Zaynidinov Olmos Irikovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Yon devorlari va tom qismi surilib echib olinadigan vagon kuzovi uchun texnik echimlarni tanlash va asoslash”, 05.08.05 – “Temir yo‘llarning harakatlanuvchi tarkibi, poezdlarni tortish va elektrlashtirish” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam V 2023.1.PhD/T3541
Ilmiy rahbar: Boronenko Yuriy Pavlovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti va Peterburg davlat temir yo‘llari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti, RhD.15/31.08.2022.T.73.02.
Rasmiy opponentlar: Xamidov Otabek Rustamovich, texnika fanlari doktori, dotsent; Tursunov Xurshid Maxmudovich, texnika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: mavsumiy o‘zgarishlar paytida vagonlarning turib qolish vaqtini qisqartirishga imkon beruvchi yon devorlari va tomi surilib echib olinadigan vagon kuzovi uchun ilmiy asoslangan texnik echimlarni ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
qabul qilingan konstruktiv echimlarning xususiyatlarini hisobga olish imkonini beruvchi echib olinadigan vagon kuzovini takomillashtirilgan chekli elementli modeli ishlab chiqilgan;
echib olinadigan vagon kuzovining asosiy yuk ko‘taruvchi elementlaridagi optimal qalinlikni asosli tanlash imkonini beruvchi kuchlarni hisobga olgan holda, kuchlanish-deformatsiya holatining geometrik o‘lchamlariga bog‘liqligi aniqlangan;
yuklarni ortish va tushirish jarayonini soddalashtirish va tezlashtirish, katta gabaritli va uzun o‘lchamli yuklarni yuklash imkonini beruvchi, yuk ko‘taruvchi elementlarining konstruktiv o‘zgarishlar va geometrik o‘lchamlari asosida yangi yon devorlari va tom qismi surilib echib olinadigan vagon kuzovi konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
fiting tayanchiga tayanadigan buralib suruluvchi richaglar asosida echib olinadigan kuzovni vagon ramasiga maxkamlash uchun yangi individual mexanizm ishlab chikilgan;
echib olinadigan va almashtiriladigan vagon kuzovlariga ta’sir etuvchi ekspluatatsion kuchlarni hisobga olgan holda turli xil konstruktiv xususiyatlari bilan ularning resursi va chidamliligini aniqlashga qaratilgan takomillashtirilgan uslubiyot ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Yon devorlari va tom qismi surilib echib olinadigan vagon kuzovi konstruksiyasining asosiy texnik echimlarni ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar asosida:
“Quyuv-mexanika zavodi” ShB ga (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining 2023-yil 13-martdagi 2/1557-sonli guvohnoma) yon devorlari va tom qismi surilib echib olinadigan vagon kuzovi konstruksiyasi loyihasi joriy etilgan. Natijada yangi avlod innovatsion yuk vagonlari turlari ko‘paytirilib, ulardan foydalanish samaradorligi so‘zsiz oshiriladi, bu esa O‘zbekiston Respublikasining mahalliy vagonsozlik korxonalarining raqobatbardoshligini ta’minlaydi. “O‘zbekiston temir yullari” AJ uchun zarur bo‘lgan yuk vagonlari parkini optimallashtirish hisobiga kutilayotgan iqtisodiy samaradorligi 320 million so‘mni tashkil etgan;
ishlab chiqilgan individual mexanizmning loyihasi “Quyuv-mexanika zavodi” ShK ga (O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligining 2023-yil 13-martdagi 2/1557-sonli guvohnoma) echib olinadigan vagon kuzovlari konstruksiyalari uchun joriy etildi. Natijada, yuqori tezlikda va og‘ir iqlim sharoitida echib olinadigan vagon kuzovlari bilan yuklarni tashish xavfsizligi oshirilgan.
“Quyuv-mexanika zavodi” ShK ga (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining 2023-yil 13-martdagi 2/1557-sonli guvohnoma) echib olinadigan vagon kuzovlari va almashtiriladigan kuzovlar uchun resurs muddatini tekshirishga mo‘ljallangan takomillashtirilgan uslubiyot joriy etildi. Natijada, maxsus mo‘ljallangan stend yordamida echib olinadigan vagon kuzovlari va almashtiriladigan kuzovlarni resursini aniqlash imkonini yaratadi, bu esa sinov paytida vertikal yo‘nalishda konstruksiyani davriy sinash imkonini bergan.