Aripova Nigora Baxadirxodjaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahalliy dorivor o‘simlik xomashyolari asosida yangi tinchlantiruvchi dori vositalarini ishlab chiqish va standartlash», 15.00.02–Farmatsevtik kimyo va farmakognoziya (farmatsevtika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2017.1.PhD/Far4.
Ilmiy rahbar: Komilov Xojiasror Masudovich, farmatsevtika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent farmatsevtika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti, DSc.27.06.2017.Far.32.01.
Rasmiy opponentlar: Abdullabekova Viloyatxon Nurillabekovna, farmatsevtika fanlari doktori, dotsent; Ramazanov Normurod Sheralievich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi Davlat markazi» DUK.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy dorivor o‘simliklar xomashyolari asosida nastoyka va qobiq bilan qoplangan tabletka shaklidagi tinchlantiruvchi dori vositalarini olish va standartlash usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tinchlantiruvchi ta’sirga ega, import o‘rnini bosuvchi, mahalliy dorivor o‘simlik xomashyolari asosida «Sedarem» nastoykasi va qobiq bilan qoplangan «Sedarem» tabletkasining mo‘’tadil tarkibi va olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
«Sedarem» dori vositasining spesifik biologik faolligi, asosiy ta’sir etuvchi moddalarining kimyoviy tarkibi va miqdoriy tahlil usullari standartlashtirilgan;
original dori vositalarni farmako-toksikologik xususiyatlari klinik oldi izlanishlari va saqlashning mo‘’tadil muddatlari aniqlangan;
qobiq bilan qoplangan «Sedarem» tabletkasining sifatini nazorat qilish, standartlash uchun validatsiya me’yorlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mahalliy xomashyo asosida olingan quruq ekstraktlarni, tabletka va nastoyka dori shakllarining kimyoviy tarkibini o‘rganish, standartlash usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mahalliy dorivor o‘simlik xomashyolari asosida, tinchlantiruvchi ta’sirga ega bo‘lgan farmatsevtik kompozisiyasini olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan ixtiroga patent olingan (29.05.2014 y., № IAP 05348). Natijada olingan dori vositasi asab kasalliklarini davolashda tinchlantiruvchi dori vositasi sifatida qo‘llash imkonini bergan;
qobiq bilan qoplangan «Sedarem» tabletkasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi Davlat markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan (01593/06/17-son guvohnoma). Ushbu dori vositasini sanoat miqyosida ishlab chiqarilishi import hajmini qisqartirib, bir qator tibbiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal qilish imkonini bergan.