Abdullaeva Sevara Alisherovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tijorat banklari to‘lov qobiliyatini mustahkamlash yo‘llari», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Iqt415.

Ilmiy rahbar: Omonov Akrom Abdinazarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bank-moliya akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.15.01.

Rasmiy opponentlar: Karimov Norboy G‘anievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Dodiev Fozil O‘tkirovich, iqtisodiyot fanlari  nomzodi.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: tijorat banklar to‘lov qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

tijorat banklari to‘lov qobiliyatini mustahkamlash uchun bank kapitalining tarkibida konversion kapital buferini shakllantirish zarurligi asoslangan;

banklarning to‘lov qobiliyati mustahkamligi ularning riskka tortilgan aktivlari sifatiga bevosita bog‘liq ekanligini hisobga olib, bank kreditlarini muddatli mablag‘lar hisobidan amalga oshirish taklifi ishlab chiqilgan;

banklarning to‘lov qobiliyati mustahkamligini ta’minlashda muammoli kreditlar bo‘yicha vujudga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash summasi amaldagi talabdan kam hollarda zaxira summalarini oshirish tavsiya etilgan;

banklarning xorijiy valyutalar bo‘yicha to‘lov qobiliyati mustahkamligini ta’minlash maqsadida ularning qimmatli qog‘ozlarini xalqaro fond birjalari listinglariga kiritilishi asoslab berilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Tijorat banklari to‘lov qobiliyatini mustahkamlash yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

tijorat banklarining Bazel` III andozalariga asosan moliyaviy va iqtisodiy tanglik davrlarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash maqsadida konservatsiya kapital buferini shakllantirish bo‘yicha taklif Markaziy bankning «Tijorat banklari kapitalining monandligiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida»gi (ro‘yxat raqami: 2693-son, 06.07.2015 y.) nizomning 34-moddasiga kiritilgan (Markaziy bankning 2017 yil 1 martdagi 17-22/28-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni amaliyotga joriy etish natijasida tijorat banklarining kapitali 2016 yilning 1 yanvaridan 2017 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan davr ichida 1,5 trln. so‘mga oshgan;

banklarda muddatli mablag‘larning riskka tortilgan aktivlarga nisbati juda past bo‘lganligini e’tiborga olib, ular o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan taklif Markaziy bankning «Tijorat banklarining likvidligini boshqarishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida»gi (ro‘yxat raqami: 2709-son, 13.08.2015 y.) nizomning  8-moddasida tatbiq etilgan (Markaziy bankning 2017 yil 1 martdagi 17-22/28-son va «Savdogar» bankning 2016 yil 6 dekabrdagi 06/3350-1-son ma’lumotnomalari). Buning natijasida 2016 yil 1 yanvaridan 2017 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan davr ichida tijorat banklarining likvid mablag‘lari 36 mlrd. so‘mga, «Savdogar» bankning muddatli depozitlari 20,0 mlrd. so‘mga ortgan;

banklarning riskli aktivlari bo‘yicha vujudga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash uchun ajratmalar me’yorlar bo‘yicha shakllantirilgan bo‘lsada, lekin haqiqatda yo‘qotishlar hajmi yuqori bo‘lishi ma’lum bo‘lsa, zaxira summalari shunga mos darajada shakllantirilishi lozim va ulardan foydalanishda bank Kengashi va Boshqaruvining mas’uliyatini oshirish lozimligi bo‘yicha taklifi Markaziy bankning «Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxira shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi (ro‘yxat raqami: 2696-son, 14.07.2015 y.) nizomning 37 va 49-moddalarida qo‘llanilgan (Markaziy bankning 2017 yil 1 martdagi 17-22/28-son ma’lumotnoma). Buning natijasida 2016 yilning 1 yanvaridan 2017 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan davr ichida tijorat banklari riskli aktivlarining ehtimoliy yo‘qotishlar bo‘yicha shakllantiradigan zaxiralari hajmi 15,4 mlrd. so‘mga oshgan. Bu esa banklarning to‘lov qobiliyati mustahkamligini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan;

tijorat banklarining xorijiy valyutalar bo‘yicha to‘lov qobiliyatini oshirish maqsadida ularni xalqaro fond birjalarining listinglariga kirish va qimmatli qog‘ozlarini xorijiy sub’ektlarga sotishga erishish haqidagi taklif «Savdogar» bankning amaliyotiga joriy etilgan («Savdogar» bankning 2016 yil 6 dekabrdagi 06/3350-1-son ma’lumotnomasi). Bu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida bankning xorijiy investorlarga sotilgan aksiyalari miqdori 2016 yilda 7,6 foizga oshgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish