Alimardonov Ilxom Muzrabshoxovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kichik biznes sub’ektlarini kreditlashning uslubiy va amaliy asoslarini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Iqt43.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.15.01.
Rasmiy opponentlar: Iminov Odiljon Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Olimjonov Odil Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Kuzieva Nargiza Ramazanovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasida kichik biznes sub’ektlarini tijorat banklari tomonidan kreditlashning uslubiy va amaliy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tijorat banklar tomonidan lizing va qaytariladigan lizing asosida kreditlash hajmini oshirish kichik biznes sub’ektlarida kredit uchun talab qilinadigan yuqori likvidli garov ob’ektlari etishmasligi holatini kompensatsiyalovchi omil sifatida asoslangan;
kichik biznes sub’ektlarining kredit to‘lovi layoqatliligini ta’minlashning tovar zaxiralari hisobidan qoplash koeffisienti darajasini oshirish va debitor qarzdorlikning aylanishini tezlashtirish mexanizmlari taklif etilgan;
pul oqimi barqaror bo‘lgan kichik biznes sub’ektlarini va davlatning xarid tizimiga kirgan kichik korxonalar, mikrofirmalarning hujjatlashtirilgan akkreditivlar bo‘yicha import to‘lovlarini tijorat banklarining muddatli va overdraft kreditlari hisobidan to‘lash taklifi asoslangan;
moliyaviy koeffisientlar tarkibiga qo‘shimcha ravishda foyda me’yori, qarzga xizmat ko‘rsatish va kreditor qarzdorlikning aylanish koeffisientlarini kiritish yo‘li bilan kichik biznes sub’ektlarining kredit to‘loviga layoqatliligini aniqlash metodikasi takomillashtirilgan;
tijorat banklari resurs bazasining etarliligini ta’minlash va jalb qilinadigan resurslarning qiymatini pasaytirish hisobiga sof foizli spred ko‘rsatkichi darajasini oshirish yo‘li bilan kichik biznes sub’ektlariga beriladigan kreditlarning foiz stavkasini pasaytirish usuli asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kichik biznes sub’ektlarini kreditlashning uslubiy va amaliy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha olinan natijalar asosida:
kichik biznes sub’ektlarida tijorat banklari kreditlari uchun talab qilinadigan yuqori likvidli garov ob’ektlari etishmasligini hisobga olib, ularni banklar tomonidan lizing va qaytariladigan lizing asosida kreditlash hajmini oshirish taklifi AT «Mikrokreditbank» amaliyotiga joriy qilingan (AT «Mikrokreditbank»ning 2017 yil 9 yanvardagi AN 18-32/151-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni amaliyotga joriy etish natijasida mikrolizing xizmatlari hajmining o‘sishi hisobiga «Mikrokreditbank» tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi 2015 yilda oldingi yilga nisbatan 22,0 foizga oshgan;
kichik biznes sub’ektlarining balansida yuqori likvidli aktivlar miqdorining kichikligi sharoitida, tovar zaxiralari hisobidan qoplash koeffisientining darajasini oshirish va debitor qarzdorlikning aylanishini tezlashtirish yo‘li bilan ularning kredit to‘loviga layoqatlilik darajasini oshirish taklifi «AYUB BARAKA SERVIS» kichik korxonasi tomonidan amaliyotda qo‘llanilgan («AYUB BARAKA SERVIS» kichik korxonasining 2016 yil 17 maydagi 5-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotga joriy etish natijasida korxonaning «Mikrokreditbank»dan olingan kreditlar miqdori 2015 yil davomida 68,9 mln. so‘mga ko‘paygan;
pul oqimi barqaror bo‘lgan kichik biznes sub’ektlarini va davlatning xarid tizimiga kirgan kichik korxonalar, mikrofirmalarning hujjatlashtirilgan akkreditivlar bo‘yicha import to‘lovlarini tijorat banklarining muddatli va overdraft kreditlari hisobidan to‘lashni yo‘lga qo‘yish taklifi AT «Mikrokreditbank» tomonidan amaliyotga joriy qilingan (AT «Mikrokreditbank»ning 2017 yil 9 yanvardagi AN 1 8-32/151-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni amaliyotga joriy etish natijasida kichik biznes sub’ektlarining hujjatlashtirilgan akkreditivlar bo‘yicha import to‘lovlarini «Mikrokreditbank»ning muddatli kreditlari hisobidan to‘lash hajmini 2015 yilda oldingi yilga nisbatan 10,7 foizga oshirish imkoni yaratilgan;
moliyaviy koeffisientlar tarkibiga qo‘shimcha ravishda foyda me’yori, qarzga xizmat ko‘rsatish va kreditor qarzdorlikning aylanish koeffisientlarini kiritish yo‘li bilan kichik biznes sub’ektlarining kredit to‘loviga layoqatliligini aniqlash metodikasini takomillashtirish taklifi ATIB «Ipak Yo‘li» banki tomonidan amaliyotga joriy qilingan (ATIB «Ipak Yo‘li» bankining 2018 yil 20 apreldagi 18/3343-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif asosida «Ipak Yo‘li» banki tomonidan kichik biznes sub’ektlariga berilgan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik miqdori 2016 yilda oldingi yilga nisbatan 1005 mln. so‘mga kamaygan;
tijorat banklari resurs bazasining etarliligini ta’minlash va jalb qilinadigan resurslarning qiymatini pasaytirish hisobiga sof foizli spred ko‘rsatkich darajasini oshirish yo‘li bilan kichik biznes sub’ektlariga beriladigan kreditlarning foiz stavkasini pasaytirish tavsiyasi ATIB «Ipak Yo‘li» banki tomonidan amaliyotga joriy qilingan (ATIB «Ipak Yo‘li» bankining 2018 yil 20 apreldagi 18/3343-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiya asosida «Ipak Yo‘li» banki tomonidan kichik biznes sub’ektlariga berilgan kreditlarning o‘rtacha yillik foiz stavkasi 1,0 foizli punktga pasaygan.