Ernazarova Yorqinoy Ollaberganovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shaxs faoliyatida kasbiy va axloqiy madaniyat uyg‘unligi», 09.00.02–Ong, madaniyat va amaliyot shakllari falsafasi (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fal82.
Ilmiy rahbar: Nurmatova Mukaram Axmedovna, falsafa fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.G‘.01.05.
Rasmiy opponentlar: Saifnazarov Ismoil Saifnazarovich, falsafa fanlari doktori, professor; Tulenova Gulmira Jandarovna, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: shaxsda kasbiy va axloqiy madaniyatni uyg‘unlashtirishning milliy va umuminsoniy asoslarini madaniyat falsafasi kontekstida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarilish jarayonida kasbiy va axloqiy madaniyat uyg‘unligining antropogen, permanent, sinergetik, deterministik xususiyatlari ochib berilgan;
kasbiy va axloqiy madaniyat uyg‘unligiga negativ ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etishning ratsionalistik va praksiologik mexanizmlari ishlab chiqilgan;
shaxs faoliyatida kasbiy va axloqiy madaniyat integratsiyasini rivojlantiruvchi atributlar milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida takomillashtirilgan;
shaxsning mehnat bozori o‘zgaruvchan sharoitlariga moslashib borishini ta’minlovchi konseptual akmeologik texnologiyalarning innovatsion, differensial, yoshga oid, ijtimoiy va pedagogik ta’sir turlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Shaxs faoliyatida kasbiy va axloqiy madaniyat uyg‘unligi bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
shaxs faoliyatida kasbiy va axloqiy madaniyat integratsiyasini rivojlantiruvchi atributlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida takomillashtirishga oid ilmiy natijalardan «Axloqiy va estetik madaniyat» nomli o‘quv qo‘llanmaning (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2015 yil 21 avgustdagi 303-sonli buyrug‘iga asosan nashrga ruxsat etilgan) «Axloqiy va estetik madaniyat fanining predmeti, tadqiqot doirasi, maqsadi va vazifalari», «Axloqiy va estetik madaniyatning funksiyalari, xususiyatlari va tamoyillari», «Axloqiy va estetik madaniyatning turmush tarzida namoyon bo‘lishi», «Axloqiy-estetik madaniyatni shakllantirishning tarbiyaviy vositalari va yo‘llari» mavzularini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 12 martdagi 89-03-966-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar kasbiy va axloqiy madaniyat uyg‘unligini ta’minlovchi omillarning o‘ziga xos xususiyatlari, rivojlanish tamoyillari hamda uning shaxs kasbiy faoliyatiga ijobiy ta’sirini falsafiy mushohada qilish kabi masalalarni takomillashtirishga xizmat qilgan;
kasbiy va axloqiy madaniyat uyg‘unligiga negativ ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etishning ratsionalistik va praksiologik mexanizmlariga oid taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy universitetida olib borilgan A-1-161 raqamli «O‘zbekistonda zamonaviylashuv sharoitida oila va bolalarni himoya qilish tizimida ijtimoiy hamkorlik masalasi» mavzusidagi amaliy loyiha doirasida 2015–2017 yillarda chop etilgan «Istoriya i teoriya sotsial`noy raboti» nomli uslubiy qo‘llanmaning ikkinchi qismidagi «Professional`naya kompetentnost` v teorii i praktike sotsial`noy raboti», «Nravstvenno-gumanisticheskie istoki sotsial`noy raboti. Duxovno-nravstvennie trebovaniya k sotsial`nomu rabotniku» mavzularini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 12 martdagi 89-03-966-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning joriy etilishi ijtimoiy xodimlarda kasbiy va axloqiy madaniyat uyg‘unligini ta’minlashga, mehnatga hurmat, kasbga sadoqat, xushmuomalalikka chaqiruvchi hamda kasbiy madaniyatni rivojlantiruvchi odob-axloq qoidalarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida takomillashtirishga xizmat qilgan;
shaxsning mehnat bozori o‘zgaruvchan sharoitlariga moslashib borishida axloqiy va kasbiy madaniyat uyg‘unligini ta’minlovchi konseptual akmeologik texnologiyalar hamda rivojlantiruvchi atributlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida takomillashtirishga oid takliflardan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining fuqarolar yig‘ini xodimlari va faollar uchun «Yosh avlod tarbiyasida ota-onalar mas’uliyatini oshirish» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini tashkil etishda, Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida «Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari» mavzusida o‘tkazilgan o‘quv seminarlarida, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasida 2017 yilda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi»ning 2-yo‘nalish, 3-bandi «Oila-mahalla-ta’lim muassasasi» hamkorligini yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish ishlarida foydalanilgan (Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining 2018 yil 4 yanvardagi 02-01/02-son ma’lumotnomasi). Takliflarning amaliyotga joriy etilishi mahallalarda yoshlarni kasbga yo‘naltirishga oid ishlarning samarasini, shuningdek, tizim xodimlarining ishga bo‘lgan munosabati, shaxsiy javobgarligi va mas’uliyatini oshirishga hamda ularda kasbiy va axloqiy madaniyat uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qilgan;
O‘zbekistonda taraqqiyotning yangi bosqichga ko‘tarilish jarayonida kasbiy va axloqiy madaniyat uyg‘unligining xususiyatlari hamda konseptual akmeologik texnologiyalariga oid takliflardan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan «Yosh oilalar va qizlar» I Respublika forumi hamda «Men ham yetakchi bo‘laman!», «Kim nimaga qodir?» mavzusidagi kasb-hunar mahorat darslarini o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2017 yil 27 oktyabrdagi 03/1370-10-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar kadrlarni mehnat bozorining o‘zgaruvchan sharoitlariga moslashib borishini ta’minlashga, ularda kasbga doir axloq-odob me’yorlarini mustahkamlashga xizmat qilgan hamda yoshlarda innovatsiyaga moyillik, tashabbuskorlik kabi kasbiy madaniyat tamoyillarini shakllantirish imkonini bergan;
kasbiy va axloqiy madaniyat uyg‘unligiga negativ ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etishning ratsionalistik va praksiologik mexanizmlariga oid taklif va tavsiyalardan «Aniq, maqsadli yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash davr talabi» mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy tadbirda foydalanilgan (O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 2018 yil 12 yanvardagi 04-13/174-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning amaliyotda qo‘llanilishi kadrlarni maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirishga xizmat qilgan;
shaxsda axloqiy va kasbiy madaniyatni uyg‘un rivojlantirishning mexanizmlariga oid takliflardan «Milliy g‘oya va mafkuraviy tadqiqotlarni tashkil qilish» bo‘limida 2016–2017 yillarda amalga oshirilgan amaliy tadqiqotlar davlat grantlari loyihasi doirasida: A1-071 raqamli «Murakkab va tahlikali zamonning ma’naviy tahdidlariga qarshi mafkuraviy kurash vositalari kompleksini ishlab chiqish va joriy qilish» mavzusidagi davlat grantini amalga oshirishda, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishiga oid 275-bandida belgilangan «Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash, ularning ma’naviyati va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar»ni tashkil etishda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2017 yil 30 noyabrdagi 02/03-1196-son ma’lumotnomasi). Natijalarning amaliyotga joriy etilishi, kadrlarda topshiriq ijrosiga mas’uliyat bilan yondashish, jamoada axloqiy muhit barqarorligini ta’minlash, o‘zaro muloqot va muomalada axloqiy me’yorlarga amal qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga hamda vatanparvarlik, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik hissini oshirishga xizmat qilgan;
kasbiy va axloqiy madaniyat uyg‘unligini ta’minlovchi omillarning o‘ziga xos xususiyatlari hamda paradigmal tamoyillari hamda uning shaxs kasbiy faoliyatiga ijobiy ta’siriga doir takliflardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» telekanali tarkibidagi «Oilaviy» telekanalining «Oila mundarijasi», «Maktab va oila» tok-shoulari, shuningdek, «Oilaviy tong», «Ayol va zamon», «Oila sha’ni» ko‘rsatuvlari ssenariylarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradio-kompaniyasining 2017 yil 9 oktyabrdagi 39-39-1757-son ma’lumotnomasi) Takliflar ko‘rsatuvlarni mohiyatan boyitishga xizmat qilgan hamda mutaxassislarning kasbiy burchini bajarishga yordam beradigan ma’naviy sifat va fazilatlarni shakllantirish imkonini bergan.