Umarov Shuxratjon Azizjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Shifrlash algoritmlari uchun kriptobardoshli mantiqiy va jadvalli akslantirishlar yaratish», 05.01.05 – «Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi» (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T1565.
Ilmiy rahbar: Akbarov Davlatali Yegitalievich, fizika-matematika fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.FM.01.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Kabulov Anvar Vasilovich, texnika fanlari doktori, professor; Boyquziev Ilxom Mardanoqulovich, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: “UNICON.UZ” Davlat unitar korxonasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi axborot-kommunikatsiya tarmoqlarida elektron axborotning muhofazasini ta’minlovchi kriptografik algoritmlar akslantirishlarida apparat-dasturiy tatbiqlari qulay bo‘lgan, kriptobardoshli xususiyatga ega mantiqiy va jadvalli akslantirishlarni aniqlashdan, ular asosida kriptobardoshli algoritmlar modellarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
regulyarlik kriteriysi bo‘yicha samarali aralashtirish hamda tarqatish xususiyatli chekli sondagi bitlar birikmalari bilan ifodalanuvchi mantiqiy va jadvalli amallar asosida kriptobardoshli akslantirishlar ishlab chiqilgan;
mantiqiy hamda jadvalli akslantirishlarning bir qiymatli va ko‘p qiymatli chinlik jadvallari asosida bul funksiya modellarini qurishning umumiy matematik usullari ishlab chiqilgan hamda ular tasdiq va teoremalar bilan isbotlangan;
bit, qismbayt va bayt birikmalarida yangi mantiqiy hamda jadvalli amallar asosida yaratilgan akslantirishlar kriptobardoshliligi baholangan, shuningdek, ular oqimli va blokli shifrlash, xesh-funksiya algoritmlarida tatbiq etilgan;
mutlaqo bardoshli, oqimli, simmetrik blokli shifrlash algoritmlari va xesh-funksiya akslantirishlari kriptobardoshliligining zaruriylik shartlari ishlab chiqilgan hamda isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kriptobardoshli xususiyatga ega yangi mantiqiy va jadvalli akslantirishlar yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va dasturiy ta’minotlardan:
mantiqiy va jadvalli amallardan foydalanilganda oqimli hamda simmetrik blokli shifrlash algoritmlari, xesh-funksiya algoritmining akslantirishlari kriptobardoshli bo‘lishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan “O‘zbektelekom” AK Farg‘ona filialida o‘zaro himoyalangan ma’lumotlar almashish va alohida toifalangan ma’lumotlar bazasini himoyalash jarayonlarida foydalanilgan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022-yil 24-noyabrdagi 33-8/7988-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi o‘zaro axborot almashish kanalida himoyalangan ma’lumotlarni yuborish imkonini bergan;
regulyarlik kriteriysi asosida samarali aralashtirish va tarqatish xususiyatli mantiqiy hamda jadvalli akslantirishlar yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan Farg‘ona viloyati hokimligi huzuridagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasida axborot tizimi va tarmoqlarida ma’lumotlarni uzatishda hamda qabul qilishda ma’lumotlar muhofazasini: maxfiyligini, butunligini va haqiqiyligini ta’minlashda foydalanilgan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022-yil 24-noyabrdagi 33-8/7988-son ma’lumotnomasi) Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi himoyalangan tizimlarda foydalanilayotgan shifrlash algoritmlarining bardoshliligini baholash va tahlil qilish imkonini bergan;
mantiqiy hamda jadvalli amallarning bir qiymatli va ko‘p qiymatli chinlik jadvallari asosida qurilgan bul funksiya modellari, algoritm va dasturlaridan BF-F4-023-sonli «Taqsimlangan axborot kommunikatsiya tizimlarida axborot insedentlari va kiberhujumlarga qarshi harakatlarni boshqarish muammolarini tadqiq etish» mavzusidagi loyihada kriptoalgoritmlar akslantirishlarini yaratishda foydalanilgan (Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 2022 yil 6 oktyabrdagi 3256/15-01-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi himoyalangan ma’lumotlarni yuborish imkonini bergan.