Jurakulov Furkat Noryigitovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Fuqarolik jamiyatini qurish sharoitida davlat ijroiya hokimiyati tizimini modernizatsiyalash», 23.00.02–Siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar (siyosiy fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.DSc/Siyos12.
Ilmiy maslahatchi: Musaev Faxriddin Abdusattorovich, falsafa fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.S.01.08.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raev Qodirjon Asadovich, siyosiy fanlar doktori, professor; Raxmanov A’zamjon Rejapovich, yuridik fanlar doktori, professor; Qodirov Anvar Qahhorovich, falsafa fanlari doktori, professor;
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: fuqarolik jamiyatini qurish sharoitida davlat ijroiya hokimiyati tizimini modernizatsiyalash omillari, asosiy vositalari va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
davlat hokimiyati tizimini modernizatsiyalashda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini nafaqat gorizontal, balki vertikal – markaziy, mahalliy – o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘zaro bir-biridan mustaqilligi va bog‘liqligini ta’minlashda nomarkazlashtirishning afzalliklari ilmiy asoslangan;
rivojlangan davlatlarning innovatsion tajribalari – davlat boshqaruvida xususiy sektor va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, davlat xizmati ko‘rsatishning sifat menejmenti va indikativ rejalashtirishga doir yangi shakllari ishlab chiqilgan;
davlat hokimiyati organlarini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish, dekonsentratsiyalash – vakolatlarni berishga doir tajribalar, davlat xizmatini ko‘rsatishning samarasini oshirishga qaratilgan usullar, ya’ni ishlarni pirovard natijalari asosida baholash, ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish vakolatlarini nodavlat tashkilotlarga o‘tkazish, “elektron hukumat” tizimini kengaytirish kabi mexanizmlari ochib berilgan;
“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ning o‘rinbosarlari lavozimlarini saylov orqali shakllantirish asoslab berilgan;
O‘zbekistonda davlat ijroiya hokimiyati tizimini modernizatsiyalashga oid konstitusiyaviy va huquqiy asoslarini bu sohadagi zamonaviy qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish zaruratidan kelib chiqib, amaldagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, vujudga kelgan muammolar echimlariga doir amaliy takliflar, tavsiyalar va xulosalar shakllantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fuqarolik jamiyatini qurish sharoitida davlat ijroiya hokimiyati tizimini modernizatsiyalash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ilmiy ishdagi davlat hokimiyati tizimini modernizatsiyalashda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini nafaqat gorizontal, balki vertikal – markaziy, mahalliy – o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘zaro bir-biridan mustaqilligi va bog‘liqligini ta’minlashda nomarkazlashtirishning afzalliklari hamda rivojlangan davlatlarning innovatsion tajribalari – davlat boshqaruvida xususiy sektor va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, davlat xizmati ko‘rsatishning sifat menejmenti va indikativ rejalashtirishga doir shakllantirilgan taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston RespublikasiBosh Prokuraturasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston RespublikasiBosh Prokuraturasining 2018 yil 24 apreldagi 10.1/05-18-1572-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 sentyabrdagi PF-5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasining samarali amalga oshirilishi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning IV – “Vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish” hamda V – “Davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish” yo‘nalishlarida belgilangan vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash imkonini bergan;
ilmiy tadqiqotda asoslab berilgan davlat hokimiyati organlarini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish, dekonsentratsiyalash – vakolatlarni berishga doir tajribalar, davlat xizmatini ko‘rsatishning samarasini oshirishga qaratilgan usullari, ya’ni ishlarni pirovard natijalari asosida baholash, ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish vakolatlarini nodavlat tashkilotlarga o‘tkazish, “elektron hukumat” tizimini kengaytirish kabi xulosa va takliflaridan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi faoliyatida foydalanilgan (“Taraqqiyot strategiyasi” markazining 2018 yil 20 apreldagi 0550/18-son ma’lumotnomasi). Bu esa respublikamizda vertikal boshqaruv tizimi hamda ijro hokimiyati organlari o‘rtasida yaqin hamkorlikni ta’minlovchi usul va uslublarni nazariy va amaliy jihatdan takomillashtirish imkonini bergan;
dissertatsiyaning “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ning o‘rinbosarlari lavozimlarini saylov orqali shakllantirish borasida ilgari surilgan xulosalardan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Respublika Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi faoliyatida qo‘llanilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 10 sentyabrdagi 07/1-616-sonli topshirig‘i hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2015 yil 18 sentyabrdagi 352-sonli buyrug‘iga asosan oliy ta’lim muassasalarida “Fuqarolik jamiyati” fani bo‘yicha darslikning 8 va 19-mavzularini tayyorlashda foydalanilgan (Respublika Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining 2016 yil 3 maydagi 216-son, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining 2017 yil 29 sentyabrdagi 01-03/1543-son hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 6 yanvardagi 89-03-42-son ma’lumotnomalari). Bu esa mamlakatimizda fuqarolar yig‘inlari hamda ularda faoliyat yuritayotgan xodimlarning ish samaradorligini yanada oshirish hamda talabalarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risidagi tushunchalarni boyitish imkonini bergan;
dissertatsiyada keltirilgan xulosalar, taklif va tavsiyalardan 2015 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi QL-106-sonli, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi “O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi QL-88-sonli (№O‘RQ-388), “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi QL-107, QL-114 va QL-117-sonli (№ O‘RQ-396) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini muhokama etishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016 yil 8 iyundagi 02/2-609-son ma’lumotnomasi). Bu esa davlat hokimiyati organlarini yanada samarali faoliyat ko‘rsatishiga va hokimiyatlar tarmoqlari o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish imkonini bergan.