ko‘rganlarimiz haqida», «O‘zbek kinosining oltin xazinasi» va «O‘zbek teatrining oltin xazinasi» ko‘rsatuvlarining 2017 yil noyabr` va dekabr` oylaridagi sonlari orqali namoyish etilgan («O‘zbekiston» teleradiokanali» davlat unitar korxonasining 2018 yil 14 martdagi 01-13-401-son ma’lumotnomasi). Bu sovet mafkurasining xalq ongiga singdirgan ma’naviy siyosatining asl mohiyatini ommaga etkazish imkonini bergan;

madaniyat sohasidagi «ko‘pmillatli san’at» tushunchasining kino va teatr muhiti, fil`mlar saviyasiga ko‘rsatgan ta’siriga oid taklif va xulosalardan Respublika Baynalmilal madaniyat markazi faoliyatida foydalanilgan (Respublika Baynalmilal madaniyat markazining 2016 yilning 21 iyundagi 01-02-142-son ma’lumotnomasi). Bu bag‘rikenglik, turli millatlar bilan hamkorlikdagi o‘zaro hamjihatlik, san’atsevarlik har qanday davrda ham jamiyatimiz rivoji uchun xizmat qilganligini targ‘ib qilish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish