Umbarov Ibragim Amonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Erosti sho‘r suvlari tarkibidagi yodli birikmalardan yodni ajratib olish texnologiyasini takomillashtirish», 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1. DSc/T14.
Ilmiy maslahatchi: Turaev Xayit Xudaynazarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Namazov Shafoat Sattarovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik; Sharipov Xasan Turapovich, kimyo fanlari doktori, professor; Shamshidinov Isroiljon Turgunovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: erosti gidrotermal suvlari tarkibidagi yodli birikmalardan iste’molga yaroqli yod moddasini olishning takomillashtirilgan texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Kattaqum-2», «Uchqizil», «Kokayti» va «O‘rtabuloq» quduqlari erosti gidrotermal suvlaridagi yod birikmalari miqdori va tarqalish shakllari aniqlangan;
erosti gidrotermal suvlari tarkibidagi yod ionlarini turli oksidlovchilar bilan oksidlash jarayonlarida yod ionlarining oksidlanish kinetikasi isbotlangan;
erosti gidrotermal sho‘r suvlari tarkibidagi yodli birikmalarni oksidlash natijasida hosil bo‘lgan molekulyar yodni dastlab havo bilan desorbsiyalash, so‘ngra ishqorli eritma bilan absorbsiyalashning maqbul sharoitlari aniqlangan;
texnologik absorbsion eritmani nordonlashtirish, hosil bo‘lgan yodli birikmalarni oksidlash va molekulyar yodni kristallash hamda uni ajratib olishning texnologik kattaliklari asoslangan;
tarkibida yodli brikmalar bo‘lgan erosti gidrotermal sho‘r suvlari asosida tibbiyot va kimyo sanoati ehtiyojlari uchun foydalaniladigan yod olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mahalliy erosti sho‘r gidrotermal suvlari tarkibidagi yodli birikmalardan yodni ajratib olishning takomillashtirilgan texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
erosti sho‘r suvlari tarkibidagi yodli birikmalardan yodni ajratib olish texnologiyasi «Jarqo‘rg‘onneft» akseonerlik jamiyatida amaliyotga joriy etilgan («O‘zbekneftigaz» AJning 2018 yil 17 apreldagi 02/12-1-78-son ma’lumotnomasi). Natijada mahalliy erosti sho‘r gidrotermal suvlar tarkibidagi yodli birikmalarni yuqori iqtisodiy samaradorlik bilan qayta ishlash asosida import o‘rnini bosuvchi yod ishlab chiqarish imkonini bergan;
erosti sho‘r suvlari tarkibidagi yodli birikmalardan yodni ajratib olish texnologiyasi «Koson neft gaz qidiruv ekspedisiyasi» mas’uliyati cheklangan jamiyatida joriy etilgan («O‘zbekneftigaz» AJning 2018 yil 17 apreldagi 02/12-1-78-son ma’lumotnomasi). Natijada erosti sho‘r gidrotermal suvlari tarkibidan yodit ionlarining oksidlanish darajasi 90%, desorsiya darajasi 95% va absorbsiya darajasi 99% hamda toza yod mahsulotining chiqishi 82,8% tashkil qilishi isbotlangan.
erosti sho‘r gidrotermal suvlari tarkibidagi yodli birikmalardan yodni ajratib olishning ilmiy natijalari A-12-FQ-17926 raqamli «Zamonaviy yadro-fizikaviy metodlar yordamida gidrometallurgiya korxonalari chiqindi eritmalari tarkibidagi nodir metallarni konsentrlash va ajratish» mavzusidagi fundamental loyihada sorbentlar yordamida modelli eritmalar tarkibidagi yod ionlarini sorbsion ajratishda, to‘rtlamchi azot va fosfor birikmalari asosida ekstragentlar sintezida hamda ular yordamida erosti sho‘r suvlari tarkibidagi yod va uning birikmalarini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 22 dekabrdagi FTA-02-11/1349-son ma’lumotnomasi). Natijada erosti sho‘r suvlari tarkibidagi yodli birikmalardan yodni sorbsion ajratish va boyitish imkonini bergan.