Obidjanov Dilshod Axmed Xuja o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertasiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kartoshka zararkunandalari bioekologik xususiyatlarining nazariy asoslari va ularga qarshi kurash tizimini ishlab chiqish”, 06.01.09 – O‘simliklarni himoya qilish (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Qx28.
Ilmiy maslahatchi: Xo‘jayev Shomil Tursunovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Xaytmuratov Arslanbek Fayzullayevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Xolmatov Baxtiyor Rustamovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik ilmiy- tadqiqot instituti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Respublika sharoitida kartoshka ekinining asosiy zararkunandalarining tarqalishi, zarari, dominant turlarining rivojlanish xususiyatlarini o‘rganish asosida, ularga qarshi kimyoviy, biologik va mikrobiologik preparatlardan foydalanib, samarali kurash usul va vositalar majmuini ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Respublikamiz sharoitida kartoshkada (ildizi, tuganagi, bargi va poyasida) uchraydigan 37 turdagi zararkunandalar aniqlanib, 2 ta sinf, 8 ta turkum va 18 ta oilaga mansubligi qayd qilingan va oddiy o‘rgimchakkana, zang kanasi, kartoshka kuyasi, kolorado qo‘ng‘izi, issiqxona va g‘o‘za oqqanoti, tamaki va g‘o‘za tripsi, poliz shirasi, karadrina, kuzgi tunlamlar dominant turlari xisoblanib tarqalishi tahlil qilingan hamda kartoshka kuyasi yil davomida 7-8 ta avlod, kolorado qo‘ng‘izi 4 avlod berib rivojlanishi aniqlangan;
kartoshkani er osti va ustki qismini zararlovchi zararkunandalariga qarshi kurashda 4 ta mikrobiologik preparatlar va 54 ta turli kimyoviy guruhlarga mansub preparatlar sinovdan o‘tkazilgan va kurash choralari ishlab chiqilgan;
agrotexnik tadbirlarning zararkunanda sonining kamayishi va tabiiy kushandalar sonining oshishida, kuya qurtlari tuganaklarni zararlamasligi uchun, uni ko‘klik paytida o‘rib, daladan tashqariga olib chiqib tashlash hamda hosilni tezda yig‘ishtirib daladan olib chiqish va kartoshka tuganaklarini past harorat (3-5 °S) saqlashdagi ahamiyati aniqlangan;
biologik usul asosida kartoshka zararkunandalari tuxumlariga qarshi trixogramma va qurtlariga qarshi brakonni qo‘llash zararkunandalarning miqdori past bo‘lganida yuqori samara berishi aniqlangan hamda biopreparatlarning kartoshka zararkunandalariga samaradorligi baholangan;
kartoshkada kartoshka kuyasi, kalorado qo‘ng‘izi, kuzgi tunlam, oq qanotlar, o‘rgimchakkana, zang tusli kana va karadrinaning bioekologik xususiyatlari, tarqalishi va rivojlanishi o‘simlikka zarar etkazish darajalari, iqtisodiy zararli miqdor mezoni (IZMM) ishlab chiqilgan. Kimyoviy preparatlarni zararkunanda va entomofaglarga ta’siri hamda kartoshka ekinini himoya qilishda qo‘llanilgan tadbirlarning biologik, xo‘jalik va iqtisodiy samaradorligini ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Respublikaning kartoshkachilik xo‘jaliklarida kartoshka zararkunandalariga qarshi kurash majmuini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mutaxassis va olimlari hamda 2017 yilda “Kartoshka kuyasi (Phthorimaea operculella Zell.) karantin hasharoti to‘g‘risidagi” tavsiyanoma ishlab chiqilgan hamda agroklaster va fermer xo‘jaliklariga amaliy faoliyatda foydalanish uchun yetkazib berilgan (O‘zbekiston respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 01.07.2022 yil №02/33-04/4397 sonli ma’lumotnomasi) Natijada ishlab chiqilgan kimyoviy kurash muddatlariga ko‘ra kartoshkani kechki va erta muddatlarda ekilgan navlarini zararkunandalardan mavsumda 3-4 marta ishlov o‘tkazilgan daladan o‘rtacha 110 s/ga qo‘shimcha hosil olinib, hamda o‘rtacha 18350 ming so‘m sof foyda olingan. Shuningdek tavsiya etilgan usul va vositalarni respublika miqyosida keng maydonlarga joriy etilishi mumkinligi ilmiy asoslab berilgan.
Respublikada kartoshka zararkunandalariga qarshi 4 ta mikrobiologik preparatlar va 54 ta turli kimyoviy guruhlarga mansub preparatlar sinovdan o‘tkazilib “O‘zbekiston respublikasi qishloq xo‘jaligida o‘simlik zararkunandalari, kasalliklariga qarshi foydalanish uchun ruxsat etilgan kimyoviy va biologik himoya vositalari Ro‘yxati”ga kiritilgan (O‘zbekiston respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan o‘tkazish va ro‘yxatga olish bo‘yicha Davlat komissiyasi DUKning 2020 yil 29 maydagi 2-5-136-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ro‘yxatga kiritilgan vositalardan kartoshka zararkunandalariga qarshi kurashda keng foydalanilgan. Kartoshka zararkunandalarining bioekologiyasi va unga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish mavzusidagi to‘plangan ma’lumotlarda 37 turdagi zararkunandalar aniqlangan. Kartoshkada kartoshka kuyasi, kalorado qo‘ng‘izi, kuzgi tunlam, oqqanotlar, o‘rgimchakkana, zang tusli kana va karadrinaning bioekologik xususiyatlari, tarqalishi va rivojlanishi o‘simlikka zarar yetkazish darajalari, iqtisodiy zararli miqdor mezoni (IZMM) ishlab chiqilgan.
Xorazm va Toshkent viloyatlarida kartoshka kuyasi va kolorado qo‘ng‘izining tarqalishi, zarari, bioekologik xususiyatlari va ularga qarshi turli sarf me’yorlarda kimyoviy vositalardan: Dalate plyus, 10 % em.k., Delyuks ultra, 10% em.k, Carol, 10% em.k., Impalla, (10%+20%) n.kuk., Festak, 10% sus.k., Alfa Donis, 5% em.k, Emamektin, 100 g/l +Lyufenuron 50 g/l, s.d.g. preparatlari joriy etilgan (O‘zbekiston respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan o‘tkazish va ro‘yxatga olish bo‘yicha Davlat komissiyasi Ishchi organi DUKning 2020 yil 29 maydagi 2-5-136-son ma’lumotnomasi). Natijada “Xorazm Agrokimyohimoya” AJ va “Toshkent Agrokimyohimoya” AJ lar tomonidan joriy etilgan va zararkunandalarga qarshi kimyoviy preparatlar bilan ishlov o‘tkazilgan daladan (nazorat variantga nisbatan) o‘rtacha 70-110 s/ga qo‘shimcha hosil olinib, har gektar erdan o‘rtacha 11 340 ming so‘m sof foyda ko‘rilib, o‘simliklarni himoya qilishga sarflangan har 1 so‘m evaziga o‘rtacha 14,2 so‘mlik qo‘shimcha mahsulot olingan.