Jumaev Rashid Normurotovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Masnaviyi ma’naviy” va “Lison ut-tayr”dagi hikoyatlarning qiyosiy tahlili”, 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil30.
Ilmiy rahbar: Haqqulov Ibrohim Chorievich,filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muasasa nomi, IK Raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar:Qudratullaev Hasan Samadovich, filologiya fanlari doktori, professor; Olimov Sultonmurod Hoshimovich,filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: “Masnaviyi ma’naviy” va “Lison ut-tayr” dostonidagi hikoyatlarni qiyosiy tahlil qilish, ulardagi mavzu, syujet, g‘oyaviy-badiiy ma’no-mazmun va ramziy-majoziy timsollarning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Rumiy ijodi, ustoz va salaflari, lirikasi hamda “Masnaviyi ma’naviy” asarining Alisher Navoiy ijodiga ta’siri “Lison ut-tayr” tamsiliy hikoyatlaridagi mavzu, syujet, g‘oyaviy-badiiy tarkib va timsollar qiyosi orqali asoslangan;
“Masnaviyi ma’naviy” va “Lison ut-tayr”dagi payg‘ambarlar, orif va avliyolar, ishq va nafs talqinlari keltirilgan hikoyatlarda har ikkala ijodkorning qarashlari, talqin va tahlillardagi g‘oyaviy-badiiy yaqinlik hamda tasvir va bayon, ifoda hamda uslubiy farqlar aniqlangan;
“Masnaviyi ma’naviy” va “Lison ut-tayr”dagi mavzu, syujet, obrazlar tizimi jihatidan bir-biriga yaqin va o‘xshash hikoyatlarning tahlil va talqinlari orqali Rumiy hamda Navoiyning ramziy-majoziy tasvir yaratishdagi so‘z qo‘llash, tasavvufiy timsollardan ijodiy maqsad yo‘lida foydalanish mahorati va uslublarining o‘ziga xosligi ochib berilgan;
Navoiyning “Lison ut-tayr” hikoyatlaridagi tasavvufiy-falsafiy va ta’limiy-axloqiy qarashlari “Masnaviyi ma’naviy” hikoyatlariga qiyosan tahlil qilinib, “Lison ut-tayr” dostoni o‘zbek adabiyotidagi tasavvufiy-falsafiy yo‘nalishdagi yangi va original asar ekanligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
“Masnaviyi ma’naviy” va “Lison ut-tayr”dagi hikoyatlarning qiyosiy tahlili tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Jaloliddin Rumiy ijodiyoti, ayniqsa, “Masnaviyi ma’naviy”dagi hikoyatlarning “Lison ut-tayr” dostonidagi qator hikoyatlarga ta’siri masalalari, shu bilan birga ularning o‘zaro o‘xshash va farqli jihatlarini ko‘rsatib berish bo‘yicha xulosalardan FA-F1-G039 raqamli “Alisher Navoiy” (2 jildlik) va “Abdulla Qodiriy qomuslarini yaratish” fundamental loyihasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 14 sentyabrdagi FTA-02-11/651-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalar Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” asari va Alisher Navoiy “Lison ut-tayr” dostonidagi hikoyatlar va ularning Sharq xalqlari madaniy-maishiy turmush tarzi, ma’naviy-axloqiy qarashlari bilan mushtarak jihatlarni asoslab berishga xizmat qilgan;
tadqiqot natijalaridan OT-G‘8-027-raqamli “Qo‘lyozma manbalarning milliy-ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” va OT-F1-138 raqamli “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi” fundamental loyihalarini bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 2 apreldagi 89-03-1208-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi mumtoz adabiyotimiz namunalari va qo‘lyozma asarlarda bayon etilgan umuminsoniy va milliy g‘oyalarni yoritib berish, o‘zbek va fors-tojik mumtoz adabiyotidagi o‘zaro aloqa va o‘zaro ta’sirning ba’zi masalalariga aniqlik kiritishga xizmat qilgan;
Rumiy va Navoiy asarlarida ko‘tarilgan umumbashariy muammolar, mavzular ko‘lami, milliy qadriyatlarga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Bashariyat siymolari” (Jaloliddin Rumiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan soni) va “Bir bayt tahlili” (Alisher Navoiy baytlari tahliliga bag‘ishlangan sonlari) dasturida va “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi” hamda “Hamroh” eshittirishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2018 yil 30 martdagi 01-16/178-son va 2018 yil 29 martdagi O‘zTR-1-53-son ma’lumotnomalari). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi teleko‘rsatuvlarning tayyorlanishida birlamchi metodologik asos bo‘lib xizmat qilgan hamda radiotinglovchilarni fors-tojik adabiyoti namunalari bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etgan.