Musaev Bekzod Tursunboevichning

falsafa  doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini kollizion-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish», 12.00.03–Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Yu43.

Ilmiy rahbar: Ro‘ziev Rustam Jabborovich, yuridik fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.27.06.2017.Yu.22.01.

Rasmiy opponentlar: Gulyamov Said Saidaxrarovich, yuridik fanlar doktori, professor; Rustambekov Islombek Rustambekovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasida chet el elementi bilan murakkablashgan mehnat munosabatlarini kollizion-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish va uni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi va «Mehnat muhofazasi to‘g‘risida»gi qonunning chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mehnat munosabatlariga nisbatan tatbiq qilinishi mumkinligi asoslangan;

mehnatni tartibga solishga oid qonun hujjatlari agar xalqaro shartnomalarda boshqacha holat nazarda tutilmagan taqdirda, O‘zbekiston hududidagi chet el fuqarolari sanalgan ish beruvchilarga nisbatan ham qo‘llanilishi lozimligi asoslab berilgan;

xalqaro xususiy mehnat munosabatlarida mehnat sharoitlarini aniqlash, noqulay ishlab chiqarish omillari va ularni o‘rnatishga oid milliy hamda xalqaro huquqiy hujjatlar normalarini unifikatsiyalash haqidagi takliflar asoslangan;

fuqarolik-huquqiy shartnomalar bo‘yicha ishlar bajaruvchi (xizmatlar ko‘rsatuvchi) shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari tatbiq qilinishi shartligi asoslab berilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini kollizion-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari asosida:

O‘zbekiston Respublikasining «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunining tatbiq qilish sohasini aniqlashtirish, mehnat muhofazasi sohasida davlatning xalqaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish, chet el fuqarolariga mehnat muhofazasiga oid normalarni tatbiq qilish haqidagi takliflar «O‘zbekiston Respublikasining «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunining 3, 4, 5, 21, 22, 33-moddalariga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining 2016 yil 29 sentyabrdagi 04/3-06-366-son ma’lumotnomasi). Bu normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotda qo‘llash samaradorligini oshirishga, mehnat muhofazasiga oid normalarni tatbiq qilish sohasini aniqlashga, shuningdek, mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi xalqaro xususiy huquqiy asoslarni yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;

mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirishning mexanizm va shakllari, mehnat migrantlari bilan ishlash sohasidagi diplomatik vakolatxonalarining asosiy faoliyat yo‘nalishlarini o‘zida ifodalovchi «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqishga oid takliflar qonun ijodkorlik faoliyatida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2016 yil 30 sentyabrdagi
06/1-05/1370-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning amalga oshirilishi mamlakatimiz qonunchiligini xalqaro standartlarga moslashuviga va fuqarolarimizni chet el mamlakatlari iqtisodiy-ijtimoiy sharoitlariga integratsiyalashuviga xizmat qilgan;

chet el elementi bilan murakkablashgan mehnat munosabatlariga nisbatan tatbiq qilinadigan huquqni aniqlash, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokidagi mehnat munosabatlarini tartibga solishga oid va boshqa shu sohadagi takliflar qonun ijodkorlik faoliyatida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining 2016 yil 19 iyuldagi 04/3-06-344-son ma’lumotnomasi). Takliflarning amalga oshirilishi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga va ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy normalarni samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellarda ishga joylashtirishga oid vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar faoliyatini tashkil qilishga oid bildirilgan takliflardan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining 2016 yil 27 iyuldagi 02-09/2216-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarni amalga oshirilishi O‘zbekistonda rekruting xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish