Murodov Baxtiyorjon Baxodirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Jinoyat ishini tugatish institutini takomillashtirish», 12.00.09–Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Yu18.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.27.06.2017.YU.25.01.
Ilmiy maslahatchi: Rajabova Mavjuda Abdullaevna, yuridik fanlar doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: To‘laganova Gulchexra Zaxitovna, yuridik fanlar doktori, professor; Inog‘omjonova Zumratxon Fatxullaevna, yuridik fanlar doktori, professor; Mirzaev Aziz Alisherovich, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jinoyat ishini tugatish institutini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jinoyat-protsessual qonun normalarining to‘g‘ri qo‘llanilishi va aybsiz shaxslarning qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortilmasligini ta’minlash uchun jinoyat ishini tugatish institutining reabilitatsiya qilinadigan va reabilitatsiya qilinmaydigan asoslarga ajratish tasnifi ishlab chiqilgan;
jabrlanuvchilarning buzilgan huquqlarini tiklash va ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash uchun amnistiya haqidagi qarorlarda etkazilgan mulkiy zararlarni qoplash talab etilgan jinoyat turlarining doirasini kengaytirish zarurati asoslangan;
tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga asossiz aralashishga yo‘l qo‘ymaslik hamda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash uchun davlat ulushi bo‘lmagan yuridik shaxsning mol-mulkini ularning xodimi tomonidan firibgarlik yoki o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlari bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atishni mazkur yuridik shaxs rahbarining, mulkdorining yoki vakolatli boshqaruv organining arizasi asosida amalga oshirish lozimligi asoslab berilgan;
taraflarning yarashganligi munosabati bilan jinoyat ishini tugatishda etkazilgan zararni bartaraf etish shakli va miqdori faqat jabrlanuvchining xohishi asosida belgilanilishi taklif etilgan;
daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgan shaxs (deputat, senator, sud`ya, sud`yalar oliy kengashi a’zosi, prokuror va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili)ni jinoiy javobgarlikka tortish uchun tegishli organ yoki mansabdor shaxsning roziligi talab etilgan ishlar yuzasidan, bunday rozilikning yo‘qligini jinoyat ishini tugatishning yangi asosi sifatida joriy etish zarurati isbotlangan;
og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlik va jazodan ozod etish imkonini beradigan «Taraflarning kelishuv bitimi» deb nomlangan yangi institutni milliy qonunchilikka joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jinoyat ishini tugatish institutini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
jinoyat-protsessual qonun normalarining to‘g‘ri qo‘llanilishi va aybsiz shaxslarning qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortilmasligini ta’minlash hamda jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida mavjud kollizion holatlarni bartaraf etishga oid takliflardan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 2016 yil 23 sentyabrda qabul qilingan O‘RQ-411-sonli qonunni shakllantirilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2016 yil 14 oktyabrdagi 06/1-05/1351 vx-son ma’lumotnomasi). Takliflarning inobatga olinishi jinoyat-protsessual qonundagi jinoyat ishini tugatish institutiga doir normalarning aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga muvofiqligini ta’minlashga va jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida mavjud kollizion holatlarni bartaraf etishga xizmat qilgan;
jabrlanuvchilarning buzilgan huquqlarini tiklash uchun amnistiya haqidagi qarorlarda etkazilgan mulkiy zararlarni qoplash talab etilgan jinoyat turlarining doirasini kengaytirish yuzasidan berilgan takliflardan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 2016 yil 25 aprelda qabul qilingan O‘RQ-405-son qonunni shakllantirilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2016 yil 14 oktyabrdagi 06/1-05/1351 vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif jinoyat-protsessual munosabatlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilgan;
jinoyat ishini qo‘zg‘atishda jabrlanuvchining roziligini olish holatlarini kengaytirish hamda xususiy ayblov institutini yanada rivojlantirishga doir takliflardan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 2012 yil 29 dekabrda qabul qilingan O‘RQ-345-sonli qonunni shakllantirilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2016 yil 14 oktyabrdagi 06/1-05/1351 vx-son ma’lumotnomasi). Takliflarning amalga oshirilishi jinoyat va jinoyat-protsessual qonun normalaridagi kolliziyalarni bartaraf etish, jinoyat-protsessual munosabatlarda shaxsning huquqiy maqomini mustahkamlash hamda dispozitiv normalarni qo‘llash doirasini yanada kengaytirishga xizmat qilgan;
taraflarning yarashganligi munosabati bilan jinoyat ishini tugatishda etkazilgan zararni bartaraf etish shakli va miqdori faqat jabrlanuvchining xohishi asosida belgilash hamda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilingan shaxslarning tergov organlari bilan hamkorlik qilishini ta’minlashga qaratilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasi IIV Tergov departamentining taraflarning yarashganligi munosabati bilan jinoyat ishini tugatishda zarar miqdorini belgilash va ularni to‘liq bartaraf etish, amnistiya to‘g‘risidagi qaror asosida jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish yoki tugatish, Jinoyat-protsessual kodeksi 325-moddasi talablarining aniq va bir xilda bajarilishini ta’minlash yuzasidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Tergov departamentining 2016 yil 12 iyuldagi 18/4486-son ma’lumotnomasi). Dissertantning mazkur taklifini amalga oshirilishi jinoyat sodir etgan shaxsning aybiga iqror bo‘lib, sud-tergov organlari bilan hamkorlik qilishiga, shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod etishning protsessual tartibini yanada takomillashtirilishiga hamda jinoyat ishini tugatishda o‘z manfaatlarini himoya qiluvchi protsess ishtirokchilarining huquqlarini ta’minlovchi qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlar hamda huquqni qo‘llash amaliyotida uchrayotgan xatolarning oldi olinishiga xizmat qilgan.