Kamalova Nilufarxon Shaxabiddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Kambag‘allikni qisqartirish O‘zbekiston Respublikasi aholisi ijtimoiy himoyasining ustuvor yo‘nalishi sifatida», 22.00.02 – Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi (sotsiologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/S112.
Ilmiy rahbar: Raximova Nigina Xayrullaevna, iqtisod fanlari doktori.
Dissertasiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.20/30.12.2019.S.23.02.
Rasmiy opponentlar: Matibaev Taspulat Boltaboevich, sotsiologiya fanlari doktori, professor; Sabirova Umida Farxodovna, sotsiologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: aholini ijtimoiy himoya qilish siyosati va tizimini, uning kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan amaldagi dastur va mexanizmlarini majmuaviy tahlil qilish, shuningdek, uni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ijtimoiy himoyaning tuzilmaviy elementlari hamda institutsional muassasalar o‘rtasida konsensusli muvozanatni o‘rnatish yo‘li bilan aholining turmush sifatini oshirish va mehnat faoliyatini rag‘batlantirishni kuchaytirish imkoniyatlari  asoslantirilgan;
mintaqalarda kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirilgan, aholini ijtimoiy himoyalash bo‘yicha strategik dasturlarni yanada rivojlantirish orqali ijtimoiy tabaqalanishning oldini olish asosida hayotiy ehtiyojlar qondirilishi sotsiologik asoslantirilgan;
hayotda o‘z yo‘lini topishga qiynalgan shaxslarning mahallalarda sotsiologik monitoringini olib borish yo‘li bilan faol faoliyat sub’ektlariga ta’limni investisiyalash, drayver sohalarga bog‘lash, ustoz-shogirdlik, liderlik, oilaviy tadbirkorlikni integratsiyalashning ijtimoiy samaradorligi empirik asoslangan;
aholi orasidagi prokrastinatsiya, boqimandalik, maqsadsizlik, harakatsizlik kabi sotsial omillar echimiga ibratli, obro‘li odamlar ishtirokida muhokama qilish, fokus-guruhlar o‘tkazish, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish kabi jamoaviy ta’sir mexanizmlarini qo‘llashning afzalligi  asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda ijtimoiy himoya qilish tizimining shakllanish jarayonini tadqiq etishda olingan natijalar asosida:
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasiga taqdim etilgan takliflar “temir” daftar, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari doirasida ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirishning asosiy chora-tadbirlarini belgilashga yordam berdi. Tadqiqot ma’lumotlaridan O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasiga og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish tartibi va tizimini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida takliflar ishlab chiqishda foydalanildi (Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining 2022-yil 23-sentyabrdagi 06/159-son ma’lumotnomasi). Ushbu chora-tadbirlar ayollarning og‘ir ahvolini o‘rganish jarayoniga professional baholashni joriy etish, mavjud vaziyatdan chiqish yo‘lini rejalashtirishning aniq bosqichlarini belgilash va “ayollar” daftaridan chiqib, o‘zini-o‘zi ta’minlashga erishgan ayollar monitoringining axborot bazasini yaratishni o‘z ichiga oladi;
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazining ilmiy-tadqiqot faoliyatiga joriy etilishi O‘zbekiston jamiyati ijtimoiy tuzilmasini ilmiy tahlil qilishga va kambag‘allikning sotsiologik tahlilidan foydalanish istiqbollarini aniqlashga xizmat qildi. Mamlakatdagi ijtimoiy siyosatni o‘rganish jarayonidan olingan taklif va tavsiyalar asosida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazining faoliyatiga aholining kambag‘al qatlamlarini baholash tizimining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda joriy etildi (“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazining 2021-yil 31-avgustdagi 01-16/166-son ma’lumotnomasi);
davlat tomonidan taqdim etilayotgan ijtimoiy yordam va xizmatlar tizimining samaradorligini baholash, statistik ma’lumotlar sifatini yaxshilash va ochiqligini ta’minlash, ijtimoiy nafaqalar tayinlash va ularning miqdorlarini belgilash mezonlarini qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar va milliy mentalitet hamda aholining turmush tarzidan kelib chiqib, zaruriy ijtimoiy himoyaning minimal darajasini belgilash, aholining kam daromadli qatlamlarini aniqlash mezonlarini qayta ko‘rib chiqish, ijtimoiy himoyaning ochiq va adolatli tizimini tashkil etishda foydalanildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F-5634-son Farmoyishi va O‘zbekiston Respublikasi aholisini 2030-yilgacha ijtimoiy himoya qilish strategiyasini ishlab chiqishda yordam berildi (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021-yil 25-oktyabrdagi 05/24-01-37/1743-son ma’lumotnomasi).

Yangiliklarga obuna bo‘lish