Ergashev Nodirbek Yuldashalievichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turli takroriy ekinlarni kuzgi bug‘doy don hosili va sifat ko‘rsatkichlariga ta’siri», 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Qx233.

Ilmiy rahbar: Xalikov Baxodir Meylikovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Farg‘ona ilmiy tajriba stansiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti, PhD.27.06.2017.Qx.12.01.

Rasmiy opponentlar: Atabaeva Halima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Ibragimov Odiljon Olimjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona viloyatining o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida takroriy ekinlar - soya, mosh va makkajo‘xoridan so‘ng parvarishlangan kuzgi bug‘doy navlarini ekish muddatlari, usullari va ma’dan o‘g‘it me’yorlarini ularning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi hamda don sifat ko‘rsatkichlariga ta’sirini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor yangi dehqonchilik tizimida Farg‘ona viloyatining o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida takroriy ekinlardan keyin kuzgi bug‘doy navlarini etishtirish agrotexnikasi takomillashtirilgan;

takroriy ekinlardan keyin kuzgi bug‘doy navlarini ekish usullari, muddatlari va maqbul ma’dan o‘g‘itlar me’yorlari ishlab chiqilgan;

ekish usullari, muddatlari va ma’dan o‘g‘it me’yorlarini kuzgi bug‘doy navlarining o‘sishi, rivojlanishi, don hosildorligi va sara don chiqimiga ta’siri aniqlangan;

o‘tloqi-saz tuproqlar sharoitida takroriy ekinlar, kuzgi bug‘doy navlarining ildiz va ang‘iz qoldiqlarining tuproq unumdorligiga ta’siri baholangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Farg‘ona viloyatining o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili olishda takroriy ekin sifatida ekiladigan maqbul o‘tmishdosh ekin turlarini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:

fermer va tomorqa xo‘jaliklari uchun «Takroriy ekinlar va ulardan so‘ng kuzgi bug‘doy etishtirish agrotexnikasi» bo‘yicha tavsiyanoma ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 2 fevraldagi 02/21-80-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma Farg‘ona viloyati sharoitida dehqon va fermer xo‘jaliklarida takroriy ekinlar hamda ulardan so‘ng kuzgi bug‘doy etishtirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;

kuzgi bug‘doyni ochiq erga yoki g‘o‘za qator orasiga ekishning qulay muddatlari hamda maqbul o‘g‘itlash agrotexnikasi Farg‘ona viloyatining o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida O‘zbekiston tumanida 292 gektar, Furqat tumanida 310 gektar, jami 602 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 2 fevraldagi 02/21-80-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida gektaridan 5,2-7,8 sentner qo‘shimcha don hosili olingan va rentabellik darajasini 20-25 foizga oshirishga erishilgan;

takroriy ekin soya etishtirish va uni o‘rnida kuzgi bug‘doy navlarini oktyabr` oyining birinchi o‘n kunligida ekib, ma’dan o‘g‘itlarni N150P105K75 va N200P140K100 kg/ga me’yorlarini qo‘llash agrotadbiri Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 230 gektar, Qo‘shtepa tumanida 234 gektar, jami 464 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 2 fevraldagi 02/21-80-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida tuproqning agrofizikaviy va agrokimyoviy ko‘rsatkichlari yaxshilanib, maysalar yuqori sur’atlarda unib chiqishi, qishda nobud bo‘lishi (5,2-6,1 foiz) kam bo‘lishi, donning sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanib, dondagi oqsil va kleykovina miqdorining (2-3 foiz) oshishi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish