To‘raeva Bahor Bahriddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tarixiy romanlarda badiiy zamon muammosi (O.Yoqubov va P.Qodirov romanlari misolida)», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil135.
Ilmiy rahbar: Shodiev Narzulla To‘raevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Karimov Naim Fotihovich, filologiya fanlari doktori, akademik; Yo‘ldoshev Boynazar Yo‘ldoshevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: badiiy zamonning klassik shakllari, tiplari, kategoriyalari hamda usullaridan iborat tizimini O.Yoqubovning «Ulug‘bek xazinasi» va «Ko‘hna dunyo», P.Qodirovning «Yulduzli tunlar» hamda «Avlodlar dovoni» tarixiy romanlari misolida ilmiy-tahliliy, qiyosiy-tipologik va nazariy umumlashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
badiiy zamonning adabiy-estetik kategoriya sifatidagi nazariy-konseptual maqomi, uning ijodiy klassik tiplari, shakllari hamda usullaridan iborat yaxlit tizim ekanligi dalillar asosida ilmiy isbotlangan;
tarixiy romanlar misolida tarixiy zamon haqiqatini badiiy zamon haqiqatiga aylantirish, tarixiy real zamonni badiiy zamon maqomida adabiy-estetik kashf etishning ijodiy-estetik tamoyillari ochib berilgan;
epik zamonning badiiy o‘tgan zamon, badiiy hozirgi zamon, badiiy kelasi zamon shakllari ijodiy-estetik dialektikasidagi badiiy o‘tgan zamonning ustun shakl ekanligi, tarixiy romanlarning tarixiy va psixologik xronoslari, echim zamonidan iborat epik zamon kategoriyalari aniqlangan;
tarixiy romanlar badiiy zamonlarining mualliflar ijodiy niyati va asarlar g‘oyaviy-estetik konsepsiyalaridan kelib chiquvchi individual o‘ziga xos tiplari, shakllari hamda usuli mundarijasiga asoslangan yaxlit xronos «atlas»i ijodiy-individuallik hamda qiyosiy-tipologik umumlashmalar sintezi orqali dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O.Yoqubov va P.Qodirov tarixiy romanlarida badiiy zamon muammosini tadqiq etish hamda uning ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqish asosida:
tarixiy romanlarda badiiy zamon yozuvchi uslubining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilashi, badiiy zamonning turli shakllari, tiplari, kategoriyalari hamda tasviriy usullariga doir xulosalardan F-1-06 raqamli «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi»mavzuidagi fundamental tadqiqot loyihasining «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida jahon ilg‘or tadqiq metodlarining zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligiga tatbig‘i (psixoanaliz, germenevtika, strukturalizm, semiotika)» qismida foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 30 oktyabrdagi FTA-02-11/973-son ma’lumotnomasi). Shu asosda Sharq va G‘arb adabiyoti tipologiyasi, tarixiy roman poetikasi, badiiy zamon shakllari, tiplari, kategoriyalari va usullariga oid nazariy xulosalar chiqarilgan;
P.Qodirovning «Yulduzli tunlar» va «Avlodlar dovoni» tarixiy romanlarida adabiy voqelik tasvirini real tarixiy hodisalarga «payvand»lashda muallifning badiiy mahoratini yoritishga doir ilmiy-nazariy qarashlardan 2017 yil «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan nashr etilgan «Bobur ensiklopediyasi»da foydalanilgan (Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining 2018 yil 3 apreldagi 31-son ma’lumotnomasi). Ensiklopediyaning «O‘zbek adabiyotida Bobur siymosi» maqolasida ilmiy natijalarning qo‘llanilishi o‘zbek adabiyotining yangi qirralarini baholash va tarixiy zamon haqiqatini badiiy zamon haqiqatiga aylantirish kabi ijodiy-estetik qonuniyatlarni ochish imkonini bergan;
tarixiy romanlarda badiiy zamon epik syujet yaxlitligini hamda kompozision uyg‘unligini ta’minlashi, o‘tmish va kelajakning hozir bilan aloqasini belgilashiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat telekanali»ning «Tadqiqot», «Bir asar tahlili», «Kitob va kitobxon» teleko‘rsatuvlarida, shuningdek, Xorazm viloyat teleradiokompaniyasining «Adabiy muhit», «Munavvar kun» va «Xorazmnoma» ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining 2017 yil 8 noyabrdagi 01/7-347-son, «Madaniyat va ma’rifat telekanali»ning 2017 yil 21 dekabrdagi 02-15/890-son ma’lumotnomalar). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi O.Yoqubov va P.Qodirov tarixiy romanlari epik zamonlarini ijodiy individuallik hamda qiyosiy-tipologik mundarijalarda ilmiy-nazariy umumlashtirishdek tahliliy-tadqiqiy zaruratga asoslangan.