Alimov Aziz Pulatovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tizza bo‘g‘imining degenerativ-distrofik kasalliklarida endoprotezlash», 14.00.22–Travmatologiya va ortopediya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.2.DSc/Tib166.
Ilmiy maslahatchi: Azizov Mirxakim Javxarovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.28.02.2018.Tib.62.01.
Rasmiy opponentlar: Proxorenko Valeriy Mixaylovich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Xamraev Alisher Shaxobovich, tibbiyot fanlari doktori; Sattarov Alisher Raximovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi «R.R.Vreden nomli Rossiya travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish instituti» federal davlat byudjet muassasasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: degenerativ-distrofik kasalliklari bo‘lgan bemorlarda jarrohlik va konservativ perioperatsion davolashni optimallashtirish yo‘li bilan tizza bo‘g‘imini total endoprotezlash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tizza bo‘g‘imini endoprotezlashda katta boldir suyagi do‘nglarining nekroz nuqsonlarida g‘adir-budurlikdan olingan suyak autotransplantati yordamida endoprotez komponentlari barqarorligini ta’minlash uchun plastika usuli ishlab chiqilgan;
P-simon shakldagi TBga moslashtirilgan tizza usti qopqog‘ini chetlatish uchun retraktor ishlab chiqilgan va uning yordamida tizza bo‘g‘imini endoprotezlashda sun’iy bo‘g‘im implantatsiyasi operatsiya maydonini etarlicha kengaytirishi isbotlangan;
cho‘zilib ketgan kollateral bog‘lamlarda tendoplikatsiyasini o‘tkazish yo‘li bilan tizza bo‘g‘imi deformatsiya burchagiga bog‘liq ravishda total endoprotezlash xirurgik korreksiyasi taktikasi ishlab chiqilgan;
tizza bo‘g‘imini endoprotezlashdan 4-6 oydan keyingi nazorat guruhi bemorlarida rentgendensitometrik belgilarning pasayishi va immunologik ko‘rsatkichlarning oshishi kuzatilib, endoprotez atrofidagi suyak to‘qimasi osteolizining rivojlanishi isbotlangan;
tizza bo‘g‘imi suyak to‘qimasi zichligini aniqlash asosida protez atrofi suyak to‘qimasida rezorbtiv jarayonlarga medikamentoz ta’sir qilish sxemasi ishlab chiqilgan;
tizza bo‘g‘imi bukiluvchi kontrakturasining rivojlanishida to‘rt boshli mushak bioelektrik faolligining susayishi va tizza bo‘g‘imini bukuvchi mushaklarining gipertonusi bilan bog‘liqligi isbotlangan;
tizza bo‘g‘imini total endoprotezlashdan keyin oyoqning mushak apparati tonusi pasayganida elektroneyrostimulyasiya qo‘llagan holda reabilitatsiya chora-tadbirlari sxemasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tizza bo‘g‘imi degenerativ-distrofik kasalliklari bo‘lgan bemorlarda tizza bo‘g‘imini total endoprotezlash natijalarini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Tizza bo‘g‘imini endoprotezlashda tizza usti qopqog‘ini chetlatish uchun retraktor ishlab chiqilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 26 fevraldagi 8n-d/30-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan moslama amaliyot vaqtini qisqartirish va tizza bo‘g‘imini endoprotezlashda adekvat yo‘l ochish imkonini bergan;
tizza bo‘g‘imi deformatsiyalarini tashxislash va endoprotezlashda davolash taktikasini tanlash uslubiyati ishlab chiqilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 26 fevraldagi 8n-d/30-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tashxislash kompleksi tizza bo‘g‘imi deformatsiyalarini erta verifikatsiya qilish va total endoprotezlashning eng optimal taktikasini tanlash sharoitini yaratgan;
«Tizza bo‘g‘imini endoprotezlash» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 26 fevraldagi 8n-d/30-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan qo‘llanmaning tatbiq etilishi degenerativ-distrofik kasalliklari bo‘lgan bemorlarda tizza bo‘g‘imini endoprotezlash natijalarini yaxshilash, bo‘g‘im faoliyatining tiklanish muddatini qisqartirish imkonini bergan;
degenerativ-distrofik kasalliklari bo‘lgan bemorlarda tizza bo‘g‘imini total endoprotezlash natijalarini yaxshilash bo‘yicha bajarilgan dissertatsiya ishining olingan ilmiy natijalari sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Xorazm viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinatining tibbiy-sanitariya qismi amaliy faoliyatiga (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 26 fevraldagi 8n-d/30-son ma’lumotnomasi) tatbiq etilgan. Tadqiqotdan olingan natijalar tizza bo‘g‘imi degenerativ-distrofik kasalliklari bo‘lgan bemorlarni tashxislash sifatini yaxshilash, total endoprotezlash taktikasini optimallashtirish va amaliyotdan keyingi asoratlarni 20,5% dan 8,3% gacha kamaytirish imkonini bergan.