Ergashev Po‘lat Sobirovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Simmetriya hissi fenomenologik tahlili, diagnostikasi va korreksiyasi», 19.00.01–Psixologiya tarixi va nazariyasi. Umumiy psixologiya. Shaxs psixologiyasi (psixologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Psi5.

Ilmiy maslahatchi: Safaev Nuriddin Salixovich, psixologiya fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Psi.01.07.

Rasmiy opponentlar:G‘oziev Ergash G‘ozievich, psixologiya fanlari doktori, professor; Ibodullaev Zarifboy Rajapovich, tibbiyot fanlari doktori, professor, Ibragimov Xolboy Ibragimovich, pedagogika fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Toshkent islom  universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: simmetriya hissi fenomenologiyasini aniqlash hamda uni diagnostika va korreksiya qilishning imkoniyatlarini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

simmetriya hissi ilk marotaba shaxs psixologiyasidagi alohida (emotsiya va idrok kesishuvidagi) ko‘p vektorli fenomen sifatida ochib berilgan;

simmetriya hissining asosiy (yosh, jins, kasb, turmush tarzi, ma’lumot darajasi, psixofiziologiya hamda individual psixologiya bilan bog‘liq) namoyon bo‘lish va rivojlanish xususiyatlari aniqlangan;

simmetriya hissi darajasini tashxis qilish metodikasi (“Barron-Welsh Art Scale”) bo‘yicha natijalarni qayta ishlash tizimi modifikatsiya qilingan;

simmetriyaga bo‘lgan emotsional munosabatni nozik differensiallab (munosabatning nafaqat ishorasini, balki darajasini ham aniqlab) o‘lchash imkoniyatini yaratuvchi maxsus shkala (Simmetriyaning bosqichli shkalasi) ishlab chiqilgan;  

simmetriya hissi sohasiga psixokorreksion va rivojlantiruvchi ta’sir ko‘rsatish texnologiyasi (diqqatni narsa-hodisalarning detallari orasidagi farqdan yaxlit obrazdagi o‘xshashlikni payqashga yo‘naltirish texnologiyasi) ishlab chiqilgan va metodik apparati yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Simmetriya hissi fenomenologik tahlili, diagnostikasi va korreksiyasi bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot ishlari natijalari asosida:

simmetriya hissini ilk marotaba shaxs psixologiyasi sohasida (emotsiya va persepsiya kesishuvida)gi alohida fenomen sifatida ochib beruvchi hamda bu hodisaning asosiy (yosh, jins, kasb, turmush tarzi, ma’lumot darajasi, psixofiziologiya hamda individual psixologiya bilan bog‘liq) xususiyatlari haqida ma’lumot beruvchi materiallar “Simmetriya va tartib psixologiyasi” elektron qo‘llanmasi tarkibida Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga kirgan manfaatdor tashkilotlar faoliyatida foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 22 dekabrdagi 01-02/1-7-382-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur muassasalar pedagog jamoalarining psixologik ilmiy-nazariy tayyorgarligini yanada oshirishga yordam bergan;

modifikatsiya qilingan (simmetriyaga bo‘lgan emotsional munosabatni tekshiruvchi yangicha kalit bilan jihozlangan) “Barron-Welsh Art Scale”  metodikasi umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarida ijodiy layoqatni, tartibli xulqni namoyon etishga tayyorlikni tashxis qilishda, iqtidorli va xulqi og‘ishgan bolalar bilan psixodiagnostika ishlarini amalga oshirishda qo‘llangan (Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazining 2017 yil 6 noyabrdagi 06/623-01-son, Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 22 dekabrdagi 01-02/1-7-382-son ma’lumotnomalari). Bu umumta’lim maktablarining zarur psixologik-pedagogik diagnostika materiallarini shakllantirishda, tegishli yo‘nalishlarda psixologik xizmat ko‘rsatishga va qo‘llab quvvatlashga mas’ul tashkilotlar hamda mutaxassislar faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;

simmetriyaga bo‘lgan emotsional munosabatni nozik differensiallab (munosabatning nafaqat ishorasini, balki darajasini ham aniqlab) o‘lchash imkonini beruvchi shkala (Simmetriyaning bosqichli shkalasi) elektron va uslubiy qo‘llanmalar tarkibida Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar ota-onalari hamda murabbiylari o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini, psixologik ma’rifat yo‘nalishi bo‘yicha tegishli faoliyatni amalga oshirishda qo‘llanilgan (Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazining 2017 yil 6 noyabrdagi 06/623-01-son ma’lumotnomasi). Natijada esa ota-ona va mutaxassislar psixologik kompetentligini, bolalar bilan munosabat o‘rnatishda samarali yondashuv imkoniyatini oshirishga xizmat qilgan;  

simmetriya hissi sohasiga psixokorreksion va rivojlantiruvchi ta’sir ko‘rsatishning texnologiyasi (diqqatni narsa-hodisalar detallari orasidagi farqdan yaxlit obrazdagi o‘xshashlikni payqashga yo‘naltirish texnologiyasi) hamda uning metodik apparati Xalq ta’limi vazirligi nashridagi “Amaliy psixologiya” ruknida berilgan turkum ilmiy-uslubiy ishlardagi tavsiyalar asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablari ta’lim-tarbiya jarayonida foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 22 dekabrdagi 01-02/1-7-382-son ma’lumotnomasi). Natijada umumiy o‘rta ta’lim tizimida psixologik xizmat sifatini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish