Olimov Sultonmurod Hoshimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Lison ut-tayr”ning qiyosiy poetikasi: sintez, naziraviylik va tarjimaviylik”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSs/Fil58.
Ilmiy maslahatchi: Muhiddinov Muslihiddin Qutbiddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Qobilov Usmon Uralovich, filologiya fanlari doktori, dosent; Boqijon To‘xliyev, filologiya fanlari doktori, professor; Olmoz Ulvi Binnatova, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II Tadqiqotning maqsadi “Lison ut-tayr”ning qiyosiy poetikasini sintez, naziraviylik va tarjimaviylik jihatidan o‘rganib, tub g‘oyaviy, islomiy, irfoniy, falsafiy, badiiy mazmunini yoritish, ishqnoma, munojotnoma, me’rojnoma sifatidagi xususiyatlarini yoritish, unda muallif ko‘zda tutgan maqsad-muddaoning aks etish tamoyillarini aniqlash, unga naqshbandiya tariqati g‘oyalarining ta’siri, asar syujeti va kompozisiyasida an’ana va tajdid(novatorlik)ni ochib berishdan iborat.
III Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Lison ut-tayr” g‘oyaviy-badiiy, ma’rifiy-islomiy, irfoniy-falsafiy, janriy, liro-epik o‘ziga xosliklari asar matnidan kelib chiqqan holda, sho‘ro mafkurasi ta’sirida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ochib berilib, shoirning o‘z ishqi haqidagi dostoni ekanligi isbotlangan;
dostonning timsollar tizimiga kiruvchi qushlar, insonlar, farishtalarning g‘oyaviy hamda badiiy jihatlari yoritilib, shoirning “Lison ut-tayr”da qo‘llagan taxallusi navoiyshunoslikdagi “Foniy”ni faqat uning fors-tojik tilida bitilgan asarlaridagi taxallusi sifatida ko‘rsatish xato ekanligi, “fano” va “foniylik” tushunchalari asarning g‘oyaviy-tasavvufiy asosi, unda foniylik g‘oyasining targ‘ibi, shoir taxallusi o‘zgartirilishining sabablari, dostonda lirik qahramon timsoli xususiyatlari dalillangan;
dostonning qiyosiy poetikasi, uning turkiy, forsiy va qisman arabiy adabiyotlar sintezi sifatidagi xususiyatlari, tub g‘oyaviy, islomiy, irfoniy, falsafiy, badiiy mohiyati, undagi haqiqiy ishq majoziy yo‘l bilan tasvirlanganligi, asar ishqnoma, munojotnoma va me’rojnoma sifatida baholanganligi hamda dostonda naqshbandiya tariqatining “Dil – ba yor-u, dast – ba kor”, “Safar – dar vatan”, “Nazar – bar qadam”, “Xilvat – dar anjuman” g‘oyalarining targ‘ib etilgani ochib berilgan;
doston janriy xususiyatlarini tahlil etishda yangi “naziraviylik” va “tarjimaviylik” istilohlari ilmga olib kirilib, “Lison ut-tayr”ning Navoiy “Xamsa”si dostonlaridan farqli jihatlari hamda tarjima-nazira ekanligi asoslangan;
hikoyatlarning syujet va kompozisiyadagi o‘rni, San’on hikoyatining “Lison ut-tayr”ning “oltin” halqasi ekanligi, Qaqnus hikoyatiga Attor va Foniyning ohoriy yondashuvi yoritilganligi, dostondagi mutanosiblik qonuniyati va uning ayrim buzilish holatlari, liro-epik asarda lirik qahramon timsoli masalasi “Lison ut-tayr”ni “Mantiq ut-tayr” hamda Navoiy “Xamsa”si dostonlariga qiyoslash asosida aniqlangan.
IV Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, natija va ishlanmalar asosida:
“Lison ut-tayr” g‘oyaviy-badiiy, ma’rifiy-islomiy, irfoniy-falsafiy, janriy, liro-epik xususiyatlari, bu asar shoirning o‘z ishqi haqidagi dostoni ekanidan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida 2012 – 2016 yillarda amalga oshirilgan “Alisher Navoiy (2 jildlik) va Abdulla Qodiriy qomuslarini yaratish” mavzusidagi fundamental hamda 2018 – 2019 yillarda bajarilgan “Navoiy qomusini nashrga tayyorlash va chop etish” mavzusidagi amaliy loyihada, shuningdek, O‘zR FAning Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida foydalanilgan (O‘zR FAning 2023 yilning 10 yanvaridagi 3/1255-51-son ma’lumotnomasi). Natijada “Foniy” Navoiyning ham forsiy, ham turkiy taxallusi, “Lison ut-tayr” ishqnoma, munojotnoma, me’rojnoma asar, San’on haqidagi hikoyat “Lison ut-tayr”ning “oltin” halqasi ekani, dostonda qushlarning 7 vodiydan o‘tishi Muhammad(s. a. v.)ning me’roji bilan vobastaligi, “Lison ut-tayr” va jahon adabiyoti, asar genezisi, ayniqsa, uning Attorning “Mantiq ut-tayr”i bilan o‘xshash va farqli jihatlari haqidagi ma’lumotlardan, “Lison ut-tayr”da kompozisiyaviy qat’iyatlar va ayrim nomutanosibliklar, kompozisiyaviy o‘ziga xosliklar, naqshbandiya g‘oyalari targ‘ibi, Simurg‘, Hudhud, lirik qahramon, Attor, San’on timsollari, uning Navoiy “Xamsa”si dostonlari bilan o‘xshash va farqli jihatlari, shoir asarlarining xorijiy tillarga tarjimalari bilan bog‘liq ma’lumotlar asosida “Alisher Navoiy” qomusi maqolalari tayyorlangan. Davlat adabiyot muzeyidagi “Alisher Navoiy” nomli ekspozisiyani qayta tashkil etishda shoir ijodi bo‘yicha topshirilgan ma’lumotlar “Lison ut-tayr” dostoni adabiy, falsafiy, irfoniy mohiyati, uning qo‘lyozma, toshbosma va nashriy nusxalari, tarjimalari, qiyosiy poetika, sintez, naziraviylik va tarjimaviylik masalalari bo‘yicha ma’lumotlar muzeyning elektron katalogini tayyorlashga va “Lison ut-tayr” dostoni tub mohiyatini yoritish, uning qiyosiy poetikasini keng tahlil etishga xizmat qilgan;
“Lison ut-tayr” timsollar tizimiga kiruvchi qushlar, insonlar, farishtalar timsollari, unda qo‘llangan “Foniy” taxallusidan O‘zR VM huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatida foydalanilgan (O‘zR VM huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining 2022 yil 22 noyabrida berilgan 868-son dalolatnomasi). Natijada dissertatsiyadagi “Lison ut-tayr” xususiyatlarini tadqiq etish, adabiyoshunoslikning dolzarb masalalari tahlili va ilgari surilgan taklif va mulohazalar asosidagi ilmiy xulosalar tasavvuf va xattotlik ekspozisiyasi bo‘limini shakllantirishda tatbiq etilgan;
“Lison ut-tayr”da “fano” va “foniylik” tushunchalari talqinlariga suyangan holda asarning g‘oyaviy-tasavvufiy asosi, unda foniylik g‘oyasi targ‘ibi, shoir taxallusining o‘zgartirilishi asl sabablari, dostonda lirik qahramon timsoli xususiyatlaridan O‘zbekiston MTRK “Madaniyat va ma’rifat telekanali” davlat muassasasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston MTRK “Madaniyat va ma’rifat telekanali” davlat muassasasining 2022 yil 22 noyabrida berilgan 01-02-03/213-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot xulosalari Tong nafasi”, “Bashariyat siymolari”, “Birgalikda o‘qiymiz” ko‘rsatuvlari, “Lison ut-tayr” tahlil etilgan maxsus ko‘rsatuv tayyorlashga asos bo‘lgan;
“Lison ut-tayr” qiyosiy poetikasi, turkiy, forsiy va qisman arabiy adabiyotlar sintezi sifatidagi xususiyatlari, tub g‘oyaviy, islomiy, irfoniy, falsafiy, badiiy mohiyati, majoziy ishq xususiyatlaridan O‘zbekiston MTRK “O‘zbekiston tarixi” telekanali faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston MTRK “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2022 yil 23 noyabridagi 06-28-1986-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot materiallari “Mavzu”, “Aslida qanday?..” va “Sharq qo‘lyozmalari” ko‘rsatuvlari senariylari tayyorlangan;
“Lison ut-tayr” ishqnoma, munojotnoma va me’rojnoma sifatida baholangani hamda dostonda naqshbandiya tariqatining “Dil – ba yor-u, dast – ba kor”, “Safar – dar vatan”, “Nazar – bar qadam”, “Xilvat – dar anjuman” g‘oyalari targ‘ib etilganidan Respublika ta’lim markazi faoliyatida foydalanilgan (O‘zR Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2022 yil 13 dekabridagi 01/11-01/1-1841-son dalolatnomasi). Natijada dissertatsiya materiallari dissertant ishtirokidagi “O‘zbek adabiyoti” bo‘yicha o‘quv dasturi (5 – 11-sinflar, 1991, 2006), majmua (10-sinf, 1993, 1995, 1997), darslik (8-sinf, 2006, 2010, 2014, 2019), “O‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma” (8-sinf, 2006), “Odobnoma” darsligi (4-sinf, 2009), “Milliy g‘oya, mafkura, ma’naviyat” (2014) va “Milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari” (2015) qo‘llanmalarini tuzishga asos bo‘lgan.