Muradova Lyudmila Fatxiddinovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiyalash sharoitida tijorat banklari aktivlari daromadliligini oshirish yo‘llari», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Iqt421.

Ilmiy rahbar: Xodiev Baxodir Yunusovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.15.01.

Rasmiy opponentlar: Yuldashev Ravshan Zokirovich, iqtisodiyot fanlari doktori; Numanova Barno Muxitdinovna, iqtisodiyot fanlari nomzodi.

Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari aktivlari daromadliligini oshirishga qaratilgan ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

bank operatsiyalarining riskini hisobga oluvchi, daromadlilik yoki zararlilik darajasini ko‘rsatuvchi, bankdagi har bir biznes sub’ektining  riski va daromadini nisbiy baholovchi daromadlilik/zararlilik darajasini ifodalovchi moliyaviy mablag‘larning qiymati va bank aktivlarini bozorda shakllantirishning nisbiy baholovchi «qo‘llanilgan bozor stavkalari» (Market Equivalent Rate) uslubiyati ishlab chiqilgan;

banklararo instrumentlardan foydalanish amaliyotining keng rivojlanmaganligi sharoitida resurs bazasini kengaytirish va banklararo qarz bozorini jonlantirish uchun banklar aktiv va passivlarini sek`yuritizatsiyalash usullaridan foydalanish taklif etilgan;

tijorat bankining daromad keltiruvchi aktiv va passivlarini  vaqtinchalik nomuvofiqligini tahlil etish yo‘li bilan bankning aktiv va passivlarida davriy va qiymatli nomutanosiblik riskini kamaytirish mexanizmi ishlab chiqilgan;

daromadlilikni oshirishda risklarni aniqlash va baholash bo‘yicha vakolatli markazlarni tashkil etish orqali bank korporativ boshqaruvini takomillashtirish taklif etilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiyalash sharoitida tijorat banklari aktivlari daromadliligini oshirish yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

bank operatsiyalarining riskini hisobga oluvchi, daromadlilik yoki zararlilik darajasini ko‘rsatuvchi, bankdagi har bir biznes sub’ektining  riski va daromadini nisbiy baholovchi daromadlilik/zararlilik darajasini ifodalovchi moliyaviy mablag‘larning qiymati va bank aktivlarini bozorda shakllantirishning nisbiy baholovchi «qo‘llanilgan bozor stavkalari» (Market Equivalent Rate) uslubiyatini qo‘llash taklifi TIF Milliy banki foliyatiga joriy etilgan (TIF Milliy bankining 2017 yil 22 noyabrdagi AV-02/7498-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni joriy qilish natijasida 2017 yil davomida Milliy bank qarz jalb qilishning o‘rtacha qiymati 0,5 f.p.ga qisqardi, bu esa bankning joylashtiriladigan mablag‘lari nisbiy daromadliligini 1,5%ga oshishini ta’minladi (ATB «Infin» bankning 2017 yil 28 oktyabrdagi № 1-2/4401-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni ATB «Infin» bankda joriy qilish natijasida 2016-2017 yillar davomida bank tomonidan yuridik va jismoniy shaxslar mablag‘larini qarzga jalb qilishning o‘rtacha qiymati 0,3%ga qisqardi, bu esa bankning joylashtiriladigan mablag‘lari nisbiy daromadliligini 1,2%ga oshishini ta’minlagan;

banklararo instrumentlardan foydalanish amaliyotining keng rivojlanmaganligi sharoitida resurs bazasini kengaytirish va banklararo qarz bozorini jonlantirish uchun banklar aktiv va passivlarini sek`yuritizatsiyalash usullaridan foydalanish taklifi ATB «Infin» bank foliyatiga joriy etilgan (ATB «Infin» bankning 2017 yil 28 oktyabrdagi 1-2/4401-son ma’lumotnomasi). Makur taklifning qo‘llanilishi natijasida o‘zgaruvchan so‘ndirish stavkasi va foiz hisoblanishiga ega bo‘lgan banklararo depozit sertifikatlarining joriy qilinishi «Infin» bankka banklararo bozordan o‘rta muddatli (3 yilgacha) asosda nisbatan arzon (yillik 5% gacha) qarz mablag‘larini jalb qilish imkonini bergan;

tijorat bankining daromad keltiruvchi aktiv va passivlarini  vaqtinchalik nomuvofiqligini tahlil etish yo‘li bilan bankning aktiv va passivlarida davriy va qiymatli nomutanosiblik riskini kamaytirish mexanizmidan foydalanish taklifi ATB «Infin» bank foliyatida foydalanilgan (ATB «Infin» bankning 2017 yil 28 oktyabrdagi 1-2/4401-son ma’lumotnomasi). Riskni pasaytirish bo‘yicha bank mahsulotlari kompleksi (qisqa muddatli overnayt depozitlari)dan foydalanish natijasida bankning qisqa muddatli va o‘rta muddatli istiqbolida likvidlilik riski 32%ga pasaygan;

daromadlilikni oshirishda risklarni aniqlash va baholash bo‘yicha vakolatli markazlarni tashkil etish orqali bank korporativ boshqaruvini takomillashtirish taklifi ATB «Infin» bank foliyatida foydalanilgan (ATB «Infin» bankning 2017 yil 28 oktyabrdagi 1-2/4401-son ma’lumotnomasi). Natijada 2015-2017 yillarda bankning yig‘ma balansi 7%ga, bankning daromadi esa 9%ga o‘sgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish